Agar xalq bo'lay, desak…
Vatanparvarlik, millatparvarlikning ildizi – muhabbat. Agar sen o'z yurting, o'z millatingni yurak- yurakdan yaxshi ko'rsang, qadriyatlarini qadrlasang, unga sochilgan changni kipriklaringda artguday bo'lasan. Yaxshisi qolib, yomonidan ham fazilat axtarasan. Sha'ni, oru-nomusi uchun biror xatar his qilsang boshingdan oyog'inggacha yurakdagi muhabbatingni sovut qilib himoyaga otlanasan. Ammo o'sha “Xalqim” deb yurganlaringdan kimdir, kimlardir ixlosingni qaytarsa-chi? Baribir tilingga yomon so'z kelmaydi. Yomon qarg'ish bilan qarg'ayolmaysan. Faqat jismu joningga o't ketadi. “Nega shunday? Nega boshqalar emas, nega aynan menikilar bunday qildi?” degan alam bo'g'zingga tiqiladi. Ko'zingga yosh keladi.
Men (aminmanki, faqat men emas) keyingi paytlarda bot-bot shunday kayfiyatga tushaman. “Bular daryodan tomchi. Dunyoda faqat bir- birlariga mehr–muhabbat ko'rsatib, bir- birlariga qayishib, yaxshisini oshirib, yomonini yashirib yashaydigan millat bormikan? Menimcha, yo'q. Xalqona aytganda barcha podaning tirriqisi bor. Ular uchun butun boshli bir millatning boshidan kul sochish noto'g'ri”, deya o'zimga taskin berishga harakat qilaman. Tutun, dud orasidan ham, tuman orasidan ham nur, shu'la izlayman. Ammo o'sha dilni xira qiluvchi voqealar takrorlanaveradi. “Arazlagan rafiqasini olib ketish uchun qaynota uyiga borgan kuyovni haqoratlarga ko'mib tashlashdi. Bunga chiday olmagan yigit og'ziga kelganini bo'g'zidan qaytarmay javrab yotgan qaynonasining bo'yniga musht soldi. Ikkinchi mushtdan so'ng bo'yin tomirlari uzilib ketgan ona o'rnida jon berdi.” “Choyxonada yarimtani maydalab o'tirgan besh-oltita yigitlardan birining esiga do'stining o'smirlikdagi xiyonati tushib qoldi.
— Sen o'shanda qarindoshing Nargizga mening xatimni olib borib bermagansan. Mening ko'nglimning borligini bila turib uni Berdiga to'g'irlagansan. Soqqa berganda senga, ifloslik qilgansan.
— Kim iflos, og'zingga qarab gapir!
— Sen iflos! Iflosni iflos, demay kim deydilar?
“Sanu man” dan boshlangan aytishuv janjalga, janjal esa mushtlashuvga aylanadi. Boshi qizib, idrokini yo'qotgan yigitlar ikki taraf bo'lib mushtlashuvga aralashib ketishadi. Biqini, qorniga ayovsiz tepkilar yegan janjalkashlardan biri talog'i, jigari yorilib, shifoxonada jon beradi, miyasidan shikast yeb, tuzalish-tuzalmasligi gumon bo'lgan ikkinchisining ham ahvoli og'ir”.
Tanish xabarlar-a, tanish iztiroblar, tanish og'riqlar… Siz istamasangiz ham eshik, darchalaringizdan bu og'riqlar kirib kelaveradi.
“Avvaldan kuzatib yurgan xonadoniga o'g'irlikka kirdi. Voqeaga guvoh bo'lib qolgan ikki o'smir bolalarni bo'g'ib …”, “O'zi gapirishib yurgan talaba qizning homiladorligini bilib qolgach, bu sir oilasiga oshkor bo'lishdan qo'rqib, to'rtinchi qavat derazasidan pastga itarib yubordi. Talaba til tortmay …”
Odamning, bir parcha etdan ulg'aytirilgan, qancha mehnatu mablag' bilan bandalar qatoriga qo'shilgan odam bolasining joni shuncha arzonmi? Unga hayot ato etgan Alloh vaqti-soati yetganida o'zi omonatini oladi-ku. Qatlu qotillik Yaratganga xiyonat emasmi? Qolaversa, bu mudhish xatoni qilgan kimsa o'z joniga ham jabr qilyapti-ku. Faqat o'z joniga emas, yaqinlarining boshiga ham qora kunlar solyapti. Garchi gunohkor bo'lsa-da o'g'li (akasi, otasi, og'asi, boringki, qay bir jigari) ni panjara ortida ko'rganlar qancha iztirob chekadi… El- kun oldida boshi egilgani bir taraf, endi ozodlik huquqlaridan mahrum bo'lgan yaqinining pushaymon to'la ko'zlarini ko'rish yana bir azob… Nahot, shuncha iztiroblar kimdandir qasd olgan paytidagi oniy lazzatga arzisa? Nahot, Alloh bergan aql, odamni hayvondan ayro tutib turgan aql ichdan toshib kelayotgan jahlni jilovlay olmasa? Yana bir jihatni esdan chiqarmaslik kerakki, tiriklik, hayot – bu insonga bir marta beriladigan bebaho ne'mat. Agar uni shartli ravishda bir kitob deb olsak, sahifalarida o'sha bebaho ne'mat uchun qanchalar kurashlar bor, nechog'lik fidoyiliklar bor. Mustabidlar dalalarimizdagi oltinday bug'doylarni tag-tugi bilan yig'ishtirib, olib ketgan paytlarida ham fuqarolarimiz bolasi bag'ridan yulib olingan onaday huvillagan yerlardan boshoqlar terib, tiriklik uchun, bolalari, oilasining jonini asrab qolish uchun harakat qilganlar. Rahmatli onam eslardilar:
— Sahar g'ira-shirada biz — o'smir-o'g'il-qizlar bo'ynimizga to'rva osib, boshoq tergani chiqardik. Brigadir kelib qolsa, o'sha bir siqim bug'doyni ham tortib oladi, degan qo'rquvda qo'llarimiz apil-tapil yer paypaslardi. Ba'zan brigadir ot o'ynatib kelib qolardi, yelkalarimiz, boshlarimizga tars-tars qamchi solardi. Otning oldida to'rvani bag'rimizga bosganimizcha chetga qarab yugurardik…
“Semirib ketaman”, deb nonlardan o'z ixtiyorimiz bilan voz kechayotgan bugungi davrda o'sha pishqirib kelayotgan ot oldida urinib-surinib yugurib borayotgan o'smir bolalarning xotira huquqi yo'qmi? Nahot, urush yillarida janggohlardan — bombalaru granatalar alangasidan olib kelingan sag'ir bolalarga o'zining so'nggi tishlam nonini tutayotgan himmatli onalar, bobo, buvilar haqida o'ylamaymizmi kimnidir tiriklikdan mosuvo qilayotgan chog'imizda? Bu hayot shunchalar shirin bo'lmaganida, bunchalar kerakli bo'lmaganida odamlar uning har bir daqiqasini asrab qolish uchun kurashisharmidi? Hamshiralar qo'lida jon berayotgan askarlar “Men o'lishni istamayman, yashagim keladi, iltimos, asrab qolinglar”, deb yalinarmidi? Nahot, bir lahzalik jahlga yengilib, ana shunday tiriklik fidoyilarining yuziga oyoq bosamiz? O'z o'zimizga atalgan hayot chamanlarini o'zimiz toptaymiz, gullarini yulamiz?
Axir, bu qatlu qotilliklarsiz ham boshimizdan ozmuncha qirg'inlarni o'tkazdikmi? Uzoq o'tmishni qo'ya turaylik, yaqin o'tmishdagilarini eslaylik. Qo'qon muxtoriyati faollari, unga xayrixoh insonlarni dashnoqlar qonga botirdi, farzandlarimiz qalbini ilmu ma'rifat bilan yorishtirib, shu ziyo orqali xalqimizni hurriyatning oydin yo'llariga olib chiqmoqchi bo'lgan jadidlarni “xalq dushmani” deya otdilar, surgun qildilar, yerto'lalarda chiritdilar. Milliy ozodlik kurashchilari “bosmachilar” tamg'asi ostida qizillar tarafidan qirildi, Ikkinchi jahon urushida navqiron yigitlarimizni fashistlar tutday to'kdi… Afg'on urushi, o'zbeklar ishi… Pandemiya… Axir, jahlimizni jilovlay olmay bir-birovimizning jonimizga qasd qilmasak ham xalqimiz ko'p bor taqdirning qasdiga duch kelgan-ku. Nahot, endi bir millat bo'lib birlashishga imkonlar yaralganda, yuksalish zamoni kelganida, jahon bizni qiziqib kuzatayotgan paytida, o'zimizning go'zal taraflarimizni namoyon qilish payti kelganida “Attang, afsus” deydigan holatlarni sodir etsak?
Albatta, kimdir:
— Bizning bugungi erishayotgan yutuqlarimiz oldida, ularning yorqinligi oldida sodir etilayotgan qotilliklar xira, ko'zga ilinmaydigan narsa, buni bo'rttirish shart emas, — deya e'tiroz qilar.
Yo'q, o'sha xirasi ham bo'lmasin! Men o'zim tarixi bilan faxrlanadigan, bugungi imkoniyatlarida buyuk kelajakni his qilayotganim millatimda bitta bo'lsa-da, dog' ko'rishni istamayman! Istamaydiganlar oz emas.
“Haydovchi yo'lovchining yonida katta pul borligini bilib, niyati buzildi. Rulni payt poylab xilvat joyga qarab burdi va yo'lovchining yetti joyidan pichoq urib, jamg'armasini olib, murdani suvga tashlab yubordi”. “Uyiga o't qo'yib, nomusi toptalgan singlisining qasdini oldi. Yong'inda uch fuqaro, shu jumladan olti yoshli qizaloq ham nobud bo'ldi.”
Bas, bas deylik, lekin quloqlarimiz, ayniqsa, ko'zlarimizni bekitmaylik. Axir, bu jinoyatni sodir etayotganlar o'zga sayyoradan kelgan emas! Ular qay birimizning qo'shnimiz, qay birimizning qarindoshimiz, ulfatimiz, qadrdonimiz. Ularning qo'li birdaniga musht bo'lib tugilmaydi, birdaniga pichoqqa cho'zilmaydi, tasodifan birovning eshigi qulfini buzib yoki devoridan oshib kirmaydi. Yomon bo'lish yillar davomida shakllanadigan holat. Faqat biz o'z oilamiz, o'z farzandimizga bo'lgan e'tiborni boshqalardan darig' tutamiz. Boshqalar uchun hamisha ham jonimiz kuyavermaydi. Ko'pincha “Menga nima, o'z boshiga kelgan qorni o'zi kurasin”, degan nigoh bilan qaraymiz. Agar bizda millatlik tuyg'usi kuchli bo'lsa, bir noo'rin ish qilayotgan qavmimizga mehr bilan, ha mehr bilan, qahrlanmasdan xatosini aytishni o'rgansak, jahldan alangalanib kelayotgan otashiga mehr suvini purkasak, ana unda sha'nimizga dog' bo'lib tushadigan noxushliklar, shu jumladan, qotillik ham oyoqlarini yig'adi. Bag'rikeng xalqmiz, deymiz. Kechirimli, andishali, himmatli, hamiyatli… Axir, bu fazilatlarimizning har birini yaxshilik yo'lidagi kuchli lashkarga aylantirishimiz mumkin emasmi? Millat bo'lib, xalq bo'lib birlashish yo'lidagi xizmatga yaramasa, nima qilamiz bu fazilatlar bilan maqtanib? Negadir yuragimizda birlashish oldida hadik bor. Bu tasodif emas, mustabidlar bir g'oya atrofida birlashganlarda doim katta xatar ko'rgan. Ularni tarqatib, to'zg'itishga uringan, lekin bugungi haqiqatlar shundan so'zlaydiki, bir bo'lmagan, bir-birini yomonlikdan, jumladan, qatlu qattollikdan qaytarmagan, har bir sodir etilgan fojiani o'zinikiday qabul qilmagan xalq ko'ngilsizliklar bilan yonma-yon yashaydi.
Yaqinda Xorazmdagi voqea-chi? Elning xizmatini qilasan deb katta mansab, martaba berib qo'yilgan kaslarning qilgan qilmishlarini eshitib yuraklar tamom bo'ldi. Axir, bu nokaslarni kim bunday lavozimlarga qo'ymoqda? Yetim qizlarni zo'rlagan nokaslarga jazo muqarrardir. Ammo bunday jirkanch shaxslarga homiy bo'lgan, orqa bo'lganlar-chi, ular orqada qolib ketaveradimi?!
Ayniqsa, o'lim jinoyatini sodir etayotganlar orasida dunyoga insonga hayot berish uchun keladigan ayollarning borligi, kuygan joningni battar kuydiradi.
Qaynonasini pichoqlagan kelin, kelinini boltalagan qaynona… O'z farzandlarini suvga tashlagan ona, uch nafar bolalarini 9-qavatdan uloqtirgan ayol… Albatta, surishtirilsa, hammasining sababi bor, aybdor ham, gunohkor ham topiladi. Ammo shuni unutmaylikki, asosiy aybdor – biz, jamoatchilik. Unga hayot qadrini tushuntira olmagan, hayotni sevdira olmagan, uning murakkabliklari qarshisida kuchli bo'lib yashash kerakligini anglata olmagan— biz aybdormiz. Maktabda yaxshi o'qitmagan, diliga go'zal orzular sola bilmagan, kasb–korga rag'bat uyg'otmagan bizmiz. O'zimizni olib qochmaylik. Modomiki, biz qonimizdagi buyuk xalqlik hissini tiriltirmoqchi ekanmiz, faqat o'zimiz, farzandlarimiz emas, barcha qorako'zlarning qalbida shu istak yonishi uchun javobgarmiz. Gunohni fosh etish bilan, aybdorning boshidan mag'zava ag'darish bilan, boringki unga jazo berish bilan ham ko'kayimizni kuydirayotgan bu kuyuk bitmaydi.
Qani edi, ildizi yuragimga tutashgan bu hayqirig'imdan so'ng bir silkinib olsak! Dil-dilimizning tub-tubidan “Men sen uchun, u uchun javobgarman”, degan kuchli bir nido kelsa, hech bo'lmasa, xalq taqdiriga bevosita daxldor barcha, ha, barcha zamondoshlarda shu mas'uliyat uyg'onsa… Koshki…
Qutlibeka RAHIMBOYEVA