Farosat maktabi qaerda?

Yoki beparvolik illati va uning ayanchli oqibatlari haqida

 

Ayrim yoshlarimizning jamoat joylarida o'zini tutishi, yurish-turishi, xatti-harakati, muomalasi-yu, madaniyatini ko'rib, yo tavba, nimalar bo'layapti o'zi, qayoqqa qarab ketayapmiz, deya o'ylanib qolasan kishi. Keling, yaxshisi gapni har qadamda turtqilanib, ta'bir joiz bo'lsa aytish kerakki, kamsitilib kelinayotgan ona tilimizdan boshlaylik. Qani ayting-chi, ruslar, inglizlar va boshqa millatlarning o'z tiliga o'zbek so'zlarini qo'shib gapirganini eshitganmisiz? Yo'q, eshitmagansiz! Bundan keyin ham eshitmassiz. Biz-chi? Nega biz o'z ona tilimizga nafaqat ruscha, undan boshqa tillarni ham qo'shib so'zlasha boshladik? Ikki yosh yigitning uchta o'zbekcha so'zga uch-to'rtta ruscha, buning ustiga ingliz yoki boshqa tilni qo'shib gaplashganiga nima deysiz?!

Bu ona tilimizni chala-yarim bilishimizdanmi yoki uni o'zga tillar yordamida endi-endi o'rganayotganimizdanmi?! Balki bu ona tilimizni  boshqa tillarga tanishtirish yo'lidagi biz bexabar yangi bir harakatdir? Yo'q, unisi ham, bunisi ham emas. Chunki har ikkovining ham huquqiy asosi yo'q. Xo'sh, unda nega aksariyat o'zbek yoshlari o'z tiliga ruscha, ing­lizcha so'zlarni qo'shib gapirishni odat qilishmoqda? Bu madaniyatmi, ma'rifatmi yoki yuksak ma'naviyatmi? Nima bu o'zi? O'z tili bilan faxrlanish, g'ururlanish, uni mehr-muhabbat ila  qadrlashmi? Yo'q albatta! Bu farosatning o'ziga yarasha ekanligidan boshqa narsa emas!  Axir, sof o'zbek, arab, fors, rus, ingliz va boshqa tillarda gaplashishni hech kim taqiqlab qo'ygani yo'q-ku!  Ba'zi bir yoshlarning antiqa so'zlashishini oilada ota-onasi, maktab va oliy o'quv yurtida o'qituvchilari, mahallada qo'ni-qo'shni va yoshi ulug'lar eshitmayaptilarmi? Eshitayaptilar. Unda “hoy, baraka topkur bolam, ona tilingga boshqa tillarni qorishtirib gapirishing yaxshi emas. Bu nafaqat o'z tilingga, eng avvalo, senga shu tilda alla aytgan onangga, millating va qonunga, ayni paytda o'zga tillarga ham hurmatsizlikdir” deyishsa birov yoqasidan oladimi? Olmaydi! Bu gapni aytish uchun ona tilimizga bo'lgan cheksiz mehr-muhabbat, avvalambor, biz kattalarning qalbimizda doimo qaynab, jo'sh urib turmog'i kerak! Ana shundagina yoshlarimizning so'zlashish madaniyatiga e'tibor beradigan, pandu nasihatimizni ayamaydigan, tilimizning sofligi uchun qayg'uradigan, o'rni kelganda kesib-kesib gapiradigan bo'lamiz. Aks holda yoshlarimizni o'zimiz va o'zligimizdan uzoqlashtirib qo'yishimiz hech gap emas.

Yana shunday yoshlar borki, yuzma-yuz kelganda xushiga kelsa salom beradi, bo'lmasa yo'q. Yo'l berish u yoqda tursin, turtib o'tib ketaverishadi. Bo'sh joydan quruq qolmaslik uchun metro poezdi vagonlari eshiklarining ochilishini poylab turishadi. Yosh bolaliklar, keksa otaxonu onaxonlarni ortda qoldirib, hammadan oldin kirib olishadi. O'tirib olgandan so'ng, qaytib turmaslik uchun darhol nigohlarini mobil telefoniga qadaydilar. Ulardan keyin chiqqan keksalar esa o'zlarini bir chetga olib, bosh­larini xam qilgancha tik turadilar. Yoshlardan joy so'rashni ep ko'rmaydilar. Vagon eshiklari yopilib, poezd ke­yingi bekatga yo'l olganda ovoz yangraydi: “Hurmatli yo'lovchilar! Yosh bolalik, nogiron va yoshi kattalarga joy bering!” Iltimos ohangida aytilgan bu da'vatni quloqlariga telefon ovozini kuchaytirib beruvchi tugmachalarni o'rnatib olgan yigit-qizlardan tashqari hamma eshitadi. Ammo birovning miq etgisi kelmaydi.

Hech kimning asab buzishga toqati yo'q-da. Shuning uchunmi, ko'pchilik “och qornim, tinch qulog'im”ni ma'qul ko'radi. Bunday loqaydlik yoshlarimizni yanayam izzattalab va befarq qilib qo'ymoqda. Yosh bolalik ayollarga, nogironlaru keksalarga hurmat ko'rsatish insoniy burchlari ekanligini unutishgacha olib bormoqda. Ahvol shu darajaga yetdiki, bir qator yoshlar farosatda haminqadar ekanliklarini yuzsizlarcha namoyish etmoqdalar. Bunga ko'cha-ko'y, yo'l ulovlari-yu, jamoat joylarida har kuni bir emas, bir necha bor shohid bo'layap­miz. Yigit bilan qizning metro vagonida yoki yo'lak yoqasida qo'yilgan skameykada turli yoshdagi odamlar ko'z o'ngida kuppa-kunduz kuni uyalmay-netmay bir-biriga suykalgancha musichalarga o'xshab lab urishtirishlarini odobdan deyish mumkinmi? Yo'q! Unda, nega bu sharmandlikni ko'rib turib, indamaymiz?

Achchiq bo'lsa-da aytish kerakki, bu ham biz kattalarning beparvoligimiz oqibati. Yaxshiyamki, bunga toqat qilolmaydigan jur'atli odamlar bor. Ko'pni ko'rgan, yoshi ulug' insonning o'sha yigit-qizga qarata: “Ota-onangizning sizni chiroyli kiyintirib, qimmatbaho telefon olib berishga yetgan aqli farosatingizni tarbiyalashga yetmabdi-da, afsus” deganini eshitganimizda qush uyasida ko'rganini qiladi-da, deymiz o'sha odamning fikrini quvvatlab. Aslida shu gapni men yoki yonimdagi odam aytsa ham bo'lardi-ku. Ammo “asabimni buzib nima qilaman” degan o'y bilan tilimizni tiyamiz. Nari borsa, eshitilar-eshitilmas qilib, tarbiyasizlar deb qo'yaqolamiz. Shu bilan — tamom.

Lug'atda farosat so'zi “fahmlash”, “o'tkir aql” ma'nolarini anglatishi aytilgan. Xalq orasida “Farosat — yarim karomat” degan hikmatning keng tarqalgani ham bejiz emas. Hakim Termiziy bobomiz rivoyat qiladilar: Payg'ambarimiz Rasuli Akram sollallohu alayhi va sallam “Mo'minning farosatidan qo'rqing, zero u Allohning nazari bilan qaraydi”, deya marhamat qilgan ekanlar.

Allohning nazari bilan qarash insondan nechog'li ziyraklikni, donolikni, aql-idrokni, zakovatu komillikni talab etishini tasavvur qilish qiyin bo'lmasa kerak. “Farosating bormi?” deyilganda mana nimalar nazarda tutilmoqda. Demak, farosat insonning eng go'zal fazilatidir. Xo'sh, bu nodir fazilatning yoshlarimizda (hatto kattalarimizda ham) kemtikligining asosiy sababi nima? Bilimsizlikmi yoki ma'naviyatu ma'rifatning sayozligi?

Fikrimning dalili sifatida bir necha kun muqaddam internet saytlaridan birida e'lon qilingan g'aroyib bir intervyuni misol keltirmoqchiman. “Renessans” telekanalining muxbir qizi suhbatdoshiga savol berayapti: “Amir Temur Ikkinchi jahon urushida qancha askari bilan qatnashgan? A-1000 ta, B-2000 ta, V-3000 ta.” Sohibqiron bobomiz 1336 yilning 9 aprelida tavallud topib, 1405 yilning 18 fevralida vafot etgan bo'lsa, 1941-1945 yillarda bo'lib o'tgan Ikkinchi jahon urushida qanday qatnashishi mumkin?! Bilganga hazil, bilmaganga chinmi bu yoki millatning buyuk farzandi — kimsan Amir Temurdek sohibqiron ustidan kulishmi? Farosatsizlik,  betayinlik  bundan ortiq bo'lishi mumkinmi? Axir, buni ko'zi bilan ko'rib, qulog'i bilan eshitgan ming-minglab maktab o'quvchilari-yu, oliy o'quv yurti talabalari Ikkinchi jahon urushi haqida gap ketganda o'qituvchisi bilan tortishib-talashib o'tirmaydimi? Muxbir qizning ustozi o'ynab gapirsang ham, o'ylab gapir demagan ekan-da. Esiz-a, esiz! Nima ham der edik. Shunday “bilimdon tarixshunos”ni uchirma qilgan, avvalo, uning maktabiga, agar undan so'ng o'qigan bo'lsa, o'sha o'qigan bilim maskaniga ming rahmat! Kechagina tuxumdan chiqqan jo'janing qo'liga mikrofon berib, “og'zingga kelganini gapiraver” degan televidenie mutasaddilariga ham ofarin! Darvoqe, bu muhim yangilikdan tarixchi olimlarimiz bexabar qolmasinlar tag'in!  Axir, bu buyuk “kashfiyot”-ku!

Yoshlarni yosh desang, ba'zan kattalarning farosatsizligi ularnikidan ham oshib tushadi. Mahallamizda joylashgan nufuzli idorada yilida bir-ikki oliy darajadagi anjuman o'tkazilib turiladi. Ana shunda mazkur binoga qo'shni bo'lgan ko'p qavatli uylarimizni tanimay qolamiz. Anjumandan uch-to'rt kun oldin obodonlashtirish xizmatining oddiy farroshidan tortib, katta-yu kichik rahbarigacha Xudoning bergan kuni erta tongdan kechgacha hay-huylab, hamma joyni igna tushsa ko'ringudek qilib qo'yishadi. Anjuman kuni azonlab uylarimizning oldi-ortida milisa qatorlashadi. Ularning g'uldur-g'ulduri salkam kechgacha davom etadi. Ular ketgandan so'ng, qo'shnilarning so'kinishi-yu, qarg'ishi boshlanadi. Kechagina jannatdek qilib qo'yilgan joylar – uylarimizning yo'laklaridan tortib, atroflarigacha pista po'choqlari, papiros qoldiqlari, turli ichimliklar idishlari, yelim xaltalarga solingan ovqat qoldiqlari bilan to'lib-toshgan bo'ladi. Lekin buni hech kim tozalab ketmaydi. Mahallaning raisi bilan profilaktika inspektorlari ko'rib ko'rmaganlikka olishadi. Qaysi xonadonda o'zbek yashasa, ayoli to'ng'illab- to'ng'illab supirib-sidirib qo'yadi. Boshqa millat vakillari esa osmonga qaragancha o'tib-qaytaveradi. Agar, milisa xodimlari shu tashvishni orttirmaganida bu gaplar qayoqda edi?  Yana ular huquqni himoya qiluvchilar emish. Bu ishni farosati borlar qilsa bo'lmasmikan?!

Sizlarni bilmadimu, lekin kamina yana badanini bo'lar-bo'lmas yozuvlaru rasmlar bilan bejab tashlaganlarni o'lguday yomon ko'raman. Bilasiz, yozning yondiraman degan 45-50 darajali issig'ida metroda yurishdan yaxshisi yo'q. Bekatlar ham, poezd vagonlari ham salqingina – rohatijon. Dam olish kuni bo'lgani uchun yo'lovchilar siyrak. Kuni kecha Yunusobod dehqon bozoridan chiqib, metroga tushdim. Keyingi bekatdan qo'l telefonida gaplashgancha o'rta bo'yli, oq-sariqdan kelgan, bo'yalgan qoshu ko'zlari-yu, sochi yaltirab turgan, egnida havorang kalta bir nima (libos deyishga til bormaydi), qizil gullik yengsiz mayka kiygan bir qiz chiqdi. Unga ko'zi tushgan kishi borki, haykalday qotdi. Qizning ochiq ko'kragida timsoh, ikki qo'lida o'ralgan kobra ilonlari tasviri. Mana sizga suqsurday qizning afti-angori-yu, shaharda kiyinib yurishi. Odamlarning munosabatini bilish uchun men bu tasqarani yo'l bo'yi kuzatdim. Birinchidan, unga hech kim yaqin bormadi. Qarab turganlarning nigohida nafratdan boshqa narsani ko'rmadim. Lekin hech kim qizga yotig'i bilan muloyimgina qilib dakki bermadi. Qiz esa parvoyi palak. Farosati bo'lmagandan keyin parvoyi palak bo'ladi-da! Mana sizga ertaga ona bo'ladigan qizning ahvoli. Darvoqe, u o'quvchilik yillaridagi orzulari, niyatu maqsadlarini eslarmikan? O'z taqdirini o'qish, o'rganish, halol mehnat bilan yaratishga intilayotgan dugonalari bilan yuzma-yuz kelganda qilmishidan uyalarmikan? Bilmayin bosgan tikonining jabridan tezroq qutilish xayoliga kelarmikan? Qiziq, ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari  har gal unga ko'zlari tushganda ko'ngillarini qanday tuyg'ular chulg'ar ekan? Quvonchmi, qayg'umi, faxrmi, qahrmi? Nima?! Qo'ni-qo'shni, mahalla, tanish-bilishlar-chi? Nahotki, ular ham loqayd bo'lsalar? Yo'q, bunday bo'lishi mumkin emas! Chunki, o'z farzandlarimizga, ko'cha-ko'ydagi yoshlarga loqayd qarashimiz ertaga o'zimizning uyatdan bosh ko'tarolmay qolishimizga sabab bo'lishi mumkin. Shunday ahvolga tushmaslik uchun mahallalarning, ular orqali oilalarning ma'naviy-ma'rifiy faolligini oshirish lozim. Eng muhimi, yoshlarimizning xatti-harakati, jamoat ichida o'zini tutishi, muomalasi, madaniyati biz kattalarning e'tiboridan aslo uzilib qolmasligi shart! Ammo bu o'z-­o'zidan bo'lmaydi. Quruq gapdan amaliy ishga, yolg'ondan rostga o'tishni talab etadi. Buning uchun mahallalarni salohiyatli kadrlar bilan mustahkamlash kerak.   Afsuski, haligacha aksariyat hollarda mahalla oqsoqoli xalqning emas, hokimning tanlovi bilan qo'yilmoqda. Ularning ichida bir yilda bitta badiiy kitob o'qimaydigan, ma'naviyatu ma'rifatdan yiroq bo'lgan o'rta ma'lumotli, hayot tajribasiga ega bo'lmagan, hokimiyat topshirig'ini chala-yarim bajarish bilan chegaralanadigan, “sen menga, men senga tegmay” deydigan qup-quruq savlatlar kam emas. Ba'zan ana shunday oqsoqollarning yetti-sakkiz yillab sudralib yurganligini ko'rib, yuqoridagilarga og'zing qani desa qulog'ini ko'rsatadiganlar ma'qul shekilli, degan o'y xayolingda charx uradi. Qizig'i shundaki, bunday oqsoqollar o'z tinchini o'ylab, atrofiga aynan o'ziga o'xshaganlarni yig'adi. Albatta, bunday mahallalarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar o'lda-jo'lda bo'ladi-da! Agar, biz saylagan tuman, shahar va Oliy Majlis deputatlari mahallalarning chetidan o'tmay, ularning tub-tubigacha nazar solganlarida va ko'rgan-bilgan kamchiliklari-yu, muammolarini aholi o'rtasida ochiq-oydin muhokama qilib, amaliy yordam ko'rsatganlarida ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinayotgan katta-kichik jinoyatlarning oldi olingan bo'larmidi?!

Mahallalarimizning shart-sharoitini yaxshilash, qulay imkoniyatlar yaratib berish borasida davlatimiz keng ko'lamli ishlarni amalga oshirayotgan  bir paytda ularda faoliyat ko'rsatayotgan kadrlarning hammasini ham o'z vazifasini sidqidildan ado etayapti deb bo'lmaydi. Zotan, mahalla oqsoqoli (uning xodimlari ham) fidoyi, jonkuyar, tashabbuskoru tadbirkor, ma'naviyatli-yu, ma'rifatli bo'lmas ekan, bunday joyda ildizlari baquvvat daraxt ham quriydi. Axir, odamlarning tashvishu quvonchiga sherik bo'lmagan, askar uxlayapti, xizmat o'tayapti qabilida ishlayotgan rahbar va uning xodimlari tabiatning hayoti uchun qayg'urarmidi?! Aslo!

Kuni kecha matbuotda e'lon qilingan Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi faollari va bir guruh ma'rifat targ'ibotchilarining O'zbekiston xalqiga Murojaatini diqqat bilan o'qib chiqib, unda meni – oddiy bir ziyolini ham o'ylantirib, ham tashvishlantirib kelayotgan bir qator masalalar haqida bong urilganligidan xursand bo'ldim. Chindan ham bugungi dunyoda global miqyosda inson ongi va qalbini egallash uchun kurash kuchaygandan kuchayib bormoqda. Bu borada ijtimoiy tarmoqlarda o'ta axloqsizlikni turli shakllarda targ'ib qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga rahna solish, yolg'on va bo'htonni ko'pirtirish, shu maqsadda g'oyaviy tahdidlar va axborot xurujlarini yanada avj oldirishga zo'r berilayotganligini ko'rib-bilib turibmiz. Ana shunday qaltis bir paytda Xudoga shukur yurtimiz tinch, xalqimiz osoyishta hayot kechirmoqda deya xotirjamlik va beparvolikka  berilishga hech qaysi birimizning haqqimiz yo'q! Nafaqat oilamizu mahallamizda, nafaqat o'qish va ish joylarida, balki hamma-hamma joyda ogohlik, ogohlik va yana ogohlik O'zbekiston farzandiman degan har bir insonning vatanparvarlik burchiga aylanmog'i kerak!

Murojaatda ta'kidlanganidek, “…ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suya­­gi qotmagan, hayot yo'lini aniq belgilab olmagan, zararli ta'sirlarga beriluvchan, ma'naviy-mafkuraviy immuniteti bo'sh yoshlarimizni to'g'ri yo'ldan chalg'itishga urinmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini ta'minlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obro'sizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini noto'g'ri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoqosti qilgan holda, jaholat, ma'naviy tubanlik, yovuz­lik, johillik ko'rinishlarini keng targ'ib etib, mo'may daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yo'q emas. Bu esa xalqimizni tashvishlantirib, uning haqli e'tirozlariga sabab bo'lmoqda.”

Men bu fikrlarni millatparvaru vatanparvar, fidoyi va jonkuyar insonlarning qalblaridan vulqon misol otilib chiqqan nido sifatida qabul qildim. Bu hayqiriq ota-onalarga, ziyolilaru ustozlarga, tadbirkoru ishbilarmonlarga, mahalla faollari-yu, yoshlarga qarata qilingan murojaatlarda ham ichki bir kuyunchaklik bilan qo'ng'iroqdek yangrab turganligi ko'tarilgan muammolar yechimi yo'lida birlashib, hamfikr bo'lib, yagona maqsad — xalqimiz va davlatimiz tinchligiga gard yuqtirmaslik, “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” naqliga amal qilib, farzandlarimizni ma'naviyatli insonlar qilib tarbiyalashdek umummilliy vazifamiz yo'lida paydo bo'lgan barcha yovuz niyatlaru illatlarga qarshi ma'rifat bilan astoydil kurashishga da'vat etib turibdi. Shunday ekan, mazkur Murojaat har bir oilada, har bir mahallada, har bir o'quv yurti va ish joylarida chuqur o'rganilishi va tegish­li xulosa chiqarib olinishi zarur! Bu masalada “bo'lcha-bo'l”chilik, “urra-urra”chilik ketmaydi. Hisobot uchun nomigagina tadbir o'tkazgandan (bunaqasini ko'p ko'rganmiz) ko'ra, boshni egib, chetga chiqib turgan ma'qul. Shu bois ushbu Murojaatga bag'ishlangan tadbirlarning foydali va samarali bo'lishi uchun ularda Ma'naviyat va ma'rifat markazlarining mas'ul xodimlari ishtirok etishlari maqsadga muvofiqdir.

Aziz o'quvchim! Farosat haqidagi fikrlarimning ma'naviyat bilan yakunlanganiga sirayam ajablanmang. Chunki, farosatli odam — shubhasizki, ma'naviyatli odamdir.

Nuriddin OChILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − ten =