Uddaburon yo'lovchi

Piyoda ketayotganingizda “mana bu pulimni mayda pulga almashtirib bering?” deydigan kishilarga onda-sonda duch kelib qolasiz. Ochig'ini aytish kerak taksidan tushganimizda yoki do'kondagi sotuvchiga kamroq to'lov qilish kerak bo'lib qolganda o'zimiz ham bunday holga bir-ikki bor, balki undan ham ko'p marta tushganmiz. Buni hech qanday zarari, yomon tomoni yo'q deb o'ylaymiz. Chindan ham, kimgadir bu borada yordam bersangiz hech nimangiz kamayib qolmaydi. Qaytanga g'alvayib turgan, besaranjom pullaringiz butlanib, tartibga keltirishingiz oson bo'ladi.

 

O'zim guvoh bo'lgan bir voqeaga duch kelmagunimcha men ham shunday o'ylardim, deydi bir kirakash. Keling, yaxshisi, hammasini uning o'zidan eshiting:

… Toshkentdan vodiyga qaytayotganimda yo'l-yo'lakay mashinaga bir yo'lovchi chiqdi va uncha uzoq bo'lmagan joyda tushib qolishini aytdi. Tun payti bo'lgani uchun qandaydir ishdan charchab chiqib, shu qisqa masofani ham piyoda bosib o'tishga erinchoqlik qilgan bo'lsa kerak degan xayol bilan ketaverdim. Mashinaga chiqqan o'sha yo'lovchi ham bir og'iz lom-lim demasdan, indamay borardi. Buni qarang-ki, u men o'ylaganimdan ham yaqinroq joyda tushib qoldi. Uzog'i bilan bir, nari borsa yarim bekatchalik masofani bosib o'tdik, xolos. Yo'l haqi qancha bo'lishini so'raganda esa ko'ngildan chiqarib, o'zi istaganicha beraverishini aytdim.

— 10 ming so'm bo'ladimi?

— Mayli, beraqoling.

Kissasini biroz kovlashtirib, o'ng'aysizlangan bo'ldi-yu, 100 ming so'mlik chiqarib berdi. Aytilgan miqdordagi pulni olib, qolganini qaytardim. Manzilimga yetib borib, uyga kirgunimga qadar oziq-ovqat do'konidan ul-bul, mayda-chuyda olish uchun to'xtab o'tdim. To'lov uchun esa o'sha yo'lovchidan olgan 100 ming so'mlik pulni berar ekanman sotuvchi bu pulning qalbaki ekanligini aytdi. Yonimda turgan boshqa xaridorlar oldida juda g'alati bo'ldim. O'zimcha bo'lib o'tgan voqeani tushuntirmoqchi ham bo'ldim. Bilmadim qaysilari ishondi-yu, qaysilari ishonmadi. Xullas-kalom ming xijolat bilan do'kondan chiqarkanman turli xayollarga bordim. Balki, bu pulni bergan yo'lovchi yigitni ham aldashgandir, balki sotuvchi adashgandir. Pul soxta bo'lmasa-chi?

Shu bilan ertasi kuni bankdan tekshirtirdim. Sotuvchining so'zlari to'g'ri bo'lib chiqdi. Na iloj boshga tushganni ko'z ko'rar. O'sha kuni kechki payt o'rtoqlarim bilan choyxonada bu vo­qeani muhokama qilarkanmiz, Toshkent-Farg'ona yo'nalishi bo'yicha qatnaydigan haydovchi do'stlarim ichidan Alimardon ham shunday chuv tushganligini aytdi. Eng qizig'i yo'lovchi yigitning yuzini hech kim ko'rmagan. Negaki u tungi vaqtlardagina mana shunday “ov”ga chiqishni odat qilgan ekan.

Uning uddaburonligini qarangki, soxta pullarni do'konlarga o'tkazmagan. Sababi, soliq idoralari orqali bu pullar tez fursatda bankka yetib borib qalbaki ekanligi aniqlanishi mumkin. Qolaversa, hozirgi vaqtda deyarli hamma savdo shoxobchalariga videokameralar o'rnatilgan. Boshqa odamlar orqali muomalaga chiqarib yuborish esa nisbatan xavfsizroq…

Bordi-yu, sizga ham qaysidir yo'nalishda shunday “yirik pulli” yo'lovchi uchrab qolsa, xush­yorroq bo'ling!

Kamolidin RO'ZIMATOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 6 =