Daladagi fojia

yoki tuman hokimligidagi “o'yin”lar

2024 yil 12 aprel kuni soat 23 larda Ohangaron tumanida ko'ngilsiz voqea yuz berdi: “X-Farus” fermer xo'jaligining ish boshqaruvchisi Tohir Sagdiyev dalada yer haydatayotgan joyga kutilmaganda kayfi taroq, qovog'idan qor yog'ib turgan uch-to'rt kishi qayoqdandir kelishdi. Tohir ularning birini — Abdulaziz Mahsulovni yaxshi tanir, u bir necha yil oldin shu fermer xo'jaligida ish boshqaruvchi bo'lib ishlagan, ayrim qonunga xilof ishlarni sodir qilganligi oshkor bo'lgach, fermer tomonidan ishdan bo'shatilib, uning o'rniga Tohir ish boshqaruvchi etib tayinlangandi.

Tohir o'z vazifasidan kelib chiqib 2023 yil sentyabr oyida bug'doy ekish tashvishlari bilan yurgan paytda Abdulaziz uni chaqirtirgan va o'zining bir guruh sheriklari oldida Tohirga: “Sen bu fermerda ishlama, gapimizga kirmasdan ishingni davom ettirguday bo'lsang…” — deb tahdid qilgan, uning gapini sheriklari ham po'pisa qilgandi.

Tohir Abdulazizning dag'dag'asi haqida fermerga ma'lum qildi. U tuman IIB rahbari nomiga quyidagi arizani berdi: “Men “X-Farus” fermer xo'jaligi rahbari muqaddam menda ishlagan Mahsulov A. ni ishdan bo'shatib, uning o'rniga Sagdiyev Tohirni ishga olgan edim. Mahsulov A. o'zining jinoiy guruhi bilan 2024 yil hosili uchun bug'doy ekishga to'sqinlik qilib, 2023 yil 19 sentyabr kuni Sagdiyev T. ni ko'chaga chaqirib, fermer xo'jaligida ishlamasligini, bug'doy ekishga yordam bermay, uyda o'tirishni talab qilib, aks holda, o'ziga va oila a'zolariga tan jarohati yetkazishlari mumkinligini aytib, fermer xo'jaligida ishlamaslikni talab qilgan…”

Ichki ishlar bo'limida fermerning arizasiga o'z vaqtida e'tibor berib, Abdulazizni tartibga chaqirganlarida, balki, fojia yuz bermasmidi?

Gapning indallosini aytadigan bo'lsak, fermerning xati e'tiborsiz qoldirilganidan foydalangan Mahsulov Abdulaziz o'zining tanishlari bilan Tohirning adabini berish uchun dalaga kelgan edi.

— Senga biz bu ishni qilmagin, deb ogohlantirgan edik. Ammo sen bizning taklifimizni qabul qilmading. Endi o'zingdan ko'r! — deya uni ayamay do'pposlay boshlashdi. Tohir yuz-ko'zlariga tushayotgan musht va tepkilar zarbidan hushdan ketib yerga yiqildi.

Abdulaziz va uning sheriklariga bu kamlik qilganday, Tohir dalaga minib kelgan “Damas” rusumli mashinasiga va fermerga qarashli dala shiyponiga o't qo'yib ketishadi.

Yaxshi odamlar bor ekan, Tohirga yordam ko'rsatishadi va uni bir amallab uyiga, so'ng Ohangaronga kasalxonaga olib borishadi. U yerda Tohirga birinchi yordam ko'rsatilib, yuz bergan jinoyat haqida ichki ishlar idorasiga xabar beriladi. Tohirning ahvoli og'ir bo'lgani uchun otasi — To'lqin Sagdiyev o'g'lini “Eski ToshMI”ga yotqizdi. Bu yerda uning miyasi chayqalganligi, jag' suyagi sinib joyidan siljiganligi aniqlanib, murakkab jarrohlik operatsiyasi o'tkazildi…

JINOYaT SODIR BO'LIShINING SABABI QAERDA?

Bu savolga fermer Rustam To'laganov shunday javob berdi: “2019 yilda Abdulaziz Mahsulovni dastlab ish boshqaruvchi, keyin esa uning qop-qop va'dalariga ishonib, ijrochi direktor qilib tayinladim, mening nomimdan imzo qo'ysin deb fermer xo'jaligining muhrlarini ham bergandim. Lekin u ishlarni talab darajasida olib borishni emas, menga tegishli fermer xo'jaligini o'z nomiga o'tkazib olish uchun Ohangaron tuman qishloq xo'jaligi bo'lim boshlig'i Javlon Yusupaliyev, tuman hokimining qishloq xo'jaligi bo'yicha o'rinbosari To'lqin To'rayev hamda tuman hokimi A.Abdullayev (hozirgi sobiq) bilan jinoiy til biriktirib, mening nomimdan “…nafaqa yoshiga yetganim uchun fermer xo'jaligini o'z ixtiyorim bilan Abdulaziz Mahsulovga topshiraman” degan qalbaki ariza hamda fermer xo'jaligi a'zolarining bo'lmagan umumiy yig'ilishini bo'lgan deb qalbaki bayonnoma tayyorlab, Javlon Yusupaliyevga topshirgan va shu asosda 2021 yil 21 dekabrda tuman hokimining qarori, ta'kidlab aytaman, qalbaki qarori asosida menga tegishli fermer xo'jaligini o'zining nomiga o'tkazib olibdi…”

O'sha tuman hokimi tomonidan chiqarilgan hujjatning qaror qismini birgalashib o'qiymiz:

  1. “1. “X-FARUS” fermer xo'jaligi rahbari To'laganov Rustam Muxsimovichning nafaqa yoshida bo'lganligini inobatga olib, fermer xo'jaligi rahbari etib, fermer xo'jaligi boshqaruvchisi Mahsulov Abdulaziz G'ulomjonovich saylanganligi to'g'risidagi fermer xo'jaligi a'zolarining 2021 yil 1 dekabrdagi 1-son yig'ilish bayonnomasi tasdiqlansin.
  2. “X-FARUS” fermer xo'jaligining 2021 yil 1 dekabrdagi 1-sonli buyrug'iga asosan, Mahsulov Abdulaziz G'ulomjonovich fermer xo'jaligi rahbari etib saylanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.
  3. “X-FARUS” fermer xo'jaligi rahbari A. Mahsulov mazkur qarorga asosan, belgilangan tartib-qoidalarga rioya qilgan holda zarur hujjatlarni tumanning tegishli bo'limlarida qayta ro'yxatdan o'tkazish choralarini ko'rsin.
  4. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining o'rinbosari T.To'rayev zimmasiga yuklatilsin.

Tuman hokimi A. Abdullayev”

Qing'ir ishning qiyig'i qirq yildan keyin ham chiqadi, deganlaridek, 2023 yilga kelib bu qing'ir ishning qiyig'i 40 yilda emas, tezda chiqdi. Fermer xo'jaligi rahbari Rustam To'laganov tomonidan tuman hokimining qarorini bekor qilishni so'rab ma'muriy sudga yozilgan ariza 2024 yil 9 yanvarda Nurafshon tumanlararo ma'muriy sudida tegishli tartibda ko'rib chiqildi va tuman hokimining qalbaki qarori bekor qilindi. Natijada nafaqat Abdulaziz Mahsulovning, balki Ohangaron tuman hokimligidagi mas'ul rahbarlarning “o'yin”lari ham ko'pchilikka oshkor bo'ldi.

Abdulaziz Mahsulovning fermer xo'jaligini egallab olishga qaratilgan harakatlari fosh bo'lganidan keyin, u o'zining jinoiy sheriklari bilan fermer xo'jaligiga zarar yetkazish maqsadida suv chiqaradigan nasosning muhim qismlarini o'g'irlab, nasosni ishdan chiqardi, bu kamlik qilganday, suv quvurlarini ham o'g'irlab olib ketib, fermerni ekinlarni sug'orish imkoniyatidan mahrum qilishga urindi. Abdulaziz Mahsulovning o'g'irliklari yuzasidan fermer Rustam To'laganov Ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i nomiga ariza yozib topshirdi. Quyida shu arizadan bir parcha:

“Mahsulov A. o'z hamtovoqlari bilan bir guruh bo'lib 2023 yil 1 noyabr kuni kechasi fermer xo'jaligiga yashirin ravishda kirdi va elektr transformatorning bir qator qismlarini hamda elektr energiyasini avtomat ulagich va kabel simlarini hamda suv quvurlarini o'g'irladi va bu bilan bug'doylarni sug'orish imkoniyatidan mahrum qilib, fermer xo'jaligiga katta zarar yetkazdi…”. Ichki ishlar bo'limi fermerning bu arizasini ham e'tiborsiz qoldirdi. Quyida IIB tergovchisi F.N.Halqulov tomonidan tayyorlangan “To'plangan hujjatlarni jinoyat ishiga birlashtirish to'g'risida”gi tergov ishidan quyidagilarni o'qiymiz:

“2024 yil 12 aprel kuni soat 20.00 lar atrofida 12.04.1984 yilda tug'ilgan, Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Yangi hayot MFY, Hamza ko'chasi, raqamsiz uyda yashovchi, Mahsulov Abdulaziz G'ulomjonovich Ohangaron tumani, G'allaquduq mahallasida joylashgan ochiq dala maydonida 11.08.1979 yilda tug'ilgan, Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, Yangihayot MFY, Birlik ko'chasi, 19-uyda yashovchi, Sagdiyev Tohir To'lqinovich bilan o'zaro janjallashib qolib, T.T.Sagdiyevning tanasining turli joylariga qo'li bilan urib tan jarohati yetkazganligi aniqlandi…”

Bu yerda voqea anchagina soddalashtirilgan, T.T.Sagdiyevni Mahsulov A. bir o'zi emas, jinoiy guruh bilan birgalikda urib tan jarohati yetkazganligi, bundan tashqari, ular T.T.Sagdiyevning “Damas” rusumli mashinasiga va fermer xo'jaligining dala shiyponiga o't qo'yib yuborganliklariga doir faktlar hamda Abdulaziz Mahsulov va uning jinoiy sheriklari tomonidan elektr transformatorning bir qator qismlari hamda elektr energiyasini avtomat ulagich va kabel simlarini, shuningdek, suv quvurlarini o'g'irlaganliklari IIB tergovchisi F.N.Halqulovning qarorida nima uchundir tilga olinmagan.

Qiziq, nima uchun?

Buning qanday sababi bor?

Bu savollar o'z javobini kutadi.

Umuman olganda, Tohir Sagdiyevga tan jarohati yetkazgan A.Mahsulov boshchiligidagi jinoiy guruh qilmishiga yarasha jazolanishi, shuningdek, A.Mahsulov va jinoiy sheriklari tomonidan o'g'irlab ketilgan fermer xo'jaligi mulki bo'lgan transformatorning zarur qismlari hamda quvurlar qisqa muddatlarda egasiga qaytarilishi va A.Mahsulov boshchiligidagi jinoiy guruh qoshida belgilangan tartibja javobgarlikka tortilishi kerak emasmi?

Yana bir gap. Fermerga tegishli yer maydonini birovdan olish va uni qaror chiqarib boshqaga berish vakolati tuman hokimi vakolatidan chiqarilganligiga ancha bo'lgan. Shuning uchun ham yuqorida biz o'qigan qaror qalbaki qaror deb hisoblanadi. Shunday ekan, uni chiqargan tuman hokimi, uning o'rinbosari va bo'lim boshlig'i qarorni g'araz maqsadlarda, ya'ni o'z manfaatlarini o'ylab qalbakilashtirganlar. Tuman hokimi A.Abdullayev, tuman hokimining o'rinbosari T.To'rayev, tuman qishloq xo'jaligi bo'limi boshlig'i J.Yusupaliyevlar ayni shu qing'ir ishlari bo'yicha egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasida hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi jinoiy jazo choralari ko'rsatilgan. Demak, bu ishda qonunni oyoq osti qilgan kimsalarga tegishli tartibda  jazo muqarrarligi belgilansa, ajab emas.

Shohrux AKBAROV,

ikkinchi darajali adliya maslahatchisi,

huquqshunos-jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 3 =