Iztirob (O'zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova xotirasi)

Bu yil qish qattiq keldi. Ayozi ayriliqqa, sovug'i sog'inchga aylangandek. Qushlarga qo'shilib yaproqlari tashlab ketgan daraxtlar yovvoyi izg'iringa yengilmasaydi… Ko'zimizni bosgan yog' kabi qalin tortgan muzparchalar ertaga yana sharqiroq “obi hayot”ga aylanarmikin…

Kecha jonimning chashmasini ko'ksimdan yulib, tuproqqa qo'ydim. Ko'zimning gavharini naxanglar yutgani rost. Ma'naviy volidamni bag'riga bosgan tuproqning rangi yuzimga ko'chgandek.

Ustoz, bundan 17 yil avval qo'limdan yetaklab ulug' shoir Abdulla Oripovning yoniga olib borganingiz, g'o'ra she'rlarimning poytaxtdagi gazetalar tahririyatiga tarqatib chiqqanlaringiz esimda. Siz menga so'zning qudratini anglatdingiz. Hayot va ijod maktabida mudarrislik qildingiz. Zomin seminarining ochilish marosimida so'zga chiqishim uchun ko'plar bilan kurashgan edingiz. Bu kabi shogirdlar istiqboli uchun murosasizligingiz hamma ijodkor do'stlarimning xotira kitobida bor.

Otam olamdan o'tganda chaqalog'imni bag'rimga bosgancha ko'zim qonga to'lib ostonangizga keldim. Boshimdan sidirilgan qora ro'molimni peshonamga tortdingiz. “Otang o'tgan bo'lsa, ustozing hali tirik”, deya yuzlanganingizda qo'llaringiz yelkamda edi.

Ijod, uy-joy, yaxshi kasb… bari topganlarimning poydevori sizning bag'rikengligingizdan yuksalganiga iqrorman. Men ham farzandlaringizdan-da ko'proq sizning mehringiz, g'amxo'rligingizdan bahramand bo'lgan shogirdlaringizdanman. Kamina kabi qo'lingizdan don yeb, ko'kka uchgan yuzlab shogirdlaringizning bugun o'pkasi zardobga to'lgan.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning “Siz millat onalarining timsolisiz”, deya ijodingizga katta baho berganlari bejiz emas. Ayol boshingiz bilan umr yo'ldoshlik mas'uliyati, besh farzandning tarbiyasi, oila tashvishlari, rahbarlik zahmatidan ortib ijod mashaqqatiga sabr, matonat topganingiz bizga katta maktab edi.

Har yili adabiyotni xalqimiz qalbiga yanada yaqinlashtirish, ma'naviy sarchashmalarimizni ulug'lash maqsadida o'nlab ustoz shoirlarning yubileylarini o'tkazish uchun yelib-­yugurardingiz, amaldorlarning holi joniga qo'ymay adabiy izdixomlarga mualliflik qilardingizu, lekin o'zingizga kelganda hatto tavallud kuningiz haqida ijtimoiy tarmoqlarda yoritmoqchi bo'lsak ham, rozilik bermasdingiz. Biror marta yoningizga qaysi masalada bo'lmasin yordam so'rab kelganlarning noumid qaytganini ko'rmadik. Yaqinda ijodkorlardan birining bemorligini bilib, tezlik bilan shifoxonaga joyladingiz. Davolanishi uchun moddiy ko'mak so'rab, bir amaldorga qancha iltimos qilganingiz, tinmay yo'qlab turganingizni bilamiz. Bunday savobli amallaringiz haqida uzoq so'z aytishimiz mumkin. Ayonki, o'zi yoki farzandi uchun emas, bir begona uchun qalqon bo'lish jasorati hammada ham topilmaydi.

Ming afsus, o'zbek xalqi, adabiyotimiz og'ir judolikka yuz tutdi. Ona Farg'onamiz faxriga aylangan aziz dilbandidan ayrildi.

Mehrijahonim, haqiqat yalovdori sizning otash nafasingiz, kitoblarga ko'chgan dilbar satrlaringiz, millat ulug'larini hayratga solgan zakovatingiz, tolmas shijoat va tengsiz fidoyiligingiz xalqimiz yodidan o'chmagay!

Oxiratingiz obod bo'lsin, yotgan joyingiz nurga to'lsin.

Dilshoda   ERGAShEVA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − 7 =