Hazildan… o't chiqdimi?

Poytaxtimizda metro bekatlaridan biriga kirishdagi nazorat o'tkazish joyida nazoratchilarga sumkasida bomba borligini aytib hazillashgan qiz 5 sutkaga qamalgani haqidagi xabar ko'pchilik yurtdoshlarimizda turli bahsmunozaralarga sabab bo'ldi. Ko'rilgan jazoga ham e'tirozlar oz emas. Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan yuzlab munosabatlardan shuni bilish mumkin. Men ham ko'pgina e'tirozlarda jon bor deb o'ylayman. Negaki, o'zim ham metro xizmatidan ko'p foydalanganligim bois metroga kirishdagi tekshiruvlarni juda yaxshi bilaman va ko'p hollarda faqatxo'jako'rsinga tekshiriladi, deb hisoblayman.

Kuzatgan bo'lsangiz, metro nazoratchilari kirayotganlarning faqatgina sumkasini tekshirishadi? Ishlab-ishlamay qoladigan qo'ldagi mobil tekshiruv qurilmasini odamlarning sumkasiga nomigagina tekkizib qo'­yishadi, xolos. Axir, portlovchi modda Xudo ko'rsatmasinku-ya faqat sumkada bo'ladimi? Bu manziliga shoshayotgan odamlarning quruq vaqtini olishdan boshqa narsa emas. Demak, hazillashganmi, jahl ustida aytganmi, yuqoridagi jazoga tortilgan qizga bunday chora qo'llanilmasligi kerak edi. Keyin…hazil-mutoyibaga moyil elmiz. O'sha qiz ham, shunaqa odamning farzandi bo'lgani uchun ehtimol, nazoratchilarni o'ziga yaqin olib, hazilga jur'at qilgan bo'lsa, qayta tekshiruvdan o'tkazish, shunchaki tanbeh bilan kifoyalanish lozim emasmidi?

Mana, qizning jazoga tortilgani haqidagi xabar, metro bekatlaridagi nazoratchilar bilan hazillashmang, degan gapga ishora ekanligidan butun dunyo xabardor bo'ldi. Metroga kirayotgan odamlarni tekshirish shunchalik shart va zarur ekan, nazoratni risoladagidek tashkil etish kerak emasmi?

Umuman, biz qaysi asrda yashayapmiz o'zi?! Ba'zi bir davlatlardagidek, uch-to'rt qavatli metro yo'nalishlariga ega emasmiz. Ammo nazorat kerak, to'g'ri. Lekin nazorat uchun metropolitenga kattakon bo'lganlar bugun huddi aeroportlardagidek yo'lakli nazorat eshiklarini, yuk tekshiradigan skanerli maxsus uskunalarni xarid qilishi, el uchun o'rnatishi mumkin emasmi? Axir bunday jihozlar bugun ayrim idoralarda ham o'rnatilgan-ku!

Ochig'ini aytganda, yurtimizda transport tizimi faoliyatini yanada jonlantirish, yangi imkoniyatlarni ishga solish vaqti yetdi. Yo'lovchilarga xizmat ko'rsatish sifatini boshqa tarmoqlarda ham oshirish kerak. Aytaylik, viloyatlarga qatnayotgan yo'lovchi poezdlarning vagonlari xuddi shaldiroq aravaga o'xshaydi.

Mayli, bu alohida mavzu.

Umid qilamizki, odamlarning fikrlarini inobatga olib, o'ylamay gapirgan (biz metro nazoratchilarini qo'rqitib yuborgan yo'lovchi qizning gapini aslo oqlamoqchi emasmiz) yuqoridagi qizning jazosini yengillashtirish, balki belgilangan tartibda jarimaga tortilganining o'zi yetmasmidi? Yana talaba qiz ekan. Chunki qamoq bilan, garchi qamoq besh kunlikmi, besh yillikmi, insonni tarbiyalashda katta maktab ekanligini hozircha eshitganimiz yo'q…

Umuman bitta gapni o'ylamay gapirib yuborgan yurtdoshimizni shu darajada “xavfsizlikka tahdid” deb hisoblash, mamlakatimizgagina emas, balki butun dunyo­­ga shov-shuv qilish kerakmidi?

Bir kinoda “yomonam xavfli dushmanni” ushladik-da deb, bir quyonchani qo'lga olishadi. Chunki shalpangquloq quyon sabzi­poyani rosa payhon qilayotgan bo'ladi-da.

Xudoga shukur, yurtimiz tinch. Dunyo bo'ylab sayyohlarni chorlab turibmiz. Endi shunday vaziyatda bitta gapga shuncha g'alva sal ortiqcharoqqa o'xshab qoldi.

Kamoliddin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − twenty =