Nomussizlik

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solayotgan “Xorazm voqeasi”dan xabaringiz bor, albatta. Ma'lumot uchun: telegram kanallarning birida shu yil 31 mart kuni Xorazmda viloyat adliya boshqarmasi va Favqulodda vaziyatlar bo'limi boshliqlari oilaviy “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari bo'lgan voyaga yetmagan qizlarni muntazam zo'rlab kelgani haqida xabar joylandi. Unda 2022 yil sentyabr oyida bo'lib o'tgan sud majlisida o'sha oilaviy “Mehribonlik uyi” rahbari, viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulotda vaziyatlar bo'limi boshlig'iga nisbatan qo'zg'atilgan ish ko'rib chiqilgani aytilgan. Eng ajablanarlisi esa “odil sud” qo'shmachi ayolga besh yil ozodlikdan mahrum qilish, qolgan ikki vijdonsizga esa bir yarim yillik ozodlikni cheklash to'g'rirog'i “uy qamog'i” jazosini bergan.

Bundan ham qizig'i esa “ikkovlon”ga oradan uch oy o'tib, soat 22:00 dan 6:00 gacha uylarida o'tirish og'irlik qilgan, shekilli, apellatsiya instansiyasi sudiga belgilangan jazodan norozi bo'lib murojaat qilishgan. “Odil sud”ga “tasanno”larki, bu “og'irdan-og'ir” jazoni o'zgarishsiz qoldirishibdi. Xo'sh, endi o'ylab ko'raylik: xalq junbushga kelishi, axborot maydoni “portlashi”ga sabab bo'lgan bu holat agar oshkor bo'lmaganida yopiqlik qozon yopiqligicha qolmasmidi?! Ona suti og'zidan ketmagan qizlarni zo'rlab, sud zalida hech tab tortmay “ularning o'z xohishlari bilan rozi bo'lishgani”ni aytgan nomardlar xalq orasida, millionlab yosh qizlar atrofida yuraverarmidi?! Amal, martabasi bo'lmagan, oddiy shaxslar shu ishni qilsa, uning o'zigagina tosh otilardi. Bu holatda davlat xizmatchilari tomonidan bu jirkanch ish muntazam qilinib kelingani nafaqat ularning o'ziga, balki sohalariga ham dog'! “Mas'ul lavozimlarda kimlar ishlayapti, ularning axloq mezonlari qanday?” kabi savollarga javob topish xalqning haqli talabiga aylandi. Axir, yetim qizlarni ishongan tog'imiz bo'lgan davlat kishilaridan ham asrashimiz kerakmi?! Ayni shu savol ko'plab odamlar dilini vayron qilgani shubhasiz. Bu borada Saida Shavkatovna Mirziyoyevaning faol munosabatini va quyidagi fikrini e'tirof etish lozim: “Bu holat qonunchiligimizda jiddiy muammolar borligi va ushbu bo'shliqdan jirkanch shaxs­lar foydalanib qolayotganini ko'rsatadi”. U ikkinchi aprel kundagi munosabatida esa jabrlangan qizlarning xavfsizligi ta'minlanganini bildirar ekan: “Zo'ravonlik doim bo'lgan, lekin aynan hozir ochiqlik tufayli ushbu hodisa haqida baland ovoz bilan gapiryapmiz va bunga qarshi kurashish uchun real resurslarimiz paydo bo'ldi” dedi.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari o'rinbosari Komil Allamjonovning mavzu doirasidagi quyidagi fikrini minglab yurtdoshlarimiz, internet foydalanuvchilari qo'llab-quvvatladi: “Pedofillarga nisbatan kim­yoviy kastratsiya jazosini qo'llash yuzasidan qonunchilikka o'zgartirish kiritish vaqti keldi!

P\S: Agar bu masala dunyo tajribasisiz bo'lmaydi, qayda bor bu jazo, desangiz Qozog'iston, Ukraina, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Isroil, Janubiy Koreya, Fransiya, AQSh va hokazo davlatlarni ko'ring. Ularda bor ekan bu jazo. Xitoy, Lotin Amerikasi davlatlari, Saudiya Arabistoni va Eronda birato'la o'ldirib yuborilar ekan”.

Jurnalist-blogerlar ham o'ta faollik bilan axborotlar oqimida turishdi, fikr va mulohazalarini o'rtaga tashlashdi. Taniqli jurnalist Husan Ermatov Fbdagi sahifasida munosabat bildirar ekan, jumladan, shunday deb yozadi: “Odamning ba'zida bir nima bo'g'ziga keladi tiqilib, biz o'zi qanaqa xalqmiz, shu xalqning obro'si, ertasiga shunchalar ham befarq bo'lish mumkinmi? Nazarimda, bu jirkanch ishlar jamiyatning ko'zgudagi aksi, boshqa narsa emas”.

Taniqli telejurnalist Shohira Hamro esa achchiq kesatiq ohangida yozgan: “Bandamiz, xotiramiz kalta… Marg'ilondagi voqeani unutdik, Sergelida zo'rlab o'ldirilgan qizaloqni unutdik, Xorazm fo­jiasini ham unutamiz…”

“Bu xunrezlik, shunchaki dahshat! – deydi huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev. – … Shaxsan men buni adolatsiz hukm deb hisob­layman! Xullas, ushbu jinoyat ishida “o'yin” bo'lgani aniq. Tanish-bilishchilik, korrupsiya hidi anqib turibdi”.

“Pedofillarga o'lim jazosi berilishi kerak. Bo'lmasa, qamoqdan chiqib, yana qaysidir qizning umriga zomin bo'lishi mumkin” deya vaziyatga baho bergan jurnalist Nargis Qosimova.

Turli kasb-kordagi millionlab internet foydalanuvchilari voqeaga turli rakurslardan qaragan, turlicha fikrlar bayon etilgan. Ularning deyarli barchasida voyaga yetmagan qizlarning himoyasi va “oliy ma'lumotli pedofil”larga keskin jazo so'ralgan. Jumladan, Mahbuba Soqiyevaning mulohazasi yanada keskin: “Jaloliddin Manguberdi hayot bo'lganida bu marazlarni qilichdan o'tkazar edi. Or, nomus uchun ahli oilasini daryoga cho'ktirganini eslang”. Kenjaxon Usmonova esa bunday izoh yozgan: “Hozirgi payt­­da ham oddiy odamlar bunday jinoyat qilsa, 10-15 yil qamoq jazosi beriladi. Amaldorga bir yarim yil faqat “kechasi uyingda uxla” de­yiladimi? Qani adolat?!” Feruz Allaberdiyev degan kishi “Yurtimizdagi barcha mehribonlik uylari, kar-soqovlar maktablari, muruvvat uylarida jiddiy tekshiruv o'tkazilishi kerak. Bolalar bilan mutaxassislar suhbatlashishi kerak. Aslida pedofillar uchun o'g'il bola yoki qiz bolaning farqi yo'q. Bolalarni bunday marazlardan himoya qilolmas ekanmiz, biz hech kimmiz!” deydi. Yana bir ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanuvchi odam Zamon Abdullayev quyidagi fikrni o'rtaga tashlagan: “Tergov harakatlarini olib borgan tergovchilardan tortib, hukmni o'qigan sudyagacha, qat'iy choralar ko'rilmas ekan, bu kabi fojialar davom etaveradi”.

Talaba yoshlardan biri Erkin Shukurov esa “Yangi Konstitutsiyaga pedofillarga qattiq jazo berish moddasi kiritilsa, men erta tongdan borib referendumda ovoz beraman” deb yozibdi.

Umuman olganda bu mavzu nafaqat internet tarmoqlarida, balki boshqa ommaviy axborot vasitalari, ko'cha-ko'y, jamoat joylari, xonadonlarda ham muhokamalarga sabab bo'ldi. Jumladan, “Oriyat dono” radiokanali jonli efirida muhokama qilingan mazkur mavzuda taniqli jurnalist Nozima Vohidova telefon orqali bog'lanib fikrlarini bildirdi: “Men ham onaman, nevaralarimning buvisiman. Bu voqea meni qattiq larzaga soldi. Ko'z yoshimni tiya olmayapman. Bular qanday odamlar ekanki, yetim bechoralarni xo'rlashsa…”

Ha, azaldan qiz farzand xalqning ori, nomusi hisoblangan. Bu jirkanch voqea elimizning jon tomiriga tekkani rost gap. Nomus himoyasiga chog'langanlar jinoyatchilarga qattiq va qonuniy jazo tayinlanishini so'rashmoqda.

Mazkur voqeaga turli tashkilotlar o'z rasmiy bayo­notlarini berishdi. Jumladan, Oliy sud ham birinchi bayonotida ularga birorta protest kelib tushmaganini aytib, mujmal fikrlarni ifodalagan edi. Keyingi bayonotida Oliy sudning jinoyat ishlari bo'­yicha sudlov hay'atiga Xorazm viloyat sudi jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati apellyatsiya instansiyasining 2022 yil 27 dekabrdagi ajrimini A.M. va A.Q.ga oid qismini bekor qilib, ishni yangitdan apellyatsiya instansiyasi sudida ko'rish uchun yuborish to'g'risida Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti kelib tushgani aytildi. Ushbu protest shu yil 6 aprel kuni yopiq sud majlisida ko'rib chiqilishi ma'lum qilindi. Xo'sh, bu nima degani? Bu “odil sud”­ning kichik bo'g'inidagi “o'yin” sirlari Oliy sud tomonidan ochiladi degani. Hayron qolarlisi, himoyasiz voyaga yetmagan qizlarni “o'z xohishi bilan” ekaniga “ishongan” Xorazm sudi 17 yoshgacha har qanday jinsiy zo'ravonlik   eng og'ir jazoga munosib jinoyat ekanligini nahotki bilmaydi? Boz ustiga qabih ji­noyatiga “kunduz kuni bilganing­­ni qilaver, faqat kechqurun bir yarim yilcha uyingda o'tirib tur” deya “hurmatlangan” pedofillar hukmdan norozi bo'lishgani-chi?! Bu holatdan anglash mumkinki, ular o'z ishlarini jinoyat hisob­lashmagan, vijdon, iymon degan narsalardan begona shaxs­lardir. Taassufki, davlat tizimida, huquq organlarida mana shunday odamlarning borligi, qolaversa, ularning suvdan qup-quruq chiqib olishi bizda hali qonun ustuvorligi degan tamoyil ancha uzoqda ekanligini bildiradi. Bu voqea yopiq qozonlardan birining ochilib ketgani. Vaholanki, qopqog'i baquvvat qozonlar yo'q deysizmi?! Biz Prezidentimiz boshchiligida oshkoralik ja­miyatini qurar ekanmiz, birorta “yopiq qozon” bo'lmasligi kerak! Sudlar ham, davlat tashkiloti xodimlari ham, oddiy xalq ham, egarliyu egarsiz barcha-barcha odamlar jinoyatning misi chiqishini aniq bilishi, qonun ustuvorligini hurmat qilishi lozim! Ayniqsa, yurt kelajagi bo'lgan bolalar huquqlari, himoyasi shak-shubhasiz ekani, xotin-qizlarga zo'ravonlikka yo'l qo'yilmasligi borasida qonunchilikda qat'iy jazo belgilanishi davr talabi bo'lib turibdi.

Prezidentimiz mahalla tizimiga katta imkoniyat bergan bir paytda, amaldorlarga uyma-uy, mahallama-mahalla yurib, odamlarning dardini tinglash, xalq bilan yaqinlashish vazifasi qo'yilayotgan zamonda bunday jirkanch ishlarning ro'y berib turishi hech bir aqlga sig'maydi. Axir, uyma-uy yurgan mas'ullar bu voqealardan bexabar qolarmidi?! Bolalar bilan dildan suhbatlashgan odam, ular qo'rqib vaziyatni aytmagan taqdirda ham, shubhaga borgan bo'lmasmidi?! Kuni kecha Sergelida uch bolasi bilan o'zini ko'p qavatli uydan tashlagan, o'zi va norasidalarining o'limiga sabab bo'lgan ayol qismati ham bu boradagi ishlar sust ekanini ko'rsatadi. Nima majbur qildiki, ayol bunday ruhiy zo'riqishga uchradi? Nega farzandlarining ham bu dunyoda qolishini istamadi? To'g'ri, bu holatni oqlab bo'lmaydi! Ammo xotin-qizlar himoyasi haqida gap ketganda, himoyasizlik, chorasizlik nojoiz oqibatlarga olib kelishining guvohi bo'lib turibmiz. Umuman olganda, savollar ko'p.

“Effekt.uz” sayti muxbiri bilan suhbatlashgan xorazmlik jabrdiyda qizlardan biri ayrimlar ularning o'zida ham ayb bor deyishayotgani, ammo ularda birovga aytishdan qo'rquv bo'lgani, doimiy tazyiq va zo'ravonlikda yashashgani, nihoyat o'zi o'qiyotgan maktab direktoriga vaziyatni aytganini bildiribdi. Shu joyda o'sha maktab direktorining “o'yin”larga qo'shilmagani, o'quvchilarining yonida turib, kerakli mutasaddilarga xabar berganini e'tirof etish kerak. Himoyasiz yetim qizlarning dardini tinglagani va uni oshkor qilganining Alloh ajrini bersin!

Aslida bu muborak kunlarda bunday mavzuda yozish, hatto o'ylash og'irdan-og'ir… Ammo yetimlarni xo'rlayotgan, zo'rlayotganlar bor ekan, avvalo, Xudo ularning jazosini bersin, deysan. Qolaversa, qalbida iymon nuri bo'lgan har bir inson xotirjam o'tira olmaydi. Ro'zayi ramazon kunlarida Allohdan yomonlarga jazo, miskinlarga shafoat so'raymiz. Oliy suddan esa eng adolatli hukmni kutib qolamiz.

Shu o'rinda yangilanayotgan Qomusimiz uchun referendum o'tkazish arafasida turar ekanmiz, qonunchilikda pedofillarga munosib jazo belgilanishi lozimligini yana bir bor eslatmoqchimiz. Shifokorlarning ta'kidlashicha, pedofillik davolab bo'lmaydigan kasalliklar turiga kirar ekan. Bizda demokratik jamiyat va erkin yashash tamoyili amal qilar ekan, bunday jirkanch illatga o'rin bo'lmasligi lozim. Chunki hech bir ota-ona bolasini ko'chaga o'ynashga bexavotir chiqara olmaydigan jamiyatni erkin deb bo'lmaydi. “Xorazm voqea”si, Sergelida maktabdan qaytayotgan o'quvchining zo'rlab o'ldirilgani va shu mavzu atrofida ijtimoiy tarmoqlarda turli foydalanuvchilar turli hududlarda o'zlari guvoh bo'lgan voqealarni hikoya qilishgani muammoning dolzarb va ko'lamdor ekanini isbotlab turibdi. Eng ayanchlisi, bizda bunday jirkanch odamlar yo'q deb aytolmaymiz va “Xorazm vo­qeasi” jarayonlari, jazo nomuqarrarligi ularni rag'batlantirishi mumkin. Shunday ekan, qonunchilikda bu davolab bo'lmaydigan kasallikka uchraganlarni Prezident Administratsiyasi rahbari o'rinbosari Komiljon Allamjonov fikr bildirganidek, pedofillarga kimyoviy kastratsiya yo'li bilan jazolash moddasini qo'shish shart! Ular qat'iy va qattiq jazolanmas ekan, bu illatga qarshi kurash samarasizligicha qolaverishi mumkin. Ularga jamiyatda o'rin yo'qligi, jazo muqarrarligi qat'iy belgilanishi lozim.

Sitora TOJIDDINOVA,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 8 =