Bizni kemirguvchi illatlar

Mahmudxo'ja Behbudiy 1915 yil “Oyina” jurnalining 13-sonida chop  etgan ushbu  maqolasida  Turkis­ton  xalqini  kemirguvchi  illlatlarga  shunday ta'rif  bergan edi: “Bizni turkistoniylarni shahri va qishlog'i, yoinki,  yarim madaniy, yarim vahshiy  sinflarimizgacha istillo etib,  butun  tirikligimizga sotilgan, bizni  inqiroz­­ga  va tahlikag'a  yumalataturg'on  to'y va aza  ismindagi  ikki  qattol  dushmandi  derman”.

Taassuflar bo'lsinki, “Bugungi  kunga  kelib,  Behbudiy  tomonidan qariyb bir asr avval qattol  dushman”, deya ta'riflangan to'y va aza ismidagi millatimizni kemirguvchi illatlarni huddi bir an'ana, urf-­odat, milliyligimiz deya qabul qildik. Ammo ahvol hamon o'sha-o'sha: hamon boylar gunburlatib to'y-ma'raka o'tkazib qanchadan-qancha narsani isrof qilsa, kambag'al bir necha yil ishlab, oilasining, o'zining rizqidan tiyib yig'gan pullari evaziga, bu ham yetmasa tanish-bilishidan qarz olib yoxud bankdan muddatli to'lovga mablag' ko'tarib xalqqa osh berish achinarli hol bo'lmay qoldi. Xalq bunga tabiiydek qarab, inson obro'sini, uyiga  borganda oldiga yozilgan das­turxon bilan o'lchaydigan zamonimiz bir asrdirki, bu borada hecham o'zgarmadi. Biroq o'zbek millatini, qadim turkiylarni kemirguvchi yangi  bir illat paydo  bo'lganki,  u to'y va aza tashvishlaridanda vahshiyroq bir  dushmandir. U  xalqimizni xonavayron qilmaydi ammo undanda yomonroq ahvolga soladi. Maxmudxo'ja Behbudiy talqini bilan ayt­ganda yarim ma'daniy, yarim vahshiy sinflarimizgacha istillo etib, butun tirikligimizga  so'rilgan, bizni inqirozga va tahlikaga qo'yadigan  ijtimoiy tarmoqlar bugungi kun  illatidir.

Veb-sahifalar, onlayn platformalar va shu kabi ijtimoiy tarmoqlar to'g'ri foydalanilmayotganligi  sababli  butun  bir o'zbek xalqining kelajagi tarbiyasiz, ma'naviy ongi past yoshlar qo'liga qaram bo'lib qolish arafasida. Buning uchun faqat  yoshlarni ayblash xato bo'ladi, nazarimda. Chunki tug'ilmasdanoq ona qornida, tug'ilgan zahotiyoq o'z qo'lida mobil telefonni ko'rgan bolalar, albatta, ijtimoiy tamoqlarga moslashib, virtual hayot bilan voyaga yetadi. Ota-onalar  ishdan bo'sh  vaqtlarida farzand tarbiyasiga vaqt ajratmay, uning o'rniga bu qimmatli fursatlarini ijtimoiy tarmoqlarda o'tkazayotgani faqatgina o'z farzandining  emas, butun  bir millatning o'sib kelayotgan yoshlarga bo'lgan umidini so'ndirmoqda. To'g'ri, hammasi  emas, ammo aksariyat ota-onalar farzandidan vaqtini  qizg'anadi. Ular bilan  ko'chada birga vaqt o'tkazmaydi, sayr qilmaydi, teatrlarga  bormaydi. Bularning o'rniga farzandi  bog'chada, maktabda o'zini yaxshi tutsa, unga yangi telefon olib berishini  va'da qilib, yoshligidan korrup­siyani ongiga singdirib  boradi. Yosh bolaning fik­ri shunga monand shakllanadi va albatta maktabga, bog'chaga  bilim olish uchun emas, ota-onasi shuni istagani uchungina boradi. Ularning xohishi bilan ish tutadi, natijada, zamonaviy manqurtlar yetishib chiqadi. Bu esa yuqorida ta'kidlanganidek, bir bolaning emas, har kuni bot-bot ta'kid­lanayotgan yoshlar qo'lida bo'lgan kelajakning kelmasidan avval vayron bo'lishiga sababchi bo'ladi.

Xo'p, yaxshi. O'z vaqtingizni ijtimoiy  tarmoqlarda, serial yoxud futbol ko'rib  sarf  qiling, barbod  qiling. Xo'p. Lekin farzandingizga, uning tarbiyasiga ajratishingiz kerak  bo'lgan  vaqtni behuda sarf qilmang. Axir  bu  o'z taqdiriga o'zi  bolta  urishdan  boshqa ish  emas-ku. Bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiy  to'g'ri aytgan edi, agar hozirgi  holatimizda  davom  etsak, din va dunyoda zillat (tubanlik)  va miskinlikdan  boshqa nasibamiz  qolmaydi.

Zulxumor ALIQULOVA,

O'zbekiston Jurnalistika va

ommaviy kommunikatsiyalar

universiteti 2-bosqich  talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =