Antoniu Guterrish: BMT O'zbekiston bilan tinchlik va xavfsizlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini ta'minlashga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlashga intiladi

BMT Bosh kotibi O'zbekistonga rasmiy tashrifi arafasida “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berdi.

Ma'lumki, shu yilning 30 iyun –1 iyul kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakatimizda bo'ldi. Rasmiy tashrif arafasida oliy martabali mehmon “Dunyo” axborot agentligiga eksklyuziv intervyu berib, hamkorlikning rivojlanishi va istiqbollariga oid savollarga javob berdi hamda mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyotiga oid qarashlari bilan o'rtoqlashdi:

— Janob Guterrish, dastlabki savolni mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, birinchi navbatda, O'zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, xususan, kambag'allikka qarshi kurashish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, gender tengligi va ta'lim olish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi fikrlaringizdan boshlasak…

— O'zbekiston 2030 yilgacha bo'lgan kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga qat'iy sodiqligini namoyish etmoqda.

Mamlakatning “O'zbekiston–2030” taraqqiyot strategiyasi Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan chambarchas bog'liq bo'lib, inson huquqlari, gender tengligi va xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, “yashil” rivojlanish, korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun ustuvorligini ta'minlashni ustuvor vazifaga qo'yadi. Transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarish, shuningdek, mamlakat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal etishga alohida e'tibor O'zbekiston va uning qo'shni mamlakatlar o'rtasidagi xavfsizlik, barqarorlik va yaqin munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ish o'rinlari imkoniyatlarini kengaytirish, jumladan, tartibli va xavfsiz mehnat migratsiyasi orqali yanada barqaror hamjamiyat va jamiyatlar yaratishga ko'maklashish tarafdori ekanini ta'kidlagani muhimdir.

— So'nggi yillarda mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish sohasida ma'lum muvaffaqiyatlarga erishdi: bolalar va majburiy mehnatga barham berildi, ommaviy axborot vositalari erkinlashtirildi, mamlakatimiz BMTning inson huquqlari bo'yicha ixtisoslashgan muhim organlari faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Mazkur yo'nalishdagi jarayonlar xususida o'z fikr-mulohazalaringizni bildirib o'tsangiz.

— O'zbekiston inson huquqlari sohasida yutuqlarga erishmoqda. BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissarining o'tgan yili mamlakatingizga tashrifi ham buning yaqqol ifodasidir va umid qilamanki, ushbu muhim yo'nalishdagi hamkorligimiz davom etadi. Paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berish, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga fuqarolik berish, ayollar va bolalarni Suriya va boshqa yerlardagi lagerlardan qaytarish va reintegratsiya qilish – bosh­­qa davlatlar uchun o'rnak bo'ladigan yaxshilanish va namunadir. Men O'zbekistonni erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik, balki zo'ravonlik va gender kamsitish muammolariga yechim topishda davom etishga, faol fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga chaqiraman.

— O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining global kun tartibidagi dolzarb masalalar bo'yicha qator rezolyutsiyalari qabul qilindi, mamlakatimiz Inson huquqlari qo'mitasi va EKOSOSga saylandi. O'zbekistonning xalqaro maydondagi faoliyati to'g'risidagi fikrlaringiz ham biz uchun juda muhim.

— O'zbekiston BMT va uning organlari bilan keng ko'lamli masalalar bo'yicha hamkorlik qiladi. 2017 yildan buyon BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan to'qqizta, jumladan, 2024 yilda uchta rezolyutsiya qabul qildi.

“Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni” va “Markaziy Osiyoning narkotiklar bilan bog'liq muammolarni samarali hal etish bo'yicha birlashgan majburiyati va hamkorligi” shular jumlasidandir. O'zbekis­tonning BMT Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (EKOSOS)dagi a'zoligi jahon miqyosida o'z hissasini qo'shish uchun yana bir imkoniyat yaratadi.

Joriy yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo'lib o'tadigan Kelajak sammiti BMT Xavfsizlik Kengashidan tortib xalqaro moliyaviy arxitekturagacha bo'lgan ko'p tomonlama tuzilmalardagi islohotlarni ko'rib chiqish uchun asosiy imkoniyat bo'ladi. Bunda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O'zbekiston muhim rol o'ynaydi. Sammitda va undan keyin ham BMT tinchlik va xavfsizlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlarini ta'minlash maqsadida O'zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga intiladi.

— Bundan 7 yil avval O'zbekis­tonga tashrifingiz chog'ida Orol dengizidagi ekologik halokatning ayanchli oqibatlarini ko'rdingiz. O'zbekistonning mintaqa aholisini qo'llab-quvvatlash bo'yicha o'shandan beri amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslari samaradorligini qanday baholaysiz?

— 2017 yilda Orol dengiziga borganimda qanday hayratda qolganimni eslayman. Uning yo'q bo'lib ketishi bizning davrimizning eng katta ekologik ofatlaridan biridir. Inqiroz­ning oqibatlari atrof-muhit, baliqchilik, qishloq xo'jaligi va inson salomatligi uchun halokatli bo'ldi.

Bunga javoban O'zbekiston hukumati, BMT va boshqa xalqaro hamkorlar mintaqa aholisining ehtiyojlarini qondirish uchun hamkorlik qildi. BMT va O'zbekiston hamkorligida tashkil etilgan BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p sheriklik trast jamg'armasi 16,2 million dollar mablag' yig'ib, bir qator boshqa hukumat va tashkilotlar ko'magida 13,5 million dollarlik 7 ta qo'shma loyihani amalga oshirdi. Jamg'arma allaqachon 300 mingga yaqin odamning hayotini yaxshilagan. U 2030 yilgacha barqaror va iqlimga chidamli rivoj­lanishga e'tibor qaratishda davom etishni rejalashtirmoqda, bu esa Orolbo'yi mintaqasini kelajak avlodlar uchun iqlim o'zgarishi innovatsiyalari markaziga aylantirishdir.

— Mazmunli suhbatingiz uchun minnatdormiz va O'zbekistonga tashrifingiz samarali o'tishini tilaymiz.

— Rahmat.

 “Dunyo” AA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × five =