Iztirob gullari
O'tkir RAHMAT
Iztirob gullari
(doston)
Oh tortib…
Dardiga topolmay chora,
Ko'ksini to'ldirdi nadomat va uh.
Iztirobga do'ndi u bora-bora,
Tasalli keltirdi na zamin, na ko'k.
Havasga burkangan dunyo xoblari,
E'tibor qaratmas ko'zdagi yoshga.
Tamoman boshqadir iztiroblari,
Uning azoblari sig'mas bardoshga…
Dillarda hasratlar o'ssa, gullasa,
Suv ichib hayotning baland-pastidan.
Taqdir shu bitikni kimga yo'llasa,
Iztirob chechaklar dunyo dastidan…
Afsuslar qalbiga joylangan bir o'q,
Axir haqqi yo'qmi kulib qarashga?
Hali javobini topolgani yo'q:
Iztirob – mahkummi shunday yashashga?
…Ta'rif yo'q ko'ngillar qaynoq ishqiga,
Borliq jilokordir, yorqin tevarak.
Muhabbat chorladi nurli ko'shkiga
Hapqirib yo'l oldi ikkita yurak.
Childirma chalindi, yangradi yor-yor,
Kimki jam bo'libdir, quvonchlari mo'l.
Kamandin tashladi bu duni-davvor,
Kutib turar endi hayot – og'ir yo'l.
Orzu daryosida oqdi ikkisi,
Goh kulgi, goh qayg'u bo'ldi do'st, hamroh.
Ichidan o'tganin bilmas hech kishi,
Duch kelar goh savob, gohida gunoh.
Azaldan tiriklik ravishi shundoq,
Dumalab-dumalab o'tadi davron.
Ota nima qilsin, buyog'i qandoq…
Uyda kutayotir besh bola, besh jon…
Qaylarga boshlamas odamni taqdir,
Qalbidan o'tgani o'ziga ayon.
Tiriklikning yuki hamisha og'ir,
Qachon umidlari ushalar, qachon?..
O'ylasa yuragi chiqar qinidan,
Ne-ne va'dalari bo'ldi, deb sarob.
Topgani yetmaydi, so'rar kimidan…
O'zini har yerga uradi – xunob.
Xayr-xo'sh, demasdan o'tadi fursat,
Dilin olovlatgan ishq o'ti so'nar.
Bir chora qolgandek ko'rinar faqat…
Qayga uloqtirsa taqdiri – ko'nar.
Bir nima qilmasa bo'lmaydi, axir,
Nechalar yurt kezib topmoqda imkon.
Balki xorijlarda quyoshi balqir,
Umidvor mo'ltirar besh bola, besh jon.
Ayol iztirobi undan ziyoda,
Dalayu, ro'zg'ordan bo'shamaydi hech.
Iqbolim kulmadi, deydi dunyoda,
Bildirmay ko'zyoshlar to'kadi har kech.
Turmush tegirmoni aylanar, xomush
Tashvishlar ketidan kelar tashvishlar.
Zanglagan qilichdek yaroqsiz nomus,
Sezdirmay yemirib borar yumushlar.
Qancha urinsa ham hech foydasi yo'q,
Ko'rinmaydi sira ro'zg'orning tubi.
Ko'pincha och qolar, unda-bunda to'q,
Boshqa kam-ko'stiga yetmaydi qurbi.
Qaysidir tun edi…
Mijja qoqmadi,
So'ng bozor chiqardi yolg'iz molini.
Oriqmasmi… Kimga yoqdi, yoqmadi,
Nihoyat, o'ngladi g'arib holini.
Sal xotirjam tortdi, shodlandi biroz,
To'lib-toshib qaytdi kulbasi tomon.
Allaqanday tuyg'u dilin etdi yoz –
“Axir, quvonadi besh bola, besh jon…”
Derlar, g'ariblarning to'ygani bayram,
Ko'zlar kuldi, uy ham bo'ldi nurafshon.
Dunyoning sultoni bo'ldi bir oqshom,
Bilarlar – o'tkinchi bu dam, bu davron…
Oldinda qilichin qayrab turar qish,
Yana ne o'yinlar ko'rsatar taqdir.
O'lsin, tugamaydi yumushu tashvish,
Bu qishdan chiqmog'i judayam og'ir.
Qo'shnilar bergani nimayam bo'lar,
Qo'l bilan berganga, axir, qush to'ymas.
Bir kun yer, bir kuni imkonsiz qolar,
Bolalari esa bir so'rab qo'ymas.
Necha so'lg'in tonglar ketma-ket otar,
Qayg'usiz va porloq kun ilinjida.
Mudroq saodati qaerda yotar?..
Aslida, barchasi Haqning izmida…
Bir kuni sekranib turdi joyidan,
Ko'nglida orzular tug'ildi ravon.
Baxt arimas bir kun ular poyidan,
Besh ravon yo'l bo'lar – besh bola, besh jon.
Ayol xayol qilar: yuragimni yeb,
Ado etajak, deb meni bu g'amlar.
O'ksinar, tole'da baxtlar yo'qmi, deb,
Yo'qmi, deb umrimda faraxbaxsh damlar?
Ko'z ochib dunyoda shudir ko'rgani,
Dardini birovga so'ylamoq malol.
Alla aytgan kabi yonib, o'rtanib,
Kechalari faryod urardi ayol:
“Tog'dek yuragimni ezma, ey hayot,
G'am bilan hushlama meni, ey dunyo.
Uchay, qanotimni kesma, ey hayot,
Yo'lbarsdek tishlama meni, ey dunyo…
Yondim, sabo topib bergil, kel o'zing,
Tondim, ma'no topib bergil, kel o'zing,
To'ydim, mavo topib bergil, kel o'zing,
Toldim, davo topib bergil, kel o'zing…
Yashab yuribman jim, ular tufayli,
Ularsiz… men ham yo'q bo'lgum begumon.
Ularni asragil, meni-ku mayli,
Omon bo'lsa basdir besh bola, besh jon…”
Intildi, kimsadan yordam kutmadi,
Hasratlar chekmadi, tutmadi motam.
Tunlari alamlar zahrin yutmadi,
O'shal orzusiga suyandi mudom.
Faqat sog'inch ezdi, aylab beqaror,
Ba'zan “dod” der edi dil ozoridan.
Yoridan na xat bor, na-da bir xabar,
Gumonlar tug'ilar ohu zoridan.
Der edi: “Bularning barchasi yolg'on…
Ehtimol, sho'rlikning xastadir joni,
Ehtimol, ishlari yurishmay qolgan…”
Shu alfoz birma-bir o'tdi oy, kunlar,
Yillar ulg'aytirdi hijron gulini.
Bu holni tushunmas bag'ri butunlar,
Poylagan biladi yorning yo'lini…
Iztirob kurtagi do'ndi gullarga,
Jujuqlar ulg'aydi, bo'ldi suyanchiq,
Hayot kulib boqdi qaddi dollarga,
Ko'makchi bo'ldilar – besh bola, besh jon.
Kimdandir eshitdi – falonchi joyda
Oqillar majlisi bo'larmish takror.
Boshqa eshiklarga bormoq befoyda,
Dardingni aytasan dangal va oshkor.
Muroding ushalib, kuladi ko'zing,
Ezgu niyatlaring bo'lar ijobat.
Ish bilan ta'minlab o'zingni o'zing,
O'zingga berasan o'zing mukofot…
Yo'lga chiqqanida yorishgandi kun,
Izg'irin nashtarin sanchdi yuziga.
Dildagi niyati non kabi butun,
Dalda berib borar ayol o'ziga.
…Ichkariga kirgach, bir zum jim qoldi,
Kimdir dedi: “Keling, ne muammo bor?”
Shu so'zdan to'siqlar birdan yo'qoldi,
Bir zumda ko'nglida gulladi bahor…
Ne bo'lsa borini to'kib soldi u,
Dardini tinglashga hamroz topgandi.
Yakunda hayratdan qotib qoldi u,
Hasrat daftarini kimdir yopgandi.
Shodlanib ko'zida terildi yoshi:
“Hali odamlarda bor ekan vijdon…”
Uygacha yetsa, bas, bori bardoshi,
Quvnaydigan bo'ldi besh bola, besh jon…
Mudom eskilarning aytganlari rost:
“Tadbirkorlik asli koni xazina…”
Chevar bo'laman, deb ayladi-da qasd,
Maqsadga intildi zinama-zina.
Dedi: “Birovlarga qarab qolmayman…”,
O'qidi, izlandi, sira tinmadi.
“Erta-kech ishlayman, endi tolmayman…”,
G'ovlarni mensimay o'tdi, sinmadi.
Uyiga rizq kirdi halol mehnatdan,
“Chevar” deb hurmati oshdi bag'oyat.
Tinmay shukr aytar ushbu ne'matdan,
Omad kulib boqdi unga nihoyat.
Endi armonlari qilmaydi alam,
Poyiga poyondoz bo'lg'usi jahon.
Qatoriga kirdi farzandlari ham,
Beshta polaponi – besh bola, besh jon…
Yolg'iz qolib, ko'ngli bo'lganda barbod,
Kimlardir ayolga suqlanib boqdi.
U edi samimiy, sho'x-shodon, shaddod,
Bu qaysi amaldor ko'ngliga yoqdi.
Pinhona ilmoqlar tashlab shay biri,
Turli rejalarni tuzdi tunu kun.
Ishqiy nomalarni yozdi qay biri,
Yurar yo'llarini poyladi uzun.
Ayolning ichida portladi vulqon:
“Qaroqchi bemalol qilarmi g'orat!”
Saqlab qola oldi nomusin omon,
O'zida ilk bora sezdi jasorat…
Tinmadi, hech kimni tinchitmadi u,
Oxir kalavaning topdi uchini.
Nomardlar alamdan sepadi og'u,
Shunday qilib olar ekan o'chini.
Haqiqat sirlari ochildi asta,
Yuzi yorug' bo'ldi sho'rlik ayolning.
Ammo yaralangan yuragi xasta,
Hali javobi yo'q o'nlab savolning…
Barini ortiga tashladi dangal,
Shunday o'yining ham bor, deya zamon.
Domonin pok saqlab qololdi ayol,
Axir vijdonidir — besh bola, besh jon.
Onaning orzusi ushaldi butkul,
Olamda qolmadi xavotir, xatar.
Besh bola chaqnadi yulduzlar misol,
Yuksaldi ma'rifat osmoni qadar.
Ilmdan qalblarda jilvalandi nur,
Yo'li ravon bo'ldi, tushmas chohlarga.
Qanot chiqardilar Dulduldek uchqur
Yo'l olib birma-bir oliygohlarga.
Sevinchga to'ldirib xonadonini,
Dilini og'riqdan forig' qilishdi.
Quvnatib har biri onajonini,
Ajinli yuzini yorug' qilishdi.
Hamma qoyil derdi ular shashtiga,
Tasanno aytdilar zaminu zamon.
Shuncha chekkan zahmatlari gashtiga
O'z yo'lin topishdi – besh bola, besh jon.
Quyosh nuri bilan aziz aslida,
Jo'shqinligi uchun muqaddas daryo.
Mehr ulashadi umring faslida,
Quyosh ham, daryo ham onamikin yo?..
Nur so'nsa, olamni egallar zulmat,
Yo'lin yo'qotadi, hatto, donolar.
Beminnat ziyolar tarqatar faqat,
Umring oftobiga do'nmish Onalar.
Daryolar toshmasa, ne ma'no bundan,
Hayot hayot emas, bir tushdir, abas.
Balki mehrlidir dunyomiz shundan,
Daryo onalardan ulgu olgan, bas.
Daryo yo'lin bersin, bersin nur yo'lin,
Shijoat, mehrdan hormasin bir on.
Yaxshilar duoga ko'tardi qo'lin:
“Onasiga tortdi – besh bola, besh jon”.
Qancha bo'ronlarni yengdi u rosa,
Qaygadir yo'qoldi kuch-darmonlari.
Ko'ziga nur bo'ldi, qo'liga aso,
Suyanchga aylandi bolajonlari.
Biroq…
Hijron oldi aqlu hushini,
Sog'inchlar diliga o't joylayverdi.
Yaxshilikka yo'yib yomon tushini,
Onaning ko'zlari yo'l poylayverdi…
Hali javob yo'qdir ming bir savolga,
Ko'nglida dod solar so'ngsiz nolalar.
Garchi, ulg'ayishdi, yetdi kamolga,
Faqat bola o'rnin bosar bolalar…
Bo'ynidan quchganda nabiralari,
Onani tark etar bir zumda armon.
Taqdirning izmida ketdilar bari,
Ota-ona bo'lib besh bola, besh jon.
Umr deganlari bevafo chiqdi,
Ustin bo'lmas ekan hech kim jahonga.
Qancha beklarni-yu gadoni yiqdi,
Kim ketar otashga, kimdir jinonga.
Kutilmagan kunda, subhi saharda,
Hovliga yaqinlar bo'ldi bari jam.
Bahor edi, ayni avji bahorda…
Dod solib farzandlar kelishdi mulzam.
To'lqindek chayqalib jo'nadi tobut,
Kim yig'lar, o'tdi deb zo'r davru davron.
Onasin oldida borardi sobit,
Ko'zlari qizargan besh bola, besh jon…
Vido so'zlarini aytdi birma-bir,
Peshonasin bosib qabr poyiga.
Onalar ketgan so'ng dunyo ham faqir,
Hatto, darz ketadi ko'rk-chiroyiga.
Derlarki, bir bargi uzilsa nogoh,
Bobochinorlar ham yig'larkan beun.
Gar chinorning o'zi yiqilsa, billoh,
Barcha bargi yig'lar va butun ochun.
Bilib qo'y ey tuproq, bilib qo'y osmon,
Ona – Vatan ekan, hur millat ekan…
Onaning poyin o'p borida imkon,
Onalar Vatanning niholin ekkan…
…Kech edi, shu kuni ancha kech edi,
Bolalar yig'ildi ona uyida.
Volidadan o'zga bari hech edi,
Shu fikr charx urdi alar o'yida.
Derdilar: “Onamday Vatan bo'lamiz,
Millatga madadkor bo'lamiz har on.
Birlashib bir jonu bir tan bo'lamiz…”
Ahdlashdi shu kecha besh bola, besh jon.
…Aslida mukofot onaning o'zi,
Hamda bosib o'tgan shon yo'llaridir.
Besh bola onaning qoldirgan izi,
Iztirobdan qolgan baxt gullaridir…
Tilaklar go'zaldir: ko'rkli bog' bo'lsin,
Bir joyga to'planib atirgul, lolang.
Duolar aylayman, Vatan sog' bo'lsin,
Beshmi, o'nmi, yuzmi, minglagan bolang.
Nurga to'lib tursin, bo'lib tursin hur,
Ko'ngilning nuragan xonalari ham.
Barcha iztirobin maxv etib mag'rur,
Boshida tursinlar Onalari ham.
Sharaf bo'lib yuksal, baxt quchib yasha,
Seni qo'llab tursin bardosh va sabot.
Vatan nomli ulkan bog'da hamisha,
So'lmas gullaringni o'stirgin, Hayot!
Hayot! Bir niyatim shuldir to abad,
Umr bog'larini – quchib sharaf-shon,
Baxsh etib minglagan jonga saodat,
Asrab turaversin besh bola, besh jon!