Hiylakor «makler»

Mirodil Daminov uy-oldi-sotdisi bilan shug'ullanishni o'ziga kasb qilib olgan edi. “Makler”lik anchagina serdaromad soha ekan, omadi yurishib, biron-bir uy sotilguday bo'lsa xaridor ham, sotuvchi ham uni quruq qo'ymaydi. Shuning uchun u o'zining ishidan mamnun edi-yu lekin bir kishi qarzini qistab hol-joniga qo'ymayotgani dilini g'ash qilib turayotgandi. Ertalab uy bozorida   yurganida oldiga bir ayol kelib:

— Menga bir xonali uy topib bering, narxi arzonroq bo'lsin, — degan edi quvonchdan ko'zi go'yo charaqlab ketdi. O'rgangan ko'ngil o'rtansa qo'ymas, deganlaridek,   xayolidan “Shu ayoldan pul ololsam qarzimga beraman. Keyin Xudo bir yo'lga boshlar…” degan fikr yalt etib o'tdi.

— Mening bir tanishim bor, hokimlikda ishlaydi. Ularda orderli uylar bo'ladi, agar xo'p desangiz, uyli bo'lib qolasiz.

— Qaniydi, shunday bo'lsa… — dedi ayol mamnun bo'lib.

Ayolning quvonchdan yuzi yorishib ketganini ko'rgan Mir­odil pul ishlab topish bilan bog'liq rejasi amalga oshishi mumkinligini o'ylab yanada xursand bo'ldi.

Ayol qarshisidagi odamni uy-bozorda bir-ikki marta ko'rganini hisobga olmasa, yaxshi tanimas edi.

Mirodil ertasiga ayolga qo'ng'iroq qildi.

— Sizning ishingiz bilan shug'ullandim, — dedi u komil ishonch bilan, — imkoniyatlar topildi. Arzimagan chiqim bilan uyli bo'lib qolishingiz mumkin. Bugun soat o'n birda bozor yoniga keling, gaplashamiz.

— Albatta boraman, — dedi mamnuniyat bilan ayol.

U belgilangan paytda bozor yoniga yetib keldi.

— Omadli ayol ekansiz, ishingizning tez yurishganini qarang, ba'zi paytlarda bir ishni bitkazish uchun oylab yelib-yuguramiz, ish bitmaydi, ammo sizning ishingiz bitdi, faqat   siz olaman degan uyning ozroq xarajati bor.

— Qancha?

— 3700 AQSh dollari bersangiz, ular bir xonali uyni nomingizga rasmiylashtirib berishadi. Agar bozordan bir xonali uy olaman desangiz uning narxi   ancha baland bo'ladi.

— Pulni qachon berishim kerak?

— Qancha erta bo'lsa, shuncha yaxshi.

— Xo'p, ertaga pulni olib kelaman, — dedi ayol.

— Uyni ko'rsam bo'ladimi?

Mirodil bunday savol berilishini kutgani bois shahar markazidagi bir xonali uyni ko'rsatishni mo'ljallab qo'ygani uchun darrov javob berdi.

— Bo'ladi. Xohlasangiz hozirning o'zida olib borishim mumkin.

Borishdi. Uy ayolga juda yoqdi.

— Yoqqan bo'lsa, men aytgan pulni olib keling, mana shu uy sizniki bo'ladi.

Ayolning ichki ishlar idorasida   ishlaydigan bir   dugonasi bo'lib, anchadan beri qo'shni davlatga malaka oshirish uchun jo'nab ketgan edi. Ayolning dugonasi xizmat safaridan qaytib kelganidan so'ng unikiga bordi.

— Men uy olyapman, — dedi dugonasiga.

— Muborak bo'lsin, qaerdan olayapsan?

So'ng u   Mirodil bilan bo'lgan suhbat haqida gapirib berdi. U gapirgan sayin negadir dugonaning yuzi jiddiylashib borayotgan edi.

— Menga qara dugonajon, sen aytgan odam seni chuv tushirib ketadigan firibgarlardan bo'lmasin, tag'in. – Sen   u aytgan pulni bermay tur, shoshma, men bir surishtirib ko'ray, ismini Mirodil dedingmi?

Xullas, u qaergadir   qo'ng'iroq qildi, uy sotuvchining   ismini aytdi, yarim soatlardan keyin   dugonaning   telefoniga ma'lumotnoma kelib tushdi. Dugona   ma'lumotnomaga ko'z tashlab labini tishladi, so'ng bosh chayqadi.

— Senga uy sotmoqchi bo'lgan Mirodil 1997 yilda birovni o'ldirmoqchi bo'lganu ammo o'ldirolmay qolgan ekan, shu jinoyati uchun Farg'ona viloyat sudining hukmi bilan uzoq yil muddatga ozodlikdan mahrum etilib, jazoni o'tab chiqqan, keyinchalik u yana to'rt marta firibgarlik jinoyati bilan sudlangan. Bu odamdan uy sotib olish u yoqda tursin, uni ko'rganingda bir necha chaqirim joydan aylanib o'tishing lozim. Shu chog' dugonaning miyasida bir fikr tug'ildi.

— Shoshma, u bilan yana bir marta ko'rishishing mumkin, — dedi u. — Buning uchun uning oldiga o'zingning pulingni emas, men bergan pulni olib borib berasan, uqdingmi?

Ko'p o'tmay Mirodil ayolga qo'ng'iroq qildi va uchrashish joyini tayin qildi.

— Pulni olib keldingizmi? — so'radi Mirodil muloyimgina salomlashganidan so'ng. Uytalab xaridor bo'lgan ayolning qo'lidan pulni oldi-da, bittama-bitta sanab chiqdi, so'ng uni kissasiga soldi.

— Ertaga shu yerda uchrashamiz, Xudo xohlasa, sizga uyingizning kalitini olib kelaman, — dedi ishonch bilan.

U shunday deb bir necha qadam yurishi bilan uning qarshisida ikki nafar odam paydo bo'ldi.

— Siz hozirgina bir ayoldan aldov yo'li bilan 3700 AQSh dollari oldingiz? Qani o'sha pul?

Uni ikki qo'lidan ushlab mashinaga o'tqazdilar va   xizmat guvohnomasini ko'rsatganidan keyingina “makler”   qo'lga tushganini tushundi…

Sudda unga qo'yilgan ayblar o'z tasdig'ini topdi va O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan Mirodil Daminovga   ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Tovlamachilik. Qalloblik. Bunday jinoyatlar bugun nega ko'payib bormoqda? Chunki o'z haq-huquqlarini bilmaydigan odamlar kam emas. Firibgarlar uchun esa bu ayni muddao. Yuqoridagi jinoyat tafsilotini e'lon qilishdan maqsad shuki, turli yolg'on va'dalarga ishonib, keyin jabrini tortmang, ogoh bo'ling.

Shuhrat KAMOLOV,

Farg'ona viloyat

sudining raisi,

Shohrux AKBAROV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =