Har bitta sukutda bor bitta afsus
Dadaxon MUHAMMADIYEV
Muallif haqida:
Dadaxon MUHAMMADIYEV — 1989 yil Paxtachi tumanida tug'ilgan.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Tirik tosh” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda O'zRFA O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tayanch doktoranti.
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.
TESKARI ERTAK
Ertak so'nggi bilan boshlandi bir kun,
Keyin bir boshidan boshlandi g'amlar,
Ular murodiga yetdilar birdan,
Tashvishlar boshlandi, kurashlar, janglar.
Ertak teskariga boshlangan o'sha
Mash'um kun hech qachon qaytib kelmadi.
Ertakchi oxirga yetar chog'ida
“Bir yo'q ekan”, dedi,
“Bir bor”, demadi…
* * *
Kel, men bilan sayr etgin, hilol,
Bo'm-bo'sh yo'llar kuzatsin ma'yus.
Hammayoq tinch, yopiq eshiklar,
Xiyobonlar to'la g'am, afsus.
Qochib ketging kelar jimlikdan
Odam istar ko'ngling, bir ODAM.
To'kin hayot, sarishta turmush –
Hammasi bor va… nimadir kam…
Oramizda masafo – talab,
Pardalarni tutmoqlik bajo.
Oy yuzingning to'lishin tilab
Yolg'iz-yolg'iz qilaman duo.
Biz hech kimga nolimaymiz va
Umr o'tar, kuzatamiz jim.
Tahlikaga to'la dunyoda
Tushunmaydi bizlarni hech kim.
* * *
Men suzishni bilmagan odam –
Suv yuzida va cho'kmayman ham.
Cho'kayotgan xasga yopishar,
Men ham xasmi, cho'pmanmi yo par?
Najot kutar cho'kayotgan dam,
Mana, xasman, cho'kma, ey odam!
TOShGA URILMAGAN
BOSh HAQIDA
Nimalarni ko'rmagan bu bosh,
Bu soch yillar deya oqargan.
Odamlarga rost gapdan ko'ra
Aldaganing ko'proq yoqarkan.
Yana bu bosh boshini olib
Ketavergan har gar har tomon.
Qancha aziz boshlar o'tgan-u,
Bu bosh qolgan har safar omon.
Axir bu bosh necha yuz yillik,
Kim ko'ribdi bu qadar yoshni.
Toshga urish kerak bo'lganda,
Istamagan tosh ham bu boshni.
EShIK
Ichkarida bir sarhush navo –
Tashqarida qor bosgan havo.
Ichkarida eng go'zal so'zlar,
Tashqarida sukunat bo'zlar.
Ichkarida bir qush saqlar jon,
Tashqarida qotib qolar qon.
Ichkarida to'rt devor, eshik,
Tashqarida ayoz… ozodlik.
SAHRODA
Yer teskari aylandi asta,
Bir choh chiqdi va to'sdi yo'lim.
Qimirlasam qum tortar pastga,
Tinch turmoqlik – baribir o'lim…
* * *
Sendan hech ta'na ham gina qilmadim,
Odam ham bo'lmadim har qancha bo'lsam.
Qanchalik tirikman, rosti, bilmadim,
Tabibim, uyg'otib qo'yarsan, o'lsam…
* * *
Sindirilgan subut,
Qaytarilgan ra'y,
Aytilmagan so'zlar, qilinmas gunoh.
Telefon go'shagi, piyolada may,
Tor xona shiftiga tikilgan nigoh.
Xiraroq kelayotgan qizning ovozi,
Yig'imi, xo'rsiniq – ezilar vijdon.
Tashlab ketayapti yuzga chang bosib,
Qachonlardir tashlab qo'yilgan imkon.
Eng so'nggi nafasday titrayapti ishq,
Eng oxirgi qadam – izi qolmagan.
Ishqning eng so'nggi chin izhorini ham
Jur'ati yetmagan, ayta olmagan.
Endi har tong yangrar bitta so'z:
Kelma…
To'y qilib to'ymading, ayirding, dunyo!
Ko'nikdik, ko'ndik va taqdirni kutdik,
O'lmasdan oldin ham diydor bormi yo?
* * *
O'lmadim, taqdirga chap berdim chog'i,
Azroil yonimdan o'tib ketdi jim.
O'ttiz yil hayqirdim, ho'ngradim gohi
Ammo menligimni bilmadi hech kim.
Kunlar o'taverdi og'ir, bemajol,
Daryoga to'r tashlab kutaverdim men.
Dunyo o'taverdi mensiz bemalol,
Har kuni dunyodan o'taverdim men.
Birda yomg'ir bo'lib, birda shamolday,
Xudo – borligini eslatib turdi.
Koinot zarradan bunyod bo'ldi va
Mening borligimni bir odam ko'rdi.
Hech kim rozi emas – arz etdim birga
Har tongda osmonga uraverdim do'q.
Hamma ta'na qilar, ammo taqdirga
Savol beray desam savolim ham yo'q.
* * *
Xudoning amriga itoat qilmoq,
Taqdirga ko'nikmoq va yashamoq jim.
Chegarasiz hislar – Haqdan ham yiroq,
Ishq esa zolim.
So'roq bor, javob yo'q va ruh qo'rqinchi,
Ichingda hadikmi, titroqmi yo g'am.
Men borman va U bor.
Vujud o'tkinchi –
O'zimdan qo'rqaman, o'zimdan.
Biz faqat aytganni bajaramiz, lek,
Har koru amaldan kutamiz shafqat.
Sen borsan,
men borman,
yana cheksizlik –
Mehr ko'rsatishga qodirmiz faqat.
Har bitta ingrash bir ohangdan yuksak,
Har bitta sukutda bor bitta afsus.
Yolg'iz sen malhamsan,
yolg'iz sen kerak
Va yana “Kel” degan bittagina so'z…
TIRIK TOSh
Tosh – tongacha gapirib chiqdi,
Turkiy tilmi yo qadim lahja.
Tosh ko'nglini bir dam yoray deb,
Chayqalib ham qo'ydi bir lahza.
Begona ko'z o'tsa yonidan,
Sal panaga olardi o'zin.
Oftob urib, suvlar yemirib,
Silliqlanib ketgandi yuzi.
Ming yillarning hasrati bo'lib,
Qotib qolgan tomchi yosh edi.
O'rxundami yo Enasoyda
Bitigi yo'q – tirik tosh edi.