Yurak bilan sirlashaman jim

Muallif haqida:

Zumrad MAShARIPOVA  — 1990 yil Yangibozor tumanida tavallud top­gan. Urganch davlat universitetining filologiya va san'at fakultetini bitirgan. 2022 yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O'zbek tili va adabiyoti universiteti magistraturasini tamomlagan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

YoR

Ichsam, mast qilar debsiz,

Qimizga mengzabsiz, yor.

Vo ajab, g'uncha labni

Qirmizga mengzabsiz, yor.

Izhoringiz buncha ko'p,

Yurakni tuzlabsiz, yor.

O'zni yengmoqlik uchun

O'zgasin izlabsiz, yor.

Ko'nmay yurak mayliga,

Kirmay sevgi sayliga,

Bosh egmay biz Layliga,

Oson yo'l izlabsiz, yor.

* * *

Tun chekinar kipriklarimdan,

Ko'zlarimdan taraladi nur.

Butun borliq uxlaydi sokin,

Sen uyqudan olasan huzur.

Jon olaman xotiralardan,

Yurak bilan sirlashaman jim.

Hatto rashkim qo'zg'atar mening,

Tushlaringga kirgan allakim.

* * *

Jiringlasin telefon tinmay,

Tez-tez yo'qla, holim so'rab tur!

Vujudimga kirgan harorat

Ko'zim uzra sochib tursin nur.

Shu simlarda taratgin mayli

Ovozingning jaranglarini.

Men qog'ozga sochaman endi

Hayajonning bor ranglarini.

* * *

So'z dema!

So'zlama!

So'zlatma!

Izlama!

Izlamam,

Izlatma!

Men faqat muhabbat istayman,

Qalbimni tuzlama!

Tuzlatma!

Sevolsang o'zingdan tonib sev!

Cho'g'ida qovrilay, yonib sev!

Chanqasang ishq mayin tutqazay,

Sevgida men senga yutqazay.

Artib qo'y ko'zlarim namini!

O'chirma ishonchim shamini!

Bas endi sabrlar charchadi,

To'ldirgin ko'nglimning kamini.

Bilsayding sensizlik yomondir,

Bilaman mensiz ham omonsan.

Yoding hech osoyish bermaydi,

Ey, Yaxshi,  ne sabab yomonsan?

 

* * *

Tilimning uchida uchadi bir so'z,

Sukunat ichida saqlaydi sukut.

Qoshingga boraman, pichirlaydi ko'z,

Tushlaring eshigin ochiq qo'y-da, kut.

* * *

Menga yetguningcha to'kilaman, yor,

Bittalab terasan bo'laklarimni.

Ma'yus nigohimga tikilib abgor,

Tushuna olmaysan tilaklarimni.

Senga intiluvchan barg edim, sen-chi,

Bahor gullariga tikilding mushtoq.

Umring xazon kabi bo'lganda zard  tus,

Bahorga do'naman gul kabi oppoq.

* * *

Dalalarning yuzini yelpib,

Silkinadi yetilgan boshoq.

Bug'doylarning hididan sarmast

Kuy chaladi yaproqlar mashshoq.

Yuragimni ezaman tinmay

O'z ishqimning tegirmonida.

O'tdan chiqib qizarar keyin,

Non  o'zbekning dasturxonida.

USTOZ

Sochimda sudralib kezadi sog'inch,

Sochilib ketadi yo'llarga yillar.

Dars tugar, darsxonam nafas olar tinch,

Har tomon tarqalar nur to'la dillar.

Men yana ertani kutaman mushtoq,

Horg'in nigohimni kuldirmoq uchun:

Quyoshdek nur sochib, yuragi oppoq

Toza varaqlarni to'ldirmoq uchun.

* * *

Boshimizdan yog'ib o'tgan yog'ishmidi?

Par bulutning dardlarini sog'ishmidi?

Ivib ketdim, anglolmadim maqsadingiz,

Ag'yorlarning so'zlariga og'ishmidi?

Oqib ketmay, izga qaytmish armonlarim,

Xazon yanglig' yuzga qaytmish armonlarim.

Sizdan kechib, yana sizga qaytdim takror,

O'zdan kechib, o'zga qaytmish armonlarim.

* * *

Kulishni unutdim, kulmay qo'ydim, yor,

Har kuni ming o'lib, o'lmay qo'ydim, yor.

Bag'riga chorladi xazonrez bog'lar,

Sizsiz go'shalarga kelmay qo'ydim, yor.

Armonlar arimay qoldi  yurakdan,

Hijronning dashtidan jilmay qo'ydim, yor.

Sog'inchlar quyilgan qadahlarimdan

Siz ham ichib ko'ring, bir may quydim, yor.

Gadoga aylandim mehr tilanib,

Dilni devonaday tilmay qo'ydim, yor.

O'zimni unutdim toshga aylanib,

Mehr nimaligin bilmay qo'ydim, yor.

Kelishingiz kutdim uzun kechalar,

Ko'nglim darvozasin ilmay qo'ydim, yor.

Sizni sarson qildi qaysi ko'chalar?

Men ham iltifotlar qilmay qo'ydim, yor.

Boshimda boshim yo'q, quyoshsiz ko'kman,

To'lin oy misoli to'lmay qo'ydim, yor.

Bemajol tanamga keraksiz yukman,

Har kuni ming o'lib, o'lmay qo'ydim, yor…

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 4 =