Saylov: Takomil taraqqiyotga xizmat qiladi

Yangi O'zbekiston milliy saylov qonunchiligi va amaliyotining tizimli ravishda demokratik andozalarga hamohang tarzda takomillashtirib kelinayotgani fuqarolarning saylov huquqini keng va to'la ta'minlash borasida sifat o'zgarishlarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

Bunda saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etishga doimiy e'tibor qaratilayotgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Gapni mamlakatimiz jamoatchiligi va xalqaro kuzatuvchilar o'rtasida shakllangan ushbu ibratli fikrdan boshlaganimning sababi bor. Bunday adolatli e'tiroflar kishining ko'nglini o'stiradi. Ertangi kunga umid va ishonchingni, aziz Vataning, zahmatkash xalqing bilan faxrlanish tuyg'ularingni yanada mustahkamlaydi.

Bilamizki, saylov uchastkalarida saylovchilar ro'yxati ilgari qo'lda, ya'ni qog'oz-qalamda shakllantirilgan. Yangi O'zbekistonda bu boradagi barcha jarayonlar zamonaviy axborot texnologiyalari zimmasiga yuklangani g'oyat quvonchli ish. Saylovchilarning yagona elektron ro'yxati, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining so'nggi yillarda o'tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo'llanilgani shular jumlasidandir.

Buni bugun mamlakatimizda ulkan siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga ko'rilayotgan qizg'in hozirlikda ham ko'rish mumkin.

Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari besh yil muddatga saylanadi. Amaldagi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga deputatlar saylovi 2019 yili o'tkazilgan. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o'n kunligining birinchi yakshanbasida o'tkaziladi. Demak, Oliy Majlis quyi palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024 yil 27 oktyabr, yakshanba kuni bo'lib o'tadi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, 26 iyuldan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo'yicha saylov kampaniyasiga start berilib, kalendar reja tasdiqlandi.

Ushbu saylovlarda Konstitutsiyamiz va xalqaro saylov standartlariga binoan mamlakatimizning oliy davlat vakillik va qonun chiqaruvchi organi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi yangilanishi ta'minlanishi alohida ta'kidlanadi.

Qayd etilganidek, ushbu saylovlar Konstitutsiyamizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o'tkazilayotganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

O'zbekiston tarixida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlari aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkaziladi.

Deputatlarning 75 nafari bevosita majoritar tizim asosida, ya'ni saylovchilar o'zlariga maqbul nomzodlarga ovoz berish yo'li bilan, qolgan 75 nafari esa, proporsional tizim bo'yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar asosida saylanishadi.

Saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilandi. Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy ko'pchiligi ovozini olishi belgilandi. Unga ko'ra, nomzod tegishli saylov okrugida boshqa nomzodlarga nisbatan ko'proq ovoz to'plagan taqdirda deputat bo'lib saylanishi mumkin bo'ladi va shu orqali takroriy ovoz berishni tashkil etish talab etilmaydi.

Saylov Yangilangan Konstitutsiya mus­tahkamlagan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o'tadi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga ko'paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo'lgan 33 ta vakolatlar mahalliy Kengashlarga o'tkazildi.

Bo'lib o'tadigan saylovlarda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 56 nafar a'zosi, Qoraqalpog'iston Respub­likasi Jo'qorg'i Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanadi. Shunga ko'ra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 ming­­ga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari a'zolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilar ishtiroki kutilmoqda.

Saylovning mamlakat hayotidagi alohida o'rnini e'tiborga olib, ushbu jarayonda fuqarolarni keng jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 27 oktyabrdagi saylov “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o'tkazilishi e'lon qilindi.

Ommaviy axborot vositalari bu yilgi saylovlar haqida so'z yuritar ekan, milliy saylov qonunchiligi ilg'or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashayotganiga  alohida e'tibor qaratmoqda. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi.

Endilikda Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini o'tkazuvchi komissiyalari tizimi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, Qoraqalpog'iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, tuman va shahar saylov komissiyalari,               Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga saylov o'tkazish bo'yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalaridan iboratdir.

Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 29 may kuni qabul qilingan  “Viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalarini tuzish to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz tarixida birinchi marta viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari tuzildi.

Milliy saylov komissiyalarimiz tizimida yangi va muhim bo'g'in bo'lgan ushbu komissiyalar viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida tuzildi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi hududida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bilan bog'liq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpog'iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

Saylovning yana bir muhim yangiligi — “E-saylov” axborot tizimining ishga tushirilgani. Ushbu tizim orqali saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan deyarli 60 turdagi munosabatlari to'liq elektron tarzda amalga oshiriladi.

Axborot tizimi boshqa elektron platformalar bilan integratsiya qilingan bo'lib, saylovdagi ko'pgina tartib-taomillar inson omilisiz to'liq avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi.

Mazkur tizimda 400 mingga yaqin saylov jarayoni ishtirokchilari, jumladan, saylov komissiyalari a'zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma'lumotlar bazasi shakllanadi. Axborot tizimidan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchilari professional tarzda foydalanishadi. Foydalanuvchilar bilan 40 turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o'rnatiladi.

“E-saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma'lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo'yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo'lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimai holi bilan tanishish imkonini beradi.

“E-saylov” axborot tizimi saylovlarni texnologik va ochiqlik jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda. Ushbu yangi tizim joriy yilda Xalq deputatlari Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar kengashlaridagi bo'shab qolgan deputatlik o'rinlariga o'tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli sinab ko'rilgan.

Gap ushbu yangi, g'oyat qulay tizim haqida borar ekan, bir misol. Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisida siyosiy partiyalarning vakolatli vakilini ro'yxatga olishga doir masala ko'rib chiqildi.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga binoan deputatlikka nomzodlar ko'rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to'g'ri to'ldirilganini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun o'zining vakolatli vakilini tayinlashga haqli.

Vakolatli vakilni ro'yxatga olish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to'g'risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi. Unga ko'ra siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlangani rasman e'lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o'z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro'yxatdan o'tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Shu bois, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari o'z vakolatli vakillarini tayinlab, ularni ro'yxatdan o'tkazish uchun ilk bor “E-saylov” axborot tizimi orqali Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro'yxatga olish jarayonlari “E-saylov” axborot tizimi orqali amalga oshirildi hamda vakolatli vakillarga mandatlar elektron shaklda tizim orqali berildi.

Bu barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o'zaro munosabatlari to'liq raqamlashtirilganidan dalolatdir. Endilikda saylov tartibotlaridagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.

Markaziy saylov komissiyasining yaqinda o'tgan brifingida alohida ta'kidlanganidek,  mamlakatimizdagi barcha darajadagi saylov komissiyalari o'z ishini hamisha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etib kelmoqda. Saylovda faqat ovoz berish yashirin! Buning yaqqol dalili – Markaziy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazi faoliyatining yo'lga qo'yilganidir. Matbuot markazining hududiy bo'linmalari ham tashkil etiladi.

Saylov kampaniyasi boshlangan kundan buyon Markaziy saylov komissiyasining barcha tadbirlari oldidan komissiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ommaviy axborot vositalari uchun tadbir bo'ladigan kun va vaqt haqida xabar berib borilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari esa ushbu tadbirlarni tezkorlik bilan yoritishga  va atroflicha sharhlashga kirishmoqda. Hozirgacha turli janrlardagi yuzlab materiallar e'lon qilindi va ulardan millionlab odamlar, shu jumladan, xorijda ham bahramand bo'ldi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy o'zgarishlarga nafaqat yurtdoshlarimizning, balki xalqaro jamoatchilikning ham katta qiziqishidan dalolatdir.

Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish bilan bog'liq jarayonlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini  siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar kuzatib boradi.

O'z davlat mustaqilligining o'ttiz uch yilligini nishonlashga hozirlik ko'rayotgan mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan bunday hayotbaxsh o'zgarishlarning barchasi mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirishga yo'naltirilgan ko'lami keng, dadil islohotlar berayotgan yuksak samaralardir.

Markaziy saylov komissiyasi xolis va mus­taqil konstitutsiyaviy organ sifatida bo'lajak saylovga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazish bilan bog'liq barcha tadbirlarni milliy qonunchilik, xalqaro saylov standartlariga to'la muvofiq holda ochiq va oshkora o'tkazilishini ta'minlash bo'yicha barcha choralarni ko'rmoqda.

Ravshan BURXONOV,

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati yetakchi maslahatchisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × four =