Nega jimmiz?

XXI asr deymiz. XXI asr — rivojlanish, axborot asri deymiz. Lekin nega bu asr oqibatsizlik, mehrsizlik asri demaymiz. Deyishimiz kerak, deganda ham baqirib-chinqirib aytishimiz kerakka o'xshaydi. Nega deysizmi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ikki video-lavha tarqaldiki, tarqatganlarga “qoyil” qolmasdan iloji yo'q. Birida Xorazmdagi bolajonning boshi obodonlashtirish mashinasi tomonidan “tekislab” ketilgani tasvirlangan bo'lsa, birida Toshkentdagi ayolning tanasini poezd ikkiga bo'lgani ko'rsatilgan. Xo'p, ular bilan baxtsiz hodisa yuzaga kelibdi. Yaqinlariga Yaratgan sabr-toqat bersin. Lekin shu ikki holatni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdan ne naf? Erta-indin ana shu vatandoshlarimizning yaqinlari telegramda yo boshqa tarmoqlarda o'z tug'ishganlarining ayanchli ahvoli tarqab ketganiga nima munosabat bildiradi? Ular xursand bo'ladimi? Yo'q, albatta. Aksincha, har ko'rganda yaralari yangilanmaydimi?

Ey, shu ayanchli holatlarni videotasvirga olganlar, erta bir kun (tavba qildim, Xudo hammamizni asrasin) shu kabi hodisa siz bilan yo sizning yaqiningiz bilan bo'lsa-yu shuni ham kimdir videoga olsa, nima qilasiz? To'g'ri bo'ladimi shu?

Ey, videolarni kanallarida aylantirayotgan muhtaram adminlar, nahotki kanalingizni nuroniylar, yoshlar, homilador ayollar kuzatishini bilmaysiz… Bilasiz-ku. Axir shu videolarni ko'rib, kimningdir mazasi qochishi, qon bosimi ko'tarilishi ham mumkin-ku. Yo'q, sizlar bu narsalarni o'ylamaysiz. Sizlarga shov-shuv, ko'proq like, obunachi bo'lsa, bas ekan-da!

O'zi ijtimoiy tarmoqlar ayollariga xiyo­nat qilayotgan erlar, erlariga xiyonat qilayotgan ayollar haqidagi videolarga to'lib ketgan bo'lsa. Bir tomondan har oyda bir ONALAR, OTALAR o'z bolalarini qiynab, urib, tepib, videolarini tarqatib turishgan bo'lsa. Shular bizga yetmaydimi? Axir bularning bari uyat emasmi? Mayli, bularga chidarmiz, chidarmiz emas, ko'nikib ham qoldik. Ammo…

Alam qilarlisi, tanasi ikkiga bo'linib ketgan ayolni videotasvirga olgan odamning gapini qarang: “Olib qo'yib, yana joyiga qo'yib qo'ysak bo'ladimi?” Ey azizim, undan ko'ra marhumni bir chekkaga olib, tegishli mas'ullar kelguncha ustiga nimadir yopib qo'yishni o'ylasangiz bo'lmaydimi?!

Xorazmlik bolakayni-ku jimgina video­­ga olishgan. Jimgina… Ey azizim, shuni videoga olguncha “Tez yordam” chaqirsang bo'lmasdimi?

Nima bo'lyapti, nimalar bo'lyapti bizga? Bunchalar befarq, bag'ritosh va tomoshabin odamlarga aylanib qoldik… Qani mehr-oqibat, qani qardoshlik, vatandoshlik munosabati? To'g'risini aytish kerak, so'nggi paytlarda kimdir urishayotgan bo'lsa, ularni ajratuvchidan ko'ra videoga oluvchilar ko'paygan. Mana bizning holimiz… Biz ana shu jarayonda jabrlanuvchilarga yordam berishdan ko'ra hodisani tezroq va tiniqroq videoga olishni o'ylaydigan kimsalarga aylanib boryapmiz.

Bu ikki mudhish hodisaga aloqador kishilar qarindoshlarim emas, ammo qarindosh­larimdek vatandoshlarim. Endi ular internet “qahramonlari” tomonidan vi­deoga olinganlari uchun hech narsa deya olishmaydi. Ammo biz deya olamiz-ku. Nega jimmiz, yaxshilar? Nega?!

Yorqinjon HAYITBOYEV,

Guliston davlat

universiteti talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × three =