O'yindan chiqqan o't

Navbatdagi bekatdan ko'zi bog'langan bolasini yetaklagan ayol yonimdagi bo'sh joyga kelib o'tirdi.

Bir qarashda bolasini avaylayotganligini payqash qiyin emas. Yosh bolakay bog'langan ko'zi ustiga qo'lini qo'yib bezovtalanardi.

— Singlim, o'g'lingizning ko'ziga nima qildi, — deb so'radim.

— E-e, aka, siz so'ramang, men aytmayin, — ona bechora dardini yoydi. — Bir yildan buyon shu ahvol. O'tgan yili xuddi shu kunlarda o'rtog'ining qo'lidan “paqildog'i”ni olib, otmoqchi bo'lgan. Noto'g'ri ushlaganmi, har qalay paqildoq otilib, ichidagi olov ko'ziga tekkan.

Shundan so'ng shifokorlar bolaning ko'zini operatsiya qilishibdi. Biroq ko'z qorachig'iga jiddiy ziyon yetgan ekan, jarrohlik yo'li bilan olib tashlashibdi. Ota-onasi ayrim shifokorlarning maslahati bilan bolaga sun'iy qorachig' qo'ydirishibdi. Afsuski, sun'iy qorachig' bolaning salomatligiga to'g'ri kelmasdan ko'zi shisha bosh­labdi. Yana jarrohlik stoliga yotqizilgan bolaning ko'zi qayta operatsiya qilinganligini va shundan so'ng ham bolaning ko'zida kuchli shish va qattiq og'riq to'xtamayotganligini onaizor ko'zida yosh bilan gapirib berdi.

Shifokorlar endi bolaning ko'zi mutlaqo ko'rmaydi, degan xulosaga kelishibdi. Bechora ayol shifoxonadan o'g'ilchasini olib qaytayotgan ekan. 8-9 yoshli bolaning ahvolini ko'rib, diydasi qattiqlarning ham ko'ziga yosh keladi.

Yangi yil yaqinlashayotgan, “paqildoq”lar, “paq-paq”lar mav­sumi quloqni qomatga keltiradigan vaqt ostonamizda turibdi. Har yili xorijdan noqonuniy keltirilgan pirotexnik vositalaridan foydalanish oqibatida qanchadan-qancha bolalar jabr ko'rishadi. Qo'li, yuzi kuygan, ko'zi shikastlanganlar soni ham ko'payadi. Har safar shu davr pirotexnika vositalarining mamlakatimizga noqonuniy olib kirilishiga qarshi idoralar, bojxonachilar tomonidan maxsus nazorat tadbirlari tashkil etiladi. Shunga qaramasdan qandaydir yashirin yo'llar orqali bu halokatli va falokatli “o'yinchoq”lar hamon keltirilmoqda.

— Ishonasizmi, bizning Samarqand shahridagi yangi Qorasuv massivida allaqachon “paqildoq”lar “ishga tushib” ketgan, — deydi tanishlarimdan biri. — Ayniqsa, kechki payt kattalarning tinchligi, bolalarning uyqusi buzilmoqda.

Bundan bir necha yil muqaddam homilador qo'shni ayolning oyog'i tagiga otib yuborilgan paqildoqning dahshatli shovqini uni og'ir ahvolga solib qo'yganligi xayolimga keldi. Bechora ayolga ona bo'lish baxti nasib qilmadi. Ko'ngilsizliklarning oxiri shulardangina iborat emas. Negaki, “paqildoq”lar paqillashi yana eshitila boshladi. Endi qaysi bechoraning boshiga falokat yog'ilarkan, deb kutib o'tirish yaramaydi. Bu bemazagarchilikka butun jamoatchilik qarshi kurashmog'i kerak. Birinchi navbatda ana shunday “paq-paq”larni hech kim sotib olmasa, ularning o'z-o'zidan bozori kasod bo'ladi-ku!

Ochig'i, bunday falokatlarning sababchisi o'zimiz. Bolamizni erkalatib, noqonuniy olib sotarlardan “paqildoq” sotib olayotganimizda uning oqibatini o'ylamaymiz. Balki, “paqildoq” sotuvchilarga qo'llanilayotgan jazo choralarini xaridorlarga ham, uni ishlatayotgan bolalarning ota-onalariga ham keng joriy etish zarurdir?

Quvondiq XALILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + eighteen =