Prezidentimizning ezgu da'vati

…Dunyodagi jamiki xalqlar qatori o'zbek eli ham tinchlik va osoyishtalikni yuksak qadrlaydigan, oqko'ngil va bag'rikeng xalqdir. Yangi O'zbekiston tashqi siyosatining tub mohiyatini ham turli davlatlar bilan tinchlik va hamkorlik, do'stona munosabatlarni rivojlantirish tamoyili tashkil etadi.

Shu ma'noda, yurtimizda “Sharq taronalari” anjumani bilan birga, xalqaro maqom san'ati, baxshichilik san'ati, hunarmandchilik festivallari, folklor va raqs san'ati bo'yicha “Buyuk ipak yo'li”, “Lazgi” xalqaro festivallari, Toshkent xalqaro kinofestivali singari yirik madaniy tadbirlar muntazam o'tkazib kelinmoqda. Ular, ta'bir joiz bo'lsa, O'zbekistonning jahon ahlini tinchlik-totuvlikka, qardoshlik va ahillikka chaqiradigan ezgu da'vatidir.

Bunday chorlov hozirgi vaqtda g'oyat muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun ko'z o'ngimizda dunyoning butunlay yangi, beqaror, xavotirli geosiyosiy va geoiqtisodiy arxitekturasi shakllanmoqda. Turli mamlakatlar o'rtasida nizo va adovatlar, qarama-qarshilik, ishonchsizlik muhiti kuchaymoqda. Jamiyatlar ichida ma'naviy tanazzul ildiz otmoqda. Notinch va tahlikali zamonda azaliy qadriyatlarni, odamiylik qiyofasini saqlab qolish tobora mushkul bo'lib bormoqda.

Mana shunday murakkab vaziyatda ilohiy sarchashmalardan quvvat olib, vaqt va makon chegaralari osha gumanistik ideallarni tarannum etadigan asl san'at, musiqa va adabiyot xaloskor kuch bo'lib maydonga chiqishi zarur.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyevning “Sharq taronalari”

o'n uchinchi xalqaro musiqa festivalining

ochilish marosimidagi nutqidan.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × two =