Tunlar chalg'ib o'tdilar, Kunlar balqib o'tdilar…

Sa'dulla HAKIM

 

Xalqimiz taniqli shoir, kamtarin inson, ustoz Sa'dulla Hakimni yaxshi biladi. Taniqli ijodkorning “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so'z”, “Ko'ngil yuzi”, “Ko'hna naql” singari kitoblari yurtdoshlarimizning sevimli asarlariga aylangan. Mohir tarjimon sifatida ham barakali ijod qilib, Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi dunyo shoirlarining qator asarlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan edi.

Mehnat faoliyatini G'allaorol tumanida o'qituvchilikdan boshlagan shoir turli yillarda nufuzli matbuot nashrlariga rahbarlik qildi, Davlat idoralarida mas'ul vazifalarda ishladi. 2016 yildan boshlab hayotining oxirigacha O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga rahbarlik qildi. 2020 yili vafot etdi.

Bugun ustoz shoir, yoshlarning ajoyib murabbiysi bo'lgan Sa'dulla Hakim tavallud topgan kun. Agar hayot bo'lganida 72 yoshni qarshi olgan bo'lar edi. U kishini yod etib, quyida shoirning hali matbuotda e'lon qilinmagan bir nechta she'rlarini havola qildik.

 

              IShQING O'TIDA KUYDIM

Ey yor, sening ishqingda ishqing o'tida kuydim,

Suydim kul bo'lib, yana gulday ko'karib suydim.

 

Har so'zing yomg'ir kabi malham bo'ldi dilimga,

Eshitgan bormi, tashna desa ki, ichib to'ydim.

 

Sendan ko'zim uzmoqqa qiymadi ko'zim, shundan

O'zgalarning ko'zidan hargiz ko'zimni qiydim.

 

Ro'zador borki o'zni tiygusi yomon so'zdan,

Sening nomingdan o'zga so'zdan men o'zni tiydim.

 

Tilim totli bo'lsin deb bol yalaydi odamlar,

Men tilimga bol kabi sening nomingni qo'ydim.

 

Kuz quyosh sog'inchida kiygan kabi za'far to'n,

Hijron choponim bo'ldi, sog'inchdan do'ppi kiydim.

 

KO'NGLI ZOR

Ko'ngli zor bilgay ko'ngilning zorini,

Etmagay yor dardu g'amga yorini.

 

Mastu behud qilmasa ishq, hech kishi,

Sevmagay mendek o'shal   ayyorini.

 

Dardga malham uch mahal achchiq dori,

Men shifo bildim sanam ozorini.

 

Ikki gul bargi tilim etdi chuchuk,

Bol berib yozdi dilim xummorini.

 

Endi ne bo'lgay desam, ul aytdiki,

Bol shimib, bol birla boqqay yorini.

 

Men dedim, tomirda sharbat nash'asi

Oqmasa ochgaymi gul uzorini?

 

Bori gap shulmi deya, yor, injima,

Bo'lmadi aytib Sa'dullo borini!

 

                    DAShT QIZI

Ey sochlarini shamol o'rigan dasht qizi,

Ey ko'zlarini quyosh qo'rigan dasht qizi.

Sen na yeru va na osmondan,

Sen malaklar yurti tomondan.

 

Ey labi – tog'olcha, yuzi – qizg'aldoq,

Qulog'ida ikki bo'lik oy   baldoq.

Sendan kelar shuvoq ifori,

So'zing shifoliyu, o'zing shifoli.

 

Sen bu dunyoga gavhar bo'lib kelgansan,

Gavhar aziz zamonni bilib kelgansan.

Seni izlab erta kelgan men,

Qismatidan taqdir kulgan men.

Sen qorong'u xonaga tushgan tolai nur,

Sen kuygan yurakka tomgan qatra yomg'ur.

Sen hech unutilmas yod,

Sen o'chmas unsiz faryod.

Ey sochlarini shamol o'rigan dasht qizi…

 

KEChIR MENI, DO'ST

Tong-sahar. O'ngimmi-tush,

Kechir meni, do'st,

Uyg'otdi bedor bir qush,

Kechir meni, do'st.

U qush ko'ksimda edi,

Balki o'ksimda edi,

Sening ismingni dedi.

Kechir meni, do'st.

Eslatdi yoshlik chog'im –

Har lahzasi qaymog'im.

Shabnamday pok o'rtog'im,

Kechir meni, do'st.

 

Tunlar chalqib o'tdilar,

Kunlar balqib o'tdilar.

Soylar oqib o'tdilar,

Kechir meni, do'st.

Tegrangda tanishing ko'p,

Bol tutguvchi kishing ko'p.

Band bo'lding-da, ishing ko'p,

Kechir meni, do'st.

Nomardlar boshlab o'yin,

Orani buzdi quyun,

Shaytonga egdik bo'yin,

Kechir meni, do'st.

Bulut yopgan oftobim,

Unut yotgan kitobim.

Tong-saharlar xitobim:

Kechir meni, do'st.

Sening ham ko'ksingda qush,

Do'stim, deb bersa dovush,

Ikki dunyo ko'rdik xush,

Kechir meni, do'st!            

 

        YaNGI YIL ORZUSI

Qorbobo kelmaydi o'rmon oralab,

Ertakdan chiqmaydi Qorqiz ham, ayon.

Qorbobo kelarmish desa,   voajab,

Eshikka boqaman boladay shodon.

Qorbobo qor olib kelsin bu kecha,

Qish yozsin poyandoz,   es kirmasin kech.

Eski do'stlar qolsin eskiligicha,

Yangi do'stlar esa eskirmasin hech!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + 15 =