Boshingga ne balo kelsa…

Odam bolasi boshiga tushadigan ko'p falokatlarning aksariyatiga o'zi sababchi bo'ladi, lekin ba'zi birovlar hech qachon yuz bergan ko'ngilsiz voqea uchun o'zini emas,   ko'pincha boshqalarni aybdor deb hisoblaydi. Shokir Asqarov ham shundaylar jumlasiga kiradi. U 1994 yilda Farg'ona shahrida tug'ilgan bo'lib,   o'smirlik chog'larida chet ellarda ishlangan oldi-qochdi kinofilmlarni rosa ko'p ko'rgani uchun nihoyatda kuchli, ko'pchilik   ham qo'rqadigan, ham hurmat qiladigan, o'rni kelganda yuzingda ko'zing bormi deb shartta-shartta gapirib tashlaydigan, gapini qayiradiganlarni yer tishlatib qo'yishdan ham toymaydigan film qahramonlariga o'xshashni   juda -juda orzu qilardi. Lekin hayot boshqa, kino boshqa ekanligini u tushuna olmadi.

U ishdan ertaroq chiqdi va taksiga o'tirib uyi tomon yo'l oldi. Shokir, odatda taksi bilan kelgan paytlarda   katta yo'l yoqasidagi yaqinda qurilib ishga tushirilgan qurilish mollari do'koni yonidagi yo'lak orqali to'g'ri   uyi tomon   kirib ketar edi. Do'kon yoniga kelganda   u yerda bir qancha mashinalar to'planib qolganligini, hatto mashinalardan biri   yo'lak yaqiniga qo'yilgani va u yo'lakka kirish-chiqishga xalaqit berayotganini ko'rib o'zini haqoratlanganday his qildi, bundan jahli chiqdi. “Befarosat, mashinangni qo'yishga topgan joyingni qara-yu”, deb g'udrandi, so'ng ichida do'konning egasini ham, mashinalarning egalarini ham bo'ralab so'kdi, qo'llari musht bo'lib tugildi, peshonasi tirishdi, lablari gezardi. Aslida uyi katta yo'ldan uncha uzoqmas, piyoda yursayam bir necha daqiqada yetib olardi. Ammo bugun uyi­ning yonigacha taksida bormoqchi bo'ldi. Mashinadan tushib, taksichiga pulini berdi-da, yo'lak tomon yurar ekan, do'kon oldida uymalashayotganlarga qarata:

— Mashinalaringni tartib bilan qo'yishsang bo'lmaydimi? — deb baqirdi.

Uning tomdan tarasha tushgandek to'satdan   baqirishga tushgani hech kimga     yoqmadi, ammo   hech kim gap qaytarmadi. Xuddi shu payt odamlar orasidan birov:

— Ovozingni o'chir, nima, sen bizga   xo'jayinmisan? — deb qoldi.

Shokir ovoz kelgan tomonga sharta qaradi, qarshisida o'zidan-da tikroq davangirday bir odam ho'mraygancha turardi. Bu gapdan Shokirning ranggi o'chdi, borib hiqildog'idan olaman deb turganda   sudlangani, sud tayinlagan jazo   muddati hali o'tmagani yodiga tushdi-yu, shashtidan qaytdi va asta-sekin uyiga keta boshladi. Uning qovoqlari uyulgan, qarashlari xomush edi. “Endi u meni qo'rqoq deb o'ylaydi, men bilan olishishga yuragi dov bermadi deb keriladi” deb o'ylardi u alam bilan.

Uyiga kirdi, ustini almashtirib divanga o'tirdi, choydan bir-ikki xo'pladi, shu payt qulog'i ostida yana “Ovozingni o'chir, nima, sen bizga   xo'jayinmisan?”, — deya aytilgan gap   yangragandek tuyulib o'rnidan turib ketdi. U iziga qaytgisi,   o'sha odamni tavbasiga tayantirgisi kelayotgan edi.

U   aslida ayb o'zidan o'tganini, do'kon yonidagi odamlarni birinchi bo'lib o'zi senlab haqorat qilganini yodidan chiqargan edi. Bunday paytlarda, u shaytonga hay berishi, hech qaerga   chiqmasligi, uyida o'tirib   televizor ko'ribmi, kitob o'qibmi   o'zini chalg'itishi kerak edi. Shunda vujudini egallab olgan yomon o'ylarni quvib yuborishi, miyasini parmalayotgan alamni unutishi mumkin edi.

Lekin miyasini parmalayotgan o'ylarni quvib yuborishga kuchi yetmadi. Asta yurib oshxonaga kirdi. Oshxonadan oshpichoqni olib qo'yniga soldi.

Ichida birov: “Shokir pichoqni joyiga qo'y, ko'chaga chiqma, uyingda o'tir, o'zingni bos, shu holatda ko'chaga chiqsang, o'zingga yomon bo'ladi, bir marta sud seni ayadi, ishing yana sudga tushsa endi seni ayab o'tirmaydi” deganday bo'lardi. Ammo u qaysar edi, mana shu bema'ni qaysarlik uni ko'chaga chiqishga undayotgan edi.   U bor irodasini to'plab, dilini qamrab olgan intilishni qaytarishi, ko'chaga chiqmasligi kerak edi. Shunda u o'zi tomonidan sodir etilishi mumkin bo'lgan   jinoyatning oldini olgan, o'z uyida, o'z mahallasida tinchgina yurgan, oila qurib baxtli hayot kechirish imkoniyatini qo'lga kiritgan bo'lar edi.

Ammo uning baribir miyasini qamrab olgan yomon o'ylarni haydab yuborishga kuchi yetmadi, qaytangga o'zini uning ixtiyoriga topshirdi va ko'chaga chiqishga, o'ziga gap qaytarishga jur'at qilgan odam bilan orani uzil-kesil ochiq qilishga qat'iy   qaror qildi. Ko'chaga chiqib amalga oshirmoqchi bo'lgan yovuz niyati o'zining kelajagini   barbod qilishini o'ylab ham ko'rmadi.

Ko'chaga — odamlar to'planib turgan joyga borib,   boya unga tanbeh bergan davangirday odamni ko'zlari bilan qidira boshladi. Topib uning oldiga bordi-da:

— Boya meni haqoratlagan odam senmiding? — deb uning yoqasidan oldi.

— O'zingni tiyib ol! — dedi u jahl bilan, so'ng bir siltanib qo'lidan chiqib nari ketdi. Shokir uning ortidan borarkan, qo'ynidagi xo'jalik pichog'ini chiqarib   uning chap biqiniga zarb bilan sanchdi.

U yerga yiqildi. Yarasidan esa tizillab qon otilib chiqdi. Odamlarning biri “Tez yordam” chaqirdi, yana birlari uning yarasini mahkam qilib bog'ladi. Kimdir militsiyaga xabar berdi.

Shokir uyiga qaytdi va o'zining yaqin tanishlari Shohoboz va Sanjarlarga qo'ng'iroq qilib, yuz bergan voqeani gapirib berdi va ularni tezda oldimga yetib kelinglar deb chaqirdi.

Endi   Shokirning o'zi va uning og'aynilari haqida bir oz to'xtalamiz: Shokir   jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona shahar sudining 2021 yil 7 oktyabrdagi hukmiga ko'ra, Jinoyat kodeksining 104-moddasining 2-qismi “l” bandida ko'zda tutilgan qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo'lgan ashyolarni ishlatib qasddan badanga og'ir shikast yetkazish jinoyatini sodir etganlikda ayblanib, sudlangan.

Sud jazo tayinlashda muqaddam   sudlanmaganligini e'tiborga olib unga nisbatan Jinoyat kodeksi 57-moddasini, ya'ni — “Sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e'tiborga olib, alohida hollarda ushbu Kodeks Maxsus qismining moddasida nazarda tutilgan mazkur jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin” degan talabdan kelib chiqib 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi, jazoni o'tash jarayonida jinoyat ishlari bo'yicha Ohangaron tuman sudi 2022 yil 9 fevraldagi ajrimi bilan, jazoning o'talmagan 1 yil 3 oy 27 kuni Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda shu muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirgandi. U yana 1 yil 1 oy 22 kun davomida jazo muddatini o'tashi lozim edi. Demak, u   birinchi marta sodir qilgan jinoyati uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni to'liq o'tab bo'lmasdan yana yangi jinoyatga qo'l urdi.

1995 yilda Qo'qon shahrida tug'ilgan Sho­h­oboz Yo'ldoshev ham sudlangan, Farg'ona shahar sudining 2013 yil 26 avgust kungi ajrimiga ko'ra Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib bosqinchilik jinoyatini sodir etganlikda ayblanib   jinoiy javobgarlikka tortilgan, lekin 2013 yil 12 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jinoyat ishi tugatilgan edi,   Nishonov Sanjar Suxrob o'g'li esa 2000 yil 6 iyunda Farg'ona shahrida tug'ilgan, jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona shahar sudining 2021 yil 11 iyun kungi hukmiga ko'ra,   Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan, ya'ni bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, o'g'rilik jinoyatini sodir qilganlikda ayblangan va ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan, shu sudning 2022 yil 26 mart kungi ajrimi bilan jazoning o'talmagan 1 yil 4 oyidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Ko'rganimizdek   Shokir, Shohoboz va Sanjarning uchchalasi ham sudlangan, uchchalasiga ham qonun tomonidan belgilab qo'yilgan imtiyozlar tufayli yengillik berilgan. Uchchalasi ham   o'zlariga sud tomonidan berilgan yengilliklardan to'g'ri xulosa chiqarishlari, jinoyat ko'chasiga minba'd   qadam bosmasliklari kerak edi.

Agar Shohoboz va Sanjarning esi-hushi joyida bo'lganida edi, Shokirni do'konning oldiga borishdan qaytarishardi. “Bo'lar ish bo'libdi, endi uchchalamiz pul to'plab   sen pichoq bilan yaralagan odamning   tezroq oyoqqa turib ketishi uchun dori-darmon olib beraylik, birga borib undan uzr so'raylik, shunda ish balki yaxshi tomonga yurib ketishi mumkin” deb to'g'ri   yo'l ko'rsatishlari kerak edi. Bunday deb aytish qayoqda, “Boshla, o'shatdagilarni bir tavbasiga tayantirib qo'yaylik, deb birgalashib yana do'kon tomonga yo'l oldilar.

Do'kon egasini bir chetga olib chiqib, mashinalar do'kon yonida noto'g'ri qo'yilayotgani va hokazolar bo'yicha unga navbatma-navbat tanbeh bera boshlagan edi. O'sha yerda bo'lgan bir yigit   Shokirga:

— Otang tenggi odamni chetga tortib nima qilasan, aytadigan gaping bo'lsa shu yerda aytaver, — deb aytgan edi, Shokir   yugurib kelib uning yuziga musht bilan urdi, u yiqilib tushdi. Bir yigitning oyog'iga pichoq sanchdi, so'ng­­ra qabriston tomon qochib qolishdi.

Xuddi shu payt do'kon yoniga ichki ishlar xodimi, profilaktika inspektori J.Ubaydullayev yetib keldi va vaziyatni aniqlashga kirishdi. Ayb kimdaligini bilganidan so'ng Shokir, Shohoboz va Sanjarni qidirib ular qochgan qabriston tomonga yo'l oldi.

Qabriston yonida   Shokir bilan Sanjar va Shohobozni   ko'rib ichki ishlar xodimi ularga:

— Sizlar men bilan birga ichki ishlar bo'limiga borib   bo'lib o'tgan voqeani gapirib berishingiz kerak, — deb aytdi.

— Yo'q, biz hech qaerga bormaymiz! — dey­di Shokir. Ushlab olmasin deb qochishga tushdilar.

Inspektor J.Ubaydullayev ularning ortidan quvlab Sanjarga yetib olib uni ushlaydi,   yerga yotqizib, qo'shimcha yordam kelishini kutdi.

Shokir va Shohoboz qo'lga tushib qolgan Sanjarni qutqarish maqsadida J.Ubaydullayevning oldiga kelib, Sanjarni qo'yib yuborishini talab qilishadi. Bu paytda Shokirning tanishlari “Spark” va “Neksiya-3” mashinasida yetib kelishganidan va o'rni kelib qolganida mashinaga o'tirib qochib qolish imkoniyati tug'ilganidan foydalanib Shokir   Sanjarni qutqarmoqchi bo'lib, yana bir jinoyat sodir qildi. U militsiya xodimiga tashlanadi, uning oyog'i va biqiniga tepib Sanjarni “Spark” mashinasiga o'tqazadi. Mashina o'rnidan siljiganda o'ziga kelgan Ubaydullayev mashinani to'xtatib qolish uchun uning eshigiga yopishadi, biroq mashina tezligini oshirgani uchun yiqiladi.

Shokir Asqarov, Shohoboz Yo'ldoshev va Sanjar Nishonovlar Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandi, ya'ni bezorilik jinoyati va 219-moddasi 1-qismi, ya'ni Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko'rsatish degan ayblar bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi va uchchalasi ham hibsga olindi. Dastlabki tergovda ularning jinoiy qilmishlari o'z tasdig'ini topdi. Jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona shahar sudi tomonidan Shokir Asqarov   4 yil 6 oy muddatga, Shohoboz Yo'ldoshev 2 yilu bir oy muddatga, Sanjar Nishonov 2 yilu bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Boshingga ne balo kelsa o'zingdan ko'r deb shuni aytsalar kerak-da.

Shuhrat KAMOLOV,

Farg'ona viloyat sudi raisi,

Shohrux AKBAROV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 4 =