Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir
Shunday insonlar bo'ladiki, o'zining yaxshi fazilatlari bilan qalbingdan chuqur joy oladi. Bunday kishilar bilan taqdir chiziqlaring tutashgani, yaqin munosabatda bo'lib, do'stu-birodar bo'lishingdan o'zingcha hikmat qidirasan. Gapning sirasini aytganda, har kimning o'z qarashlari, hayotiy tutimi, e'tiqod va qalb amri bu borada o'z so'zini aytadi. U aksariyat holda o'zgarmas haqiqat bo'lib qoladi. Shunga binoan O'ral Safarov haqida o'ylarkanman, o'zim yaqindan bilgan yaxshi insonlardan biri ekanligiga to'la amin bo'laman. Aslida bu olamda yaxshilar juda ko'p. Ularning boshqalardan farqli jihatlarini his qilish, kerak bo'lsa kashf etish uchun qalbingga quloq tutasan. Ko'ksing ostida shivirlab turgan yurak esa seni aldamas.
O'ral Safarov bilan ilk bora qachon, qaerda ko'rishganim yodimda qolmagan bo'lsa-da, ammo boshqalardan ajralib turuvchi bu kishini o'zim uchun “Yaxshi odam” o'laroq kashf etganman. Beg'ubor qalbi, ochiq va samimiy munosabatga kira olish fazilati, eng muhimi, doimo kulib turuvchi yuzi samimiyligi bois hurmatim oshgan.
O'ral akani Surxondaryo viloyati hokimligi ijtimoiy masalalar majmuasida yetakchi xodim, men esa “Yoshlar” telekanali “Davr” dasturining viloyat bo'yicha o'z muxbiri bo'lib ish boshlagan chog'im aniqrog'i 1998 yilda ish yuzasidan tez-tez ko'rishib turar edik. O'shanda muhim ahamiyatdagi tadbirlarni yoritish uchun Ural aka men kabi muxbirlarini xabardor qilar, bu boradagi faoliyatni muvofiqlashtirib borardi. Ba'zan bevosita, ko'p hollarda telefon orqali muloqot qilarkanmiz har gal sermulohazalik, vazminlik, odob va tartibni o'ziga bayroq qilib olganligi yaqqol namoyon bo'lardi. Holbuki, hokimiyat vakiliman, deya havolanib, “osmondan kelgich”larni ko'p ko'rganmiz. O'ral aka esa sira ularga o'xshamasdi…
Shu o'rinda O'ral aka haqida ayrim ma'lumotlarni keltirib o'tishni joiz bildim. U 1963 yili Denov tumanida tug'ilgan. 1970-1980 yillarda shu tumandagi 38-umumiy o'rta maktab o'quvchisi, 1980-1985 yillarda Samarqand davlat universiteti talabasi bo'lgan. Pedagogik faoliyatini 1985-1987 yillarida Muzrabot tumanidagi 28-hunar texnika bilim yurtida geografiya fani o'qituvchisi sifatida boshlagan.
Chuqur bilim va yuqori intellektual salohiyatga ega inson 1995 yili Nizomiy nomidagi TDPI (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti)da ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilib, pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.
Yuqorida qayd etilgani kabi O'ral aka 1998-2001 yillarda Surxondaryo viloyat hokimligi ijtimoiy masalalar majmuasida yetakchi, bosh mutaxassis, majmua kotibiyati mudiri vazifalarida ish yuritdi. Ushbu sohalarda olib borilayotgan yangiliklarni OAVda keng yoritilishi bo'yicha ham mas'ullik qildi.
U 2001-2002 yillarda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va Jamiyat qurilish akademiyasida o'qidi. Shundan so'ng, Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Yangi rahbarni jamoaga tanishtirish munosabati bilan bo'lib o'tgan yig'inda Ural aka yig'ilganlarga bir qur nazar tashlarkan, beixtiyor meni ham ko'rib biroz taajublandi, nazarimda. Bu kishi nega bu yerda o'tiribdi, degan savol tug'ilgandir ehtimol. Gap shundaki, 1998 yilda ish boshlagan “Yoshlar” telekanali 2002 yilga kelib o'zining viloyat muxbirlar punkti faoliyatini to'xtatib, hududiy muxbirlar shtat birligi viloyatlar teleradiokompaniyalari tasarrufiga o'tkazilgan, men ham Surxondaryo viloyati teleradiokompaniyasi katta muharriri bo'lib endigina ish boshlab turgan chog'im edi. Tabiiyki, jamoaga avvaldan taniganim, yaxshi rahbar kelganidan quvondim. Shu kuni kechga yaqin televidenie yo'lagida u kishiga duch kelarkanman, quchoqlashib ko'rishdik. “Sizni birinchilardan bo'lib meni kirib tabriklaysizmi degandim, ammo…” dedi O'ral aka o'ziga yarashiqli nimtabassum qilib. Qulay fursatdan foydalanib, O'ral akani yangi lavozim bilan tabriklab, ezgu tilaklar tiladim. U kishi esa alohida urg'ulab meni birgalikda ishlashga undadi.
Shu bo'yi “Yoshlar” telekanalining viloyat muxbirlik bo'limida 2006 yilga qadar O'ral aka rahbar, men esa oddiy xodim bo'lib birga ishladik. Shunga qaramay, biz, ya'ni viloyat hayoti haqida “Davr” informatsion dasturi uchun materiallar tayyorlovchi ijodiy guruhning samarali faoliyat olib borishimiz uchun yetarli shart-sharoitlar yaratib berildi.
Shu o'rinda yana bir muhim jihatni qayd etish joizki, xodimlarning yaxshi-yomon kunida doimo sherik, ayniqsa, ma'raka tadbirlarida bosh-qosh bo'lishni kanda qilmaydigan, doimo kamtarlik va oddiylikni kasb qilib olganligi mening O'ral akaga mehrim tushib, hurmatim oshishiga sabab bo'lgan bo'lsa, ajab emas. Negaki, o'zingdan ko'p emas, kam emas o'n yosh katta inson, yana rahbaring bo'lib, doimo hurmat-izzatingni joyiga qo'yib, kamiga sen uchun o'ziga xos “yashil chiroqlarni yoqib” xayrixohing, ko'makchingga aylansa, minnatdor bo'lasanda kishi.
Darhaqiqat, O'ral Safarov viloyat teleradiokompaniyasi raisi sifatida 2002 yildan boshlab, 2008 yilgacha samarali faoliyat olib bordi. Rahbarlik faoliyatini boshlaganda tele va radio efir uzatishlar vaqti viloyat aholisining ehtiyojlarini qondirmas, buning ustiga teleradiokompaniyaning moddiy texnik jihozlari ancha yaroqsiz bo'lib qolgandi. O'sha kezlari alohida radio uzatish imkoniyati yo'qligi tufayli viloyat radiosi “O'zbekiston” radiokanalini uzib, bor-yo'g'i bir soatlik dastur bilan efirga chiqardi. Amalga oshirilgan sa'y-harakatlar natijasida viloyat radiosi “Yangi asr” nomi bilan mamlakatning boshqa hududlari orasidan birinchi bo'lib 2003 yilning 1 noyabridan alohida FM 101,0 va 102,1 radio to'lqinlarda har kuni 16 soatlik eshittirishlarni bera boshladi.
Shuningdek, viloyat televideniesining ham efir vaqti cheklangan, har kuni (dushanbadan tashqari) 1 soatu 10 daqiqa O'zMTRK “Yoshlar” telekanali efirlarini uzib, soat 16.40 dan efirga chiqar edi. Bu esa o'z-o'zidan “Yoshlar” telekanalida namoyish etilayotgan qaysidir ko'rsatuvni uzib, uning o'rniga chiqishni taqozo etardi.
Qalovini topsang, qor ham yonar, deganlaridek, tashabbuskor rahbar muammoga yechim topa oldi. 2003 yil yanvardan “Yoshlar” telekanalining bo'sh turgan vaqtlarida “Janub tongi” ertalabki 3 soatlik informatsion dastur efirga uzatilgan bo'lsa, 2006 yildan boshlab alohida telekanal orqali Respublika viloyat (hudud) lari orasida yana birinchi bo'lib har kuni 7 soatdan (dushanbadan tashqari) rang-barang ko'rsatuv, xabar va yangiliklar, dam olish dasturlari namoyish etila boshlandi
Rahbarlikning alohida maktabi yo'q. Ammo bilimdonlik va katta tajriba hamda o'zi va boshqalarga talabchanlik, hamisha izlanish, yangilik qilishga ishtiyoqmandlik, jamoada ahillik, hamjihatlik muhitini yaratish qobiliyati rahbarlikning eng muhim shartlaridani biri. O'.Safarovda bularning bari mujassam ekanligi bois, har doim el-yurt e'zozu-ehtiromida bo'lib kelmoqda.
Darvoqe, O'.Safarov 2008 yil sentyabrdan Nizomiy nomidagi TDPU (hozirgi Toshkent pedagogika universiteti)da “Geografiya va uni o'qitish metodikasi” kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat olib borib, o'z pedagogik faoliyati davomida 2 ta darslik, 2 ta uslubiy qo'llanma, 5 ta uslubiy tavsiyanomalari hamda 100 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari xorijiy, respublika miqyosidagi jurnallar va konferensiyalar to'plamlarida chop etdi.
O'ral aka bugungi kunda Toshkent pedagogika universitetida talabalariga ta'lim va tarbiya berish bilan birga turmush o'rtog'i Zarifa Rahimova bilan uch nafar farzand — Shoxrux, Shoxruz va Shoxrudlarni barkamol inson qilib tarbiyalab, jamiyatning faol shaxslari bo'lishida o'z bilim, hayotiy boy tajribalaridan keng foydalanib kelmoqda.
Ustoz shu kunlarda oltmishinchi bahorni qarshi olmoqda. Uning hayot yo'lini bezab turgan rango-rang chizgilar, chunonchi, yaxshi rahbar, mohir pedagog, mehribon va oilaparvar ota, eng muhimi fazilatli inson ekanligini ta'riflashga kaminaning qalami ojiz.
Ilhom RAHMATOV