Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga
Qadrli döstlar!
Avvalambor, öz isteʼdodi va mahorati, fidokorona mehnati bilan el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan siz, milliy jurnalistikamiz jonkuyarlarini, soha rivojiga munosib hissa qöşgan muhtaram faxriylarimizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan çin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barçangizga yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Maʼlumki, axborot sohasini erkinlaştiriş va rivojlantiriş Yangi Özbekistonni barpo etiş jarayonida biz uçun doimo ustuvor vazifa bölib kelmoqda. Mamlakatimizning yangilangan Konstitusiyasida ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritişini taʼminlaş böyiça muhim qoida va tamoyillar mustahkamlab qöyilgani, sohaga doir huquqiy asoslar takomillaştirib borilayotgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Ayniqsa, keyingi yillarda yurtimizda söz erkinligi va fikrlar xilma-xilligiga erişiş yölida keng imkoniyatlar oçilayotgani media vositalari vakillarining ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi iştiroki, örni va nufuzini yanada kuçaytirmoqda.
Bugungi kunda jamiyatimizda oçiqlik va oşkoralikni rivojlantiriş, davlat idoralari va ularning mansabdor şaxslari faoliyati ustidan jamoatçilik nazoratini örnatiş, fuqarolarimizning qonuniy murojaatlarini örganiş va hal qiliş borasida sizlarning örningiz va taʼsiringiz tobora ortib borayotganini barçamiz yaxşi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.
Şu örinda gazeta va jurnallarimiz, tele va radio kanallar, ijtimoiy tarmoqlarda turli mavzulardagi dolzarb çiqişlar, muammoli masalalar yuzasidan mutaxassis va ekspertlar iştirokidagi körsatuv va eşittirişlar, tahliliy şarhlar, bahs-munozaralar sezilarli ravişda köpayganini taʼkidlaş lozim.
Xususan, quriliş, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qiliş, yöl harakati xavfsizligini taʼminlaşdagi kamçiliklar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi muammolar böyiça berib borilayotgan tanqidiy va tahliliy materiallar joylarda mudrab ötirgan ayrim rahbar va mutasaddilarni uyqudan uyğotib, yangiça işlab, odamlarning taşvişi bilan yaşaşga majbur qilmoqda.
Muxtasar aytganda, kuyunçak va olijanob jurnalistlarimiz, faol blogerlarimiz özlarining qatʼiy pozitsiyasi, haqqoniy sözi bilan hayotimizdagi ötkir muammolarni hal etiş, islohotlarimizning samarasini oşiriş, yurtdoşlarimizning fikrini, dunyoqaraşini yuksaltirişga munosib hissa qöşmoqdalar.
Heç şubhasiz, bularning barçasi milliy media vositalarimiz “törtinçi hokimiyat” darajasiga yaqinlaşib borayotganidan dalolat beradi. Şu bilan birga, bunday yuksak marraga yetiş oson emasligi, bu yölda tösiq va qiyinçiliklar bölişi tabiiydir.
Lekin, qançalik qiyin bölmasin, bu boradagi işlarimizni qatʼiyat bilan davom ettiramiz.
Muhtaram döstlar!
Bugungi kunda matbuot işi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “törtinçi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvçi sohaga aylanib bormoqda.
Bu esa mazkur yönalişda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni çin dildan sevadigan, öz kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora köproq bölişini taqozo etmoqda.
Ana şu talabdan kelib çiqqan holda, köp qirrali professional bilim va malakaga, yuksak maʼnaviy-intellektual fazilatlarga ega bölgan zamonaviy jurnalist kadrlar tayyorlaş bundan buyon ham ustuvor vazifamiz bölib qoladi.
Şu bilan birga, axborot maydonini sifatli va raqobatdoş milliy kontent bilan töldiriş masalasi har qaçongidan ham dolzarb bölib borayotgani barçamiz uçun ayon haqiqatdir.
Şu bois, dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalarni milliy manfaatlarimizni hisobga olgan holda, tezkor va çuqur tahlillar asosida yoritib boriş öta muhim, deb öylayman.
Şuningdek, bugungi kunda yolğon va asossiz maʼlumotlarni tarqatiş orqali odamlarni aldaş, töğri yöldan çalğitiş holatlari köpayib borayotgani aholining media savodxonligini oşirişni oldimizga keçiktirib bölmaydigan vazifa qilib qöymoqda. Axborot maydonida yuzaga kelayotgan bahsli tortişuv va muammolar faqat va faqat qonun doirasida, huquqiy meʼyorlar negizida hal etilişi şart.
Siz, hurmatli media tarmoqlari vakillari ana şunday masalalarni hal etişda faol iştirok etasiz, deb işonaman.
Albatta, sohada xizmat qilayotgan barça yurtdoşlarimizning qonuniy manfaatlarini taʼminlaş, ularning maşaqqatli mehnatini rağbatlantiriş masalalari bundan buyon ham eʼtiborimiz markazida böladi.
Uşbu quvonçli ayyomda sizlarni qutluğ kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, barçangizga sihat-salomatlik, şarafli faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinçlik va fayzu baraka tilayman.
Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan ommaviy axborot vositalari xodimlarini çin dildan qutlayman.
Izlaniş va ilhom zavqi, yangi ijodiy yutuqlar sizlarga hamişa yor bölsin, azizlar!
Şavkat MIRZIYOYEV,
Özbekiston Respublikasi
Prezidenti
