Viloyat hokimi “Ruxsor” faoliyati bilan tanishdi

Hozirgi paytda Farg'ona viloyatida bir nechta xususiy tele va radiokanallar faoliyat olib bormoqda. Mamlakatimiz va xorij yangiliklari, dunyodagi voqeliklar, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan keng ommani tanishtirish vositasi, shuningdek, madaniy-ma'rifiy, ijtimoiy-siyosiy mazmundagi axborot manbai sifatida ularning alohida o'rni bor.

Xususan, “Ruxsor” teleradiokanali bugungi kunda xalqaro maydonda ham o'z mavqei va reytingiga ega bo'lib bormoqda. Teleradiokanal ijodiy jamoasi yangi-yangi marralarni zabt etish maqsadida qizg'in ijodiy ruhda mehnat qilmoqda. Teleradiokanal tarkibidagi “Ruxsor” hamda “Gold.uz” telekanallari, shuningdek, “Ruxsor.FM” radiokanallarida har kuni 18 soat davomida turli loyihalar taqdim etilyapti.

Kuni kecha Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov “Ruxsor” teleradiokanaliga tashrif buyurdi va bu yerda ijodkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Hokimlik vakillariga bir guruh OAV xodimlari ham hamrohlik qilishdi.

Dastlab viloyat rahbari telemarkazning to'lqin tarqatish xonasida bo'lib, bu yerdagi yangi texnologiyalarni ko'zdan kechirdi. Aytish kerak, ikki telekanal va “Ruxsor.FM” radiosi efiri mana shu manzilning o'zidan uzatiladi. Zamonaviy, so'nggi rusumdagi to'lqin tarqatish texnologiyalari esa efir sifatini ta'minlaydi, to'g'ridan-to'g'ri namoyishlar uchun qulay zamin yaratadi.

— Yetti yoshdan yetmish yoshgacha tomoshabinni qamrab olgan telekanalning kechagi kuniga nazar tashlaydigan bo'lsak, jamoa kichik studiyalarda faoliyat ko'rsatardi. Kompyuter grafikasi yordamida virtual dekoratsiyalarni yaratgan ijodkorlarni bu qoniqtirmasdi, albatta. Rostini aytganda, zamonaviy jurnalistikaga bu mos emasdi, — deya eslaydi telejurnalist Ahror Ziyodov. — Shu asnoda teleradiokanal rahbariyati yangi tashabbusga qo'l urdi: bu yerda katta pavilon qurildi va o'zgaruvchan studiyalar yaratildi. Natijada telekanallar namoyish etadigan mahsulotning sifati va auditoriya qamrovi oshdi. Tomoshabin kutadigan, aytsa arzigulik loyihalar nafaqat telekanal, balki “Mediabay.tv”, “iTV.uz” platformalari orqali ham efirga uzatilmoqda. Shuningdek, respublika kabel teletarmoqlari orqali ham mamlakat bo'ylab tomoshabinlar farg'onalik ijodkorlarning telemahsulotlarini tomosha qilayaptilar. Viloyatimiz rahbarining bu yerga tashrifi barchamizning ko'nglimizni ko'tardi. Biz ham o'z navbatida yangi tashabbuslar bilan xalqimizga xizmat qilishdan mamnunmiz.

Viloyat hokimi radiokanal ijodkorlari, teleradiokanal bosh direktori Nuriddin Asqarov bilan uchrashdi. Samimiy suhbat davomida ijodkorlar tomonidan yaratilayotgan yangi loyihalar, boshlovchilarning yangi tashabbuslarini tingladi. Tez kunlarda taqdim etiladigan loyihalar va viloyat hokimligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar xususida tayyorlangan taqdimot havola etildi.

“Ruxsor” TV ijodkorlari bilan suhbatda o'z fikr-mulohazalarini bildirgan viloyat rahbari ijodiy jamoa ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Sherzod QORABOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − eight =