Dunyoga bo'ylayotgan “Oltin qalam”

Hayotda oddiy qalamning, so'zning qudrati, mo''jizasi beqiyos ahamiyatga egadir. Bu — isbot talab qilmas haqiqat. Negaki, olamshumul g'oyalar, muhim tarixiy voqea-hodisalar, buyuk allomalarning asarlari ham dastlab qalam orqali qog'ozga muhrlangan va shu asnoda avloddan-avlodga yetkazilgan. Ne baxtki, bugun dunyo shu qadar rivojlangan, insonning aqli shoshadigan axborot texnologiyalari taraqqiy etgan zamonda ham qalam va so'zning qadri oshsa oshib bormoqdaki, aslo kamaygan emas. Albatta, birinchi eng muhim omil bu — qay yurtda tinchlik va xotirjamlik, rivojlanish va yuksalish hukm surayotgan bo'lsa, barcha ne'matlarning qadri baland bo'lishi, e'zozlanishi tayindir. Netongki, bugun dunyo ikkiga bo'lingan bir olmaning ikki pallasini go'yo simobga qo'yilgani kabi qalqib turgani ham ayni haqiqat. Axir qanchadan-qancha yurtlarda urush va notinchlik sabab millionlab odamlar o'z Vatanidan, uylaridan ayro, ertasining qanday bo'lishini bilmasdan xavotirda tong ottirayotgani, guldek bolalarning ko'zlaridagi yoshni artib qo'yishga esa imkonlari bo'lmayotgani hech kimga  sir emas.

Demak, faqat tinchlik va farovonlik hukm surgan yurtdagina yuqorida biz aytgan qalam va so'zning qadri boshqa ne'matlar kabi baland bo'lishi mumkin ekan-da.

Shu o'rinda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli yangilanishlar, islohotlar, inson qadrini ulug'lashga qaratilgan sa'y-harakatlar jarayonida so'z va matbuot mustaqilligining ta'minlanayotgani, sohada mehnat qilayotgan ijodkorlarga ko'rsatilayotgan rag'bat va e'tiborning yuksakligini alohida ta'kidlash joiz.

Darhaqiqat, bugun Prezidentimiz tomonidan jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta'minlash, hur fikrlilikka keng shart-sharoitlar yaratish borasida olib borilayotgan oqilona siyosat media sohasiga ham tom ma'noda yangilanish nafasini olib kirmoqda. Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, ommaviy axborot vositalarini chinakam “to'rtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishilayotgani asli ana shundan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli nafaqat qo'shni davlatlar, balki uzoq va yaqindagi xorijiy mamlakatlar bilan aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Bu o'z navbatida jahon jurnalistlarining Yangi O'zbekistonga qiziqishini sezilarli darajada oshirayotganiga guvohmiz. Yaqinda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashkilotchiligida bir guruh yurtimiz jurnalistlarining Ozarbayjonga qilgan ijodiy safarimiz davomida ham bunga guvoh bo'ldik. Ozarbayjonda bir qancha ijodiy jamoalarda bo'lib, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o'zgarishlarga, jurnalistlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarga katta qiziqish, havas bilan qarashlarining shohidi bo'ldik. O'zbekistonda so'z va matbuot erkinligining o'rni, ochiqlik siyosatining ustuvorligi yo'lida erishilgan natijalar haqida mezbon hamkasblarimizga mamnuniyat ila so'zlab berdik. Ozarbayjonlik hamkasblarimizning yurtimizda jurnalistlarga berilayotgan imkoniyat va rag'batlar haqida biz o'ylagandan-da kengroq ma'lumotlarga ega ekanligidan mamnun bo'ldik. Jumladan, jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovimiz haqida ham iliq fikr­lar eshitdik.

Demak, chindan ham mamlakatimizdagi bunday nufuzli tanlovlar jahonni qamrab olayotgani mubolag'a emas.

Mana, kecha navbatdagi “Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov g'olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi muhtasham “O'zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida yuksak saviya va yangi formatda bo'lib o'tdi.

Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag'ish­lab o'tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning o'rni, obro'si yildan yilga oshib borayotganiga Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bosh omil bo'lmoqda, desak, ayni haqiqatni ayt­gan bo'lamiz.

Nufuzli tanlovning taqdirlash marosimiga bu yil ham, odatdagidek, taniqli jurnalistlar, faxriy-ustozlar, respublikamiz OAV rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda media soha vakillari, jurnalis­tika yo'nalishidagi oliy o'quv yurtlarining professor-o'qituvchilari, talabalar, xalqaro tashkilotlar va elchixonalarning vakillari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarining mutasaddilari taklif qilindi. Qolaversa, milliy media sohasida ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar o'rtasida o'tkaziladigan turli tanlovlar ko'pligiga qaramasdan, har bir ijodkor “Oltin qalam” sohibi bo'lishni orzu qiladi. Chindan ham “Oltin qalam” tanlovining nufuzi baland, bu mukofot ijod maydonida yuksak e'tirof ramziga aylanib ulgurdi.

Bu yil ushbu tanlovda 550 dan oshiq jurnalist va OAV vakillari 4 mingdan ziyod ijodiy ishlari bilan ishtirok etdi. Bu o'z nav­batida, jamiyatda yuz berayotgan o'zgarishlar, yangilanish­lar jarayonida hamkasblarimizning faolligini ko'rsatadi.

Barchamizga ma'lumki, “Oltin qalam” Milliy mukofoti O'zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tashabbusi bilan 2006 yilda ta'sis etilgan edi. O'tgan yillar davomida tanlovning o'rni va salohiyati yanada takomillashib, qamrovi kengayib bordi. Bosh milliy mukofot 2007 yili joriy etilgan bo'lsa, asosiy nominatsiyalar qatoriga internet-jurnalistika yo'nalishi ham kiritildi. Har bir yo'nalish bo'yicha 1-, 2- va 3-o'rinlar belgilandi. 2021 yildan boshlab esa “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi asosiy mukofotlar qatoriga qo'shildi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, taklif va tavsiyalar asosida “Oltin qalam” tanlovi nizomiga ham o'zgartirishlar kiritildi.

Prezidentimizning yuqorida tilga olganimiz “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida 2023 yildan boshlab “Oltin qalam” tanlovi rag'batlantiruvchi nominatsiyalari 5 tadan 12 taga oshirildi.

Unga ko'ra, bosh milliy mukofot sohibiga yengil avtomobil berilishi belgilandi. Xabaringiz bor, o'tgan yili “Oltin qalam” XVII tanlovining bosh milliy mukofoti Prezident sovg'asi — “Gentra” avtomobili O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti jamoasiga munosib ko'rilgan edi. Bu yilgi ushbu nufuzli mukofot “Uzreport TV” ahliga nasib etdi. Ularga Yurtboshimiz sovg'asi — “Tracker” avtomashinasi tantanali topshirildi.

Tanlovning 1-o'rin sohiblariga O'zbekistonda belgilangan bazaviy hisoblashning 200 baravari, 2-o'rin sohiblariga 175 baravari, 3-o'rin sohiblariga esa 150 baravari miqdorida pul mukofoti berildi. Shuningdek, 12 ta rag'batlantiruvchi nominatsiyaning har bir g'olibi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

“Oltin qalam” tanlovi demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan o'tishini ta'minlash maqsadida har yili tanlov Hakamlar hay'ati tarkibiga yo'nalishlar bo'yicha ustoz jurnalistlar, media sohaning taniqli vakillari kiritiladi. Taqdim etilgan ijodiy ishlar esa mavzuning ijtimoiy ahamiyati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, so'zga mas'uliyat va ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida xolis baholanmoqda.

Ta'kidlash joizki, bu yilgi tanlovga televidenie yo'nalishida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat telekanallarida faoliyat olib borayotgan 98 nafar jurnalist o'z materiallarini taqdim etgan bo'lsa, radio yo'nalishida 26 nafar, bosma OAV yo'nalishida esa eng ko'p — 178 nafar, internet nashrlari yo'nalishi bo'yicha 75 nafar, “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasida ham har yilgidan ko'p — 40 dan ortiq davlatdan 100 nafarga yaqin jurnalist qatnashdi.

Shu bois xorijlik jurnalistlar orasidan g'oliblarni aniqlashda hakamlar ancha ter to'kishiga to'g'ri keldi.

O'zbek adabiyotining yorqin namoyandalari asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan va o'zbek tili rivojiga salmoqli hissa qo'shgan jurnalist, Tojikiston maorif vazirligining O'zbek tili hay'ati rahbari Sulaymon Ermatov mazkur nominatsiya bo'­yicha 1-o'ringa sazovor bo'ldi. “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominatsiyasi bo'yicha 2-o'rin to'rt nafar xorijlik jurnalistga berildi: “TASS” axborot agentligining O'zbekistondagi muxbiri Valeriy Biryukov O'zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari har sohada rivojlanib borayotganini aks ettirgan maqolalari uchun, “The Economic Times” gazetasining diplomatik muharriri Dipanjan Roy Chaudhuri mamlakatimizdagi keng ko'lamli islohotlarni Hindistonda targ'ib qilgan materiallari uchun, AQShning “The Hill” gazetasi jamoatchi muxbiri Jeyms Durso O'zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, muhim siyosiy jarayonlar haqidagi tahliliy maqolalari uchun, “Euronews” telekanalining fransiyalik muxbiri Galina Polonskaya esa O'zbekistonning ichki va tashqi siyosatida yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlar haqidagi turkum telelavhalari uchun mazkur e'tirofga munosib deb topildilar.

Bu yilgi tanlovning yana o'ziga xos jihatlaridan biri shundaki, odatda, har yili jamoaviy qatnashuvchi tahririyatlar soni 10-15 ta bo'lardi. Joriy yilda oldingi yillarga nisbatan jamoaviy ishtirok etuvchilar soni 2 barobar oshgan, ya'ni 38 ta tahririyat tanlovga ijodiy ishlarini taqdim etdi.

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda “Publitsistik janrdagi eng yaxshi kitob uchun” yo'nalishi 12 ta nominatsiyadan biri sifatida belgilangan. Ushbu nominatsiya bo'yicha 22 nafar jurnalist 30 ga yaqin publitsistik janrdagi kitoblari bilan ishtirok etdi.

Tanlovning “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” nominatsiyasi g'olibi esa 47 nafar fotojurnalistning 1500 ga yaqin ijodiy ishlarini baholash orqali aniqlandi. Bu yo'nalishda ishtirok etgan ijodkorlar soni ham o'tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar oshgani fotojurnalistning jamiyat hayotida faolligidan dalolat beradi.

“Oltin qalam” XVIII tanlovida xalqaro hamkorlar tomonidan taklif etilgan rag'batlantiruvchi nominatsiyalar e'lon qilingani alohida e'tiborli. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan joriy qilingan 2 ta nominatsiya, Turkiya Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan kiritilgan 1 ta nominatsiya bo'yicha ijodiy ishlar qabul qilindi.

Xalqaro hamkorlarning rag'batlantiruvchi nominatsiyalari g'oliblari maxsus diplom va sovg'alar bilan taqdirlandilar. G'oliblar Xitoy Xalq Respub­likasi va Turkiya Respublikasiga bepul sayo­hatga borish yo'llanmasiga ega bo'lishdi.

Albatta, gap mukofot miqdori, sovg'alarda emas. Hamma gap e'tibor va munosabatda. Mazkur tanlovning g'olib va sovrindorlari yillar davomida qilgan halol mehnatlari munosib e'tirof etilganlaridan xursand bo'lishmoqda. Yangi O'zbekistonda muhtaram Prezidentimizning ijod ahliga bo'lgan mehri, e'tibori tufayli ular uchun ishda, izlanishda bu tanlov eng katta rag'bat, motivatsiya asosiga aylanganini aytishmoqda.

O'zi rosti ham shu. O'tgan yillar davomida yuzlab jurnalistlarning, fidoyi muxbirlarning zahmatli mehnati qadrini “Oltin qalam” oltinga aylantirishga hissa qo'shib kelmoqda.

Tanlov tantanasi poytaxtimizning eng muhtasham saroyi “O'zbekiston” anjumanlar saroyida tashkil etilgani, unda mamlakatimizning eng mashhur san'atkorlari o'zlarining betakror kuy va qo'shiqlari bilan xizmatda bo'lgani… bularning bari uchun mahalliy va xorijiy hamkorlarimizga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi nomidan minnatdorlik bildirishni istardim. “Oltin qalam” tanlovi g'olib va sovrindorlarini esa chin yurakdan qutlaymiz, ularga baxt va saodat, kelgusi ijodiy ishlarida omad, muvaffaqiyatlar yor bo'lsin. Yurtimiz ravnaqi, istiqboliga xizmat qilish va shu yo'lda barcha hamkasblarimizga hamisha yuzi yorug' holda baraka va fayzli taqdirlar nasib etishiga doimo tilakdoshmiz.

Xolmurod SALIMOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.,

“Oltin qalam” XVIII Milliy mukofoti uchun

xalqaro tanlov tashkiliy qo'mitasi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + nine =