Mas'uliyat faqat mas'ullarga (mi?)

Millat yaralibdiki, ona tilida so'zlaydi, ijod qiladi, uning qadr-qimmatini ulug'lashga, jahonaro keng targ'ib qilishga harakat qiladi. Har bir inson o'z ona tilining imkoniyatlaridan unumli foydalanishga, uning jozibasini, ohanrabosini boshqa tillardan kam ko'rmaydi. Hazrat Navoiy turkiy til imkoniyatlarini boshqa tillardan kam emasligini o'z ijodida butun dunyoga namoyon qilgan. Bugun biz ham ona tilimiz, uning qo'llanilish imkoniyatlari, yozilish tartibiga amal qilyapmizmi?

Tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 30 yildan oshiq vaqt o'tdi. Shu vaqt mobaynida til – uning inson va jamiyat hayotidagi o'rni, millat mavjudligining asosiy ko'rinishi sifatida ko'plab qaror, farmon, OAV larida ko'plab maqolalar chop etildi, ko'rsatuvlar, eshittirishlar tayyorlandi.

Bugun biz ona tilimizga nisbatan juda kam e'tibor qilib, boshqa tillardan foydalanish go'yoki “zamonaviylik”ni, “ziyolilik”ni bildiradi degan tasavvurga ega bo'lib qoldik nazarimda. Har bir narsa yuzasidan (ayniqsa bu milliy, ma'naviy meros, qadriyat masalalari bilan bog'liq bo'lsa) qonun qabul qilinishi, jamiyat hayotida milliy-ma'naviy merosning qadriyatlarning qashshoqlashuvidan, yo'qolib borayotganligidan dalolat. Aslida bizning xalqimiz, millatimizga xos bo'lgan mentalitetimizda, azaliy qadriyatlarda yozilgan qonunlar emas, yozilmagan ma'naviy, axloqiy xislatlar birlamchi o'rinda turgan.

Bu o'rinda Prezident tomonidan imzolangan yangi qabul qilingan va shu yilning 9 sentyabridan kuchga kirgan “Reklama to'g'risida”gi qonunni misol tariqasida ko'rsatishimiz mumkin. Hujjat bilan reklama tiliga, shuningdek, uning mazmunini boshqa tillarga tarjima qilishga nisbatan yangi talablar belgilab berildi. Avvalgi “Reklama to'g'risida”gi qonun 30 moddadan iborat bo'lgan bo'lsa, yangi qonun 53 moddadan iborat.

Avvalgi qonunning 5-moddasida O'zbekis­ton Respublikasi hududida reklama O'zbekis­ton Respublikasining davlat tilida yoki rek­lama beruvchining xohishiga ko'ra boshqa tillarda tarqatiladi. Belgilangan tartibda ro'yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko'rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo'g'inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo'lsa, shu tilda keltirilishi mumkin, — deb belgilangan edi. Yangi tahrirdagi qonunning 6-moddasida reklama O'zbekiston hududida davlat tilida tarqatiladi (ayrim holatlar bundan mustasno), — deb belgilangan. Bu jamiyat hayotida tilga e'tiborsizlik yanada kuchayganligidan dalolat nazarimda.

Bugun ko'cha-ko'yda, turli bino va yo'l chetidagi afishalarda, bannerlarda, rek­lama roliklarini o'zbek tilida emas asosan rus, ingliz va yoki boshqa tillarda berilishi tilimizga nisbatan bizning munosabatimizni ifoda etib turibdi.

Buni biz Sirdaryo viloyati Guliston shahrining Markaziy ko'chalarida “VIP studio”, “MANGO BURGER”, “FAMILY SHOP”, “SPORT ZONA 13”, “Klassniy – Kolbasniy”, “BEAUTY SALON”, “MAJOR BUTIK”, “FRIENDS”, “VODKA”, “Creative” , “BARBER SHOP” kabilarda ko'rishimiz mumkin.

Yuqorida aytib o'tilgan holatlar tilimizga e'tiborning oddiy ko'rinishi bo'lsada, uni har kuni minglab odamlar ko'radi. Ular ham tashkilot, korxona va yoki joy nomlari boshqa tillarda “jimjimador” bo'lar ekan, degan xulosaga kelishi tabiiydir.

Shu sababdan bugungi kunda bu kabi holatlarga chek qo'yishni yangi, yanada kengroq qonun bilan belgilagan ekanmiz, nafaqat reklama sohasida, balki barcha jabhalarda ham ona tilimizga hurmat tuyg'usini shakllantirishni mas'ullar zimmasiga yuklamasdan, har birimiz bunga o'zimiz mas'ulmiz, deb harakat qilsak maqsadga muvofiq bo'lardi.

Bahrom BOYMURODOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + twelve =