Xol

Ilhom AHROR

 

Xol

(Hikoya)

To'rt talaba —   og'aynining ikkitasi ayol oyog'ining tirnog'idan tortib, sochining har tolasigacha muhokama qilishardi. Ular suhbatini tinglashdan nariga o'tmagan Rustam o'rtog'i Anvar bilan tamomila boshqa mavzuda gaplashib o'tirar, qulog'iga chalinayotgan behayo so'zlar qaldirg'ochning uyini buzgan boladay noxush taassurot uyg'otardi unda.

— Er yigitning uyalgani – o'lgani, degan gap bor, — dedi Sobit bir vaqtda ko'zi bilan Anvarga ishora qilib, —   g'ururi bo'lgan odam birovning sarqitiga uylanadimi?

Anvar o'sha paytlari yangi uylangan, davradagilarning bari uning to'yida bo'lishgan, o'ynab-kulishgan. U o'ziga qilingan shamani his qildimi yo ko'zi bilan o'zini ko'rsatganini ko'rib qoldimi, avzoi buzildi. Sobitdan ogohlantiruvchi ohangda so'radi:

— Sen meni nazarda tutyapsanmi?

— Biz sinfdoshlarmiz, bolalikdan o'rtoqmiz, — ko'p ichib qo'ygan bo'lsa ham aytgan gapi zalvoridan qo'rqib qolganini sezdirdi Sobit. — Uylanishdek nozik masalada, bir-birimizga maslahat solishimiz kerak, demoqchi edim…

Anvar hozirgina o'zi olma archgan pichoqni dasturxon ustidan olib, o'rnidan turdi. Boshqalarning “hoy-hoy”lashiga qaramay, Sobitning orqa tomoniga o'tib, qo'yni yotqizgan qassobdek uning sochidan ushlagancha boshini tizzasi orasiga oldi, pichoq tirab o'dag'ayladi:

— Hozirning o'zida xotinim kimning sarqiti ekanligini isbotlab bermasang, so'yib tashlayman!

— Men… sen…   noto'g'ri tushunding… – g'o'ldirab qoldi Sobit.

— Gapir, joningdan umiding bo'lsa, gapir!

— Zaynabning   tizzasidan yuqorida xoli bor. Buni menga Halim aytgan. Bu yog'ini o'zing bilib olaver…

Anvar uni qo'yib yubordi. Jahl bilan xonani tark etdi. Bir muddat davrada shunday sukunat hukm surgan ediki, Rus­tam haligacha bu jimlik qo'ynidagi razolatni esidan chiqarolmaydi.

— Ortidan borishimiz kerak, — jimlikni buzdi Rustam. — Zaynabga bir nima qilib qo'ysa nima bo'ladi! Yaxshiyam Halim armiyada. Turinglar, axir, nimaga angrayib qoldilaring?!

— Sen ichgan aroqni boshqalar ham ichdi, — dedi A'lam Sobitga nafrat bilan, — o'ylab gapirsang o'lasanmi? Nima qilasan birovning nafsoniyatiga tegib?!

— Nima ham kelardi qo'lidan? —   qo'lini boshigacha ko'tarib, bepisandlarcha pastga tushirdi Sobit. — Zaynabning akalari yeb qo'yadi-ku uni. Unda g'urur yo'q, jur'at qilolmaydi bunga?!

— G'urur, g'urur deysan? – Baqirdi Rus­tam. — O'zingda bormi? G'ururlimisan sen? Zaynabni o'zing ham yaxshi ko'rarding. A'lam ham, men ham yoqtirardik uni. Sinfimizdagi barcha bolalar unday qizni orzu qilardi. Sen, ahmoq, haqorat qilib turibsan uni! Anvarning o'rnida bo'lsam, shu gaping uchun seni ayab o'tirmasdim. Bo'g'izlab tashlardim. – U A'lamga yuzlandi, — bu iflos kechqurun sizlarnikida yotsin. Kim biladi? Anvar Zaynab bilan gaplashgach, uni yana izlab keladimi?

— Jo'rajon, Anvarga tushuntir, mastlikda aytdi-da, degin, — Rustamning gapi ko'ngliga g'ulg'ula soldimi   yalinishga o'tdi Sobit. — Aslida ham bu noto'g'ri gap edi. Halim uning xolini bolalikda – birga o'ynab yurishganda ko'rgan. Zay­nab ulg'ayib, behad go'zal bo'lib ketgandan keyin, ayniqsa, Anvarni tanlagandan so'ng menga alam ustida aytgan. Keyin shunchaki maqtanganini tan olgan. Men… men … gapimni shu qadar ham ko'ngliga oladi deb o'ylamagandim.

— Iflos! – tutoqib ketdi A'lam. – O'zi seni chavaqlab tashlashi kerak edi.

Rustam xonadan eshikni taraqlatib yopgancha chiqdi. To'g'ri Anvarnikiga yo'l oldi. Ularning ko'chasiga kirishi bilan qarshi tomondan “Tez yordam” mashinasi kelib, shundoq yonidan shamolday o'tib ketdi.

— Kechikkanga o'xshayman, — o'ylarkan qadamini tezlatdi Rustam.

Manzilga yetib qarasa, Anvarlarnikida allaqachon odam   to'plangan, militsiya ham yetib kelgan edi. Mashinaning orqa o'rindig'ida ikki nozir orasida o'tirgan Anvarning unga ko'zi tushdi. Go'yo bu gapdan Rustam ham xabardor bo'lganu unga hech narsa demay yurganday undan yuzini burdi. U Anvarni olib ketgan mashina ortidan nimadir demoqchi bo'lib yugursa-da, sinfdoshi unga boshqa qaramadi. Balki, qaray olmagandir?!

Oradan ikki yillar vaqt o'tmay qamoqxonadan Anvarning jasadini olib kelishdi. U ham Zaynab yotgan qabris­tonga ko'mildi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 4 =