Buyuk Britaniyada O'zbekistonlik talabalar uyushmasi faoliyat ko'rsatadi
Mamlakatimizning Londondagi elchixonacida O'zbekistonlik talabalar uyushmasining rasmiy ochilishiga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi.
Unda Buyuk Britaniyaning Oksford, Kembrij, Edinburg, London Iqtisodiyot maktabi, London Imperial kolleji kabi yetakchi universitetlarida tahsil olayotgan va “El-yurt umidi” jamg'armasi grantlari asosida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.
O'zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov anjumanning ochilish marosimidagi nutqida ishtirokchilarni Yangi O'zbekistonning asosiy qatlami hisoblangan yoshlar uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar xususida so'z yuritdi.
Tadbir davomida O'zbekistonlik talabalar uyushmasi yetakchilari tashkilot oldida turgan vazifalar va istiqboldagi rejalarga bag'ishlangan taqdimot o'tkazdilar. Taqdimot davomida Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda olib borilayotgan yoshlarga doir davlat siyosatini izchil davom ettirish va targ'ib etish uyushma oldidagi asosiy vazifa sanalishi ta'kidlandi. Uyushma kelgusida O'zbekistonning boy madaniy-ma'rifiy tarixini Buyuk Britaniyada turli tadbirlar, yig'ilishlar va davra suhbatlari orqali ommalashtirishni ham maqsad qilgan.
O'zbekistonlik talabalar uyushmasining tantanali ochilish marosimidan so'ng Buyuk Britaniya oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandosh talabalar o'rtasida “Zakovat” intellektual o'yini bo'lib o'tdi. Turnirda 6 ta jamoa besh raundda o'z bilimlarini sinovdan o'tkazdi. Bilimlar bellashuvi yakunida uning g'oliblari diplomatik missiya nomidan esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekistonning Londondagi elchixonasi ko'magida bir guruh vatandosh talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus Buyuk Britaniyadagi universitetlarda tahsil olayotgan mamlakatimiz yoshlarini birlashtirish, ularning bilim olishlari uchun qulay va faoliyatning turli sohalarida faol ishtirok etishlari uchun universal platforma yaratishga qaratilgan.
“Dunyo” AA,
London shahri.