Manziliga kechikkan xatlar

24 YIL O'TGACh…

Asli Qamashining Do'stberdi qishlog'ida tug'ilib, G'afur G'ulomdek atoqli adib ocherki qahramoniga aylangan oddiy cho'pon yigitning oradan yillar o'tib el orasida Nodir komandir deya nom qozonishi o'tgan asrning 30-yillari o'rtalarida katta voqea bo'lgan, albatta…

Ammo, ming afsuski, oddiy xalq orasidan chiqqan mard va halol bu inson ham 1937 yilda mash'um qatag'on shamoliga duchor bo'ldi. U Fayzulla Xo'jayev va Akmal Ikromovlarning izdoshi deb, Qarshi shahridagi turmaga tashlandi va mislsiz qiynoqlar iskanjasida jon berdi.

Garchi Nodir Pardayev ishida jinoyat alomatlari yo'qligi sababli, 1938 yildayoq oqlangan bo'lsa-da, uning aybsizligi haqidagi xat oradan naq 24 yil o'tib, ya'ni 1962 yilning 11 dekabrida uning oilasiga yetib kelgan…

Ha, bir varaq jonsiz qog'ozdagi xabar eng avvalo uning mushfiq ayoli va ota diydoriga to'ymagan o'g'il va qizlari yuragidagi dardga malham bo'lolmasdi, albatta.

Netongki, bu sho'rolar saltanatining inson taqdiriga nisbatan befarqligi va zolimligi deb o'zimizni ovutamiz, ko'nglimizga taskin beramiz…

QILMAGAN AYBI UChUN…

Yaqinda internet tarmog'ida chiqqan bir xabar, rosti, hafsalamni pir qildi. Viloyatlardan biridagi savdo do'koniga o'g'rilikka tushishda ayblangan yigit uch yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Oradan bir qancha vaqt o'tgach, mahbusning aybsizligi isbotlanib, u oqlanadi. Lekin uning oqlanganligi, aybsiz ekanligi haqidagi xat na oilasiga, na uning o'ziga yuborilgan. Oqibatda aybsiz aybdor bo'lgan yigit yana 207 kun, ya'ni sakkiz oy qamoqxonada saqlangan va ishda yo'l qo'ygan befarqligi uchun ikki-uch mas'ullarga hayfsan berilganligi bayon etilgan…

Inson taqdiriga nisbatan bunday befarqlik ko'nglingizda qanday ishtiboh, g'alayon uyg'otdi? Shu begunoh mahkumning o'rnida men yoki siz, yoxud farzandlarimiz, yaqinlarimiz bo'lsa, nima qilardik?..

Ulug' shoir Abdulla Oripov bekorga: “Inson qalbi bilan hazillashmang siz” — deya yozmagan edi…

XORIJDAN KELGAN MAKTUB

Pirmamat Choriyev harbiy xizmatdan uyiga qaytishiga bir necha oy qolganida Ikkinchi jahon urushi boshlanib qoladi. Qaqshatqich janglarning birida og'ir yarador bo'lib, asirga tushadi. Mahbuslikda ne-ne azob-uqubatlarni boshidan o'tkazadi. Urush tugagach Pirmamat aka taqdir taqozosi bilan Turkiyada qo'nim topdi. Rahmdil kishilar ko'magida o'ziga yarasha ish topdi, uylandi. Qizli, o'g'illi bo'ldi. Biroq baribir yurt sog'inchi uni tinch qo'ymadi. U kindik qoni tomgan eliga maktub yozdi.

Konvertga esa: “O'zbekiston davlati, Buxoro viloyati, Chiroqchi tumani, Qoratepa ovuli, Sanchiqul qishlog'i, Chori Berdi o'g'liga” deb yozilgan edi. Xat egasini topguncha naq olti oy Qamashi va Chiroqchidagi qancha qishloqlarga borib qaytdi. Hatto Sanchiqul qishlog'i pochtasiga ham uch bora kelib ketdi. Hech kim bu ajnabiy alifboda bitilgan xatga e'tibor qaratmadi (xat lotin alifbosida yozilgan edi). Nihoyat, kunlarning birida Chimqo'rg'on qishlog'iga borgan urush qatnashchisi Nurmamat Qurbonovning qo'liga xat tushdi-yu, u konvertdagi manzilni o'qib, qiyqirib yubordi.

— Axir bu Choriyev Surmanning akasi Pirmamat akadan-ku! Bechora urushda dom-daraksiz ketgandi.

Oxiri xat egasini topdi. Pirmamat akaning otasi allaqachon olamdan o'tgan bo'lsa-da, biroq uning ikki ukasi va singillari bor edi.

1975 yilning yozida Pirmamat aka qizi Yasamin bilan O'zbekistonga keldi.

U 36 yildan so'ng ona zaminiga qadam bosdi.

QARShI BILAN BEShKENT ORASI…

Kunlarning birida ijodkor ukamiz qiziq bir voqeani so'zlab berdi.

— Qatorasiga to'rt qizdan keyin o'g'il ko'rgan tanishim bosar-tusarini bilmay, chaqaloqning chillasi chiqqach, to'y kunini belgilab, qishloqdagi sobiq sinfdoshi To'lqinga: “Hamma sinfdoshlarni boshlab kel” deya telegramma jo'natdi (u paytlarda hozirgidek mobil telefonlar yo'q edi). To'y kuni hamma aytilganlar keldi, biroq sinfdoshlarning birortasi ko'rinmadi. Bundan xafa bo'lgan to'y egasi oradan bir oy o'tib, sinfdoshi To'lqinni bozorda uchratib, to'yga kelmagani sababini so'radi. Do'sti cho'ntagidan telegrammani chiqarib ko'rsatdi. Vo darig', tezkor chaqiruv xati manzilga naq 15 kun kechikib yetib borgan ekan. Holbuki, Qarshi bilan Beshkent orasi 13 chaqirim edi, xolos…

BIZDA HAM...

Dunyoning eng korrupsiyadan xoli davlatlaridan biri hisoblangan Singapurda xizmat vazifasini o'tash jarayonida qo'pol xatolarga yo'l qo'ygan davlat xizmatchilari va hatto politsiyachi, tergovchi, prokuror va sudyalar ishdan bo'shatilishi bilan birga pensiya olish huquqidan ham mahrum qilinar ekan.

Balki bizda ham…

Zimmasidagi ishiga sovuqqonlik bilan qarash, befarqlik kabi salbiy holatlar qanchalik kamaysa, jamiyatimizda qonun ustuvorligi yanada oshgan bo'lardi, albatta.

O'rolboy QOBIL

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + eleven =