Qo'limda muhabbat xatlari
Nozimoh DILKASh
Muallif haqida:
Nozimoh Dilkash (Nilufar Jumanova) — 1976 yili Bo'stonliq tumanidagi Xumson qishlog'ida tug'ilgan.
Oliy ma'lumotli, ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi.
Shoiraning “Qalb bilan suhbat”, “Tuyg'ularim nolalari” nomli kitoblari nashr etilgan.
NAFAS
O baxtidan sarxush, telba yuragim,
Mudroq sukunatga urush ochdingmi?!
Zaminning g'uborin yuvgan tomchidek,
Qurg'oq tuyg'ularga umid sochdingmi?!
Bunchalar sig'mayin ketdim olamga,
Tirnalgan qo'limda na'matak guli…
Go'zalmi shunchalar, tushunolmayman,
Yoqib yuborilgan muhabbat kuli?!
Voajab, qorishib ketdi hammasi,
Guldurak, sokinlik, ishq, o'y va havas.
Bo'g'zimdan barmog'ing olsang bo'lgani,
Hayot, men ham bir bor olayin nafas!
BAXT
G'urur tutib turardi qo'ldan,
Or chiroyli jilmayar edi.
Sukunatning iskanjasida
Ong to'satdan o'zimni yengdi.
Mangu mag'rur turar qaddingga,
Mergan qayg'u daxl qilmadi.
Lablaringning soyalarida,
Sabr savil qoldi, bilmadi.
Vaqt to'xtagan daqiqa, onda,
Soniyalar ortingdan yeldi…
Dunyolarni to'ldirib baxtga
So'ng o'zingga ko'milgim keldi.
… KERAK?!
Qadrsiz qadrimga qoqilaverib,
Quruq shox-shabbadek qarsillab sindim.
To'fon edim go'yo, olamga sig'mas,
Dengiz suvlariga yashirdi, tindim.
Mudom qalbim bilan chiqisholmayman,
Ruhimni boshqarib boradi aql.
Men soxta ko'ngilga gul bo'lib o'tdim,
Jismimning aftida ko'rinar zahil.
G'o'rga g'o'r, nodonga bo'ldim ham nodon,
Zaminga sig'madi matluba yurak.
Umr yuzlarimga naqshin solganda,
Mehrimga munosib nimaga kerak?!
“Ohh” dan o'zga so'zing yo'q, jimsan.
Sog' tan, o'zga o'zing yo'q, zimsan.
Seni aziz, meni muborak
Etgan ishqqa, aytgin-chi, kimsan?
O'ZINI UNUTGAN…
Boshimni olaman qoyadan,
O'zimni tortaman soyadan,
Duolar so'rayman doyadan,
O'zimni unutgan kunlarim!
Jo'r bo'lib yig'ladim yomg'irga,
Xor bo'lib, tig'landim olg'irga,
Onasi bo'lganman sag'irga,
O'zimni unutgan kunlarim.
Otamni tindirib ketganman,
Onamni jimdirib ketganman,
Dilimni shildirib ketganman,
O'zimni unutgan kunlarim.
Qo'limda muhabbat xatlari,
Lolarang qog'ozim qatlari,
Qatlga mahkum ul hadlari…
O'zimni unutgan kunlarim.
O'zimdan o'zliklar yasadim,
So'zimdan ko'priklar yasadim,
Zerikdim, ko'piklar yasadim…
O'zimni unutgan kunlarim.
Maylida, havoga sovrilsa,
Bu jonim joningda qovrilsa,
Eslarsan, bir kuni g'ov ilsa,
… O'zimni unutgan kunlarim.
AYB
Epkin parda tortsa, ko'rmasang,
Chechak g'uncha ochsa, ko'rmasang,
Dunyo gulga botsa, ko'rmasang,
Bahorda ne ayb?!
Yonsa yonib, kul bo'lolmasang,
Ishq qasrida qul bo'lolmasang,
Yo nazmda gul bo'lolmasang,
Yozda nima ayb?!
Cho'rt uzildi tomir, bilmasang,
Chirt uzildi yaproq, bilmasang,
Hayot rangdor… bir boq, bilmasang,
Kuzda nima ayb?!
YoLG'IZ ODAM
Sog'inchlardan tikib yo'llarni,
Har bir onga isming o'yyapman.
Daqiqada yasab siyrating,
G'oyibona haykal qo'yyapman.
Yo taskinga ko'nmaydi qalbim,
Yo tuzoqda turolmaydi tek.
O'tmas arra tishlari kabi
G'ururimni arralaydi kek.
Zirhlangandek edi nazdimda
Qo'rqmay qo'ygan muqim bayotim.
Chok-chokidan uzilib ketdi,
Zo'rg'a ilib qo'ygan hayotim.
Kechikdingmi, yo men avvalroq
Tug'ilganman sig'may olamga.
Yuragimdan ko'chyapti titroq,
Suyangancha yolg'iz odamga…
Sog'inchlardan…
TERAK
Ko'ngilda chiroq yo'q, yoqayin desam,
Yo mehr qolmagan, yoqayin desam.
Baland daraxtlarga qilibman havas,
Adashdim… terakmish yo qayin desam.
NIHOYaT
Kuzda bahor bo'ldim, ishon, azizim!
Barglar to'kilmadi, ranglandi, yorqin.
Nimadir og'rirdi yoqimli… sim-sim,
Umid murodlandi, anglandi – yolqin!
Qaqragan lablarda baxt kulimsirab,
Yillar yiqilishin ko'chirdi oqqa.
Umr o'tganmidi yo uyqusirab…
O'ttiz ikki yilni tutdi so'roqqa.
Yomg'ir qo'shilishdi, tun ham chiroqsiz,
Jo'r bo'lib kuylashdi yurak amrini.
Sirli musiqa ham tavallo qildi,
Ne'mat ato etgan buyuk Tangrini!
Kuzim bahor bo'ldi, ishon, azizim!
BAHONA
Barg daraxtdan zeriksa, kuz bahona bo'larkan.
Emak bemaza bo'lsa, tuz bahona bo'larkan.
Ishq o'yinchoq oshiqqa, olqordek sakrar tog'da,
Til rostga aylanmasa, yuz bahona bo'larkan.