Nyu-Yorkda “Ziyo art” — o'zbek tili markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Nyu-York shahridagi “Mahalla USA” vatandoshlar jamoat uyushmasi tomonidan O'zbekiston Bosh konsulxonasi bilan birgalikda jamiyat huzuridagi  “Ziyo Art” o'zbek tili markazi yangi binosining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Davlatimiz  rahbari tashabbusi bilan 2024 yil O'zbekistonda “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili”, deb e'lon qilingani mamlakatimizda, qolaversa, xorijdagi vatandosh yoshlarga bo'lgan e'tiborning yana bir ifodasi bo'ldi. “Ziyo Art” o'quv markazi “Mahalla USA” vatandosh jamoat uyushmasi huzurida 2020 yil  sentyabr oyida  tashkil etilgan.   Markaz faoliyati AQShdagi vatandoshlarning farzandlariga o'zbek tili va adabiyotini o'rgatish, ularning tarbiyasida milliy qadriyatlarning roli va ahamiyatini oshirishga  qaratilgan.

O'quv markazida 6 yoshdan 15 yoshgacha bo'lgan bolalar uchun o'zbek tili va adabiyoti,  odobnoma, kompyuter savodxonligi  darslari,  tasviriy san'at, matematika fanlaridan darslar, shuningdek, shaxmat, sambo va kurash  kabi sport turlarida to'garaklar yo'lga qo'yilgan.

Mashg'ulotlar shanba va yakshanba kunlari tanlov asosida tanlangan malakali o'qituvchilar tomonidan, O'zbekis­tondan  olib kelingan o'quv adabiyotlaridan foydalangan holda olib boriladi.

O'quv markazining yangi binosi mashg'ulotlar uchun mo'ljallangan 10ta xonadan iborat bo'lib, umumiy maydoni 500 kvadrat metrni tashkil qiladi. Hozirgi kunda markazda oyiga 120-150 nafar bolalar tahsil olmoqda.

Markaz yangi binosining ochilish marosimida so'zga chiqqan “Mahalla USA” uyushmasi  rahbari Abdumalik Ahmedov  tadbir 9 fevral — buyuk shoir, mutafakkir shoir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy bobomiz tavallud topgan kunda ochilayotganiga e'tibor qaratdi.

“Markazning asosiy maqsadi o'sib kelayotgan yosh avlodga, farzandlarimizga ona yurtga muhabbat, hurmat va sadoqat tuyg'ularini shakllantirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash,  qadriyatlarimizni,  milliy o'zligimizni saqlab qolish, ularga sifatli ta'lim-tarbiya berish va keng imkoniyatlar yaratishdan iborat”, — dedi u.

“Mahalla USA” yetakchisi, shuningdek, O'zbekiston hukumati tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga ko'rsatilayotgan e'tiborni yuqori baholadi.

Ushbu ma'rifat maskanining ochilish marosimida O'zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari, kongressmenlar, Nyu-York shahri senatorlari, mahalliy hokimiyat vakillari, faol vatandoshlar va  mahalliy OAV  vakillari qatnashdi.

“Dunyo” AA,

Nyu-York shahri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 4 =