Kuz xayollari

Kuz, nega sening xazonrezga to'la bog'laringni yaxshi ko'raman ekan?.. Sen qalbimga o'zgacha ruh, o'zgacha shukuh baxsh etganinggami yo?.. Kuzning mayin epkinli shamollari oq oralagan sochlarimni to'zg'itib, yuzlarimni siypalab o'tdi. Go'yoki Boysuntog' tomonlardan onamning salomini yetkizayotgandek. Endi esa: “Eh, sho'rpeshona yigit, endi onang yo'q! Mana, biz hidini olib keldik”, degandek tuyuladi menga. Yuragim ma'yus tortadi. Xush kelding, deyishga zo'rg'a tilim boradi.

Tug'ilgan go'sham Boysunga kundalik va boshqa turmush tashvishlari, ish bahona borolmayapman. Chamasi bir yildan ko'proq bo'ldi. Shu vaqt ichida ne-ne aziz insonlar, mahalladoshlar bu dunyoni tark etishdi (Alloh ularni o'z rahmatiga olgan bo'lsin). Onamning vafot etganlariga ham o'n yil bo'ldi. Xuddi mana shu oktyabr oyida bu olamni tark etgandilar. Volidamning qabri meni kutib-kutib mung'ayib qolgandek. “Eh, bolam-a, men yaxshi ko'radigan nevaralarim va kelinimni olib kelmading-a!” — deya o'ksinayotgandir onam.

Sershovqin shahar, oyog'imni qo'yvor, turmush tashvishlari, tug'ilgan makonim — Boysunimni sog'indim. Xayollar, xayollar uzoq-uzoqlarga yetaklab ketaveradi. Goh tog' oshaman, goh cho'lda yolg'iz kezinaman. Betizgin xayollar ichida tong otganini ham sezmay qolibman. Xayol shirin damlarni yodga soladi, achchiq onlarni yetaklab keladi, ko'ksimni alam tirnaydi…

Onaginam, nahot endi siz yo'qsiz, endi yolg'izmanmi men?.. O'tgan yillar bag'rimdan sizning issiq taftingizni olib ketolmadi. Qaerda bo'lsam, qalbimda, shuurimda bo'ldingiz. Allohning inoyati bilan, ikki yil ilgari Ka'bani ziyorat qilish nasib etdi. O'sha joyda ham ko'z oldimda namoyon bo'ldingiz. Haqingizga ko'p-ko'p duolar qildim. Dunyoning eng muqaddas joyida qalbida iymoni bor odam o'zini unutib, butunlay boshqa insonga aylanib ketarkansan. Bu dunyoga nima uchun kelganingni, nima uchun yashayotganingni yanada yaqqolroq, yanada yorqinroq his etarkansan kishi. Allohga yanada yaqinroq bo'larkansan. Bu olamda omonat ekanligingni, kimlargadir faqat yaxshilik qilish kerakligini ich-ichingdan his etasan. Boshqacha bir inson bo'lib qayta tug'ilganday bo'lasan. Hayot tashvishlari, turmush tashvishlari — barisi o'tkinchiligini teranroq anglaysan. Biroq ne bo'lsa-da, inson to tirik ekan, hayotga intilib yashaydi. Yorug' kelajakka ishonadi, undan umid qiladi. Kuzning xayollari meni ana shunday olis-olislarga yetaklaydi.

Kuzda tug'ilganman. Kuz — xazonrezgi fasl. Bu fasl menga ilhom beradi, o'y-xayollarga toldiradi. Xazonrezgi bog'larni kezgim kelaveradi. Buning zavqi o'zgacha-da. Oyog'ing ostidagi xazonlarning shitir-shitiri, ariqlardagi suvlarning faslga monand sokin jildirab oqishi kishi qalbiga ajib bir tuyg'u baxsh etadi. Sen esa aziz umringdan yana bir yil o'tganini sezib, kuz kabi og'irlashasan. Yoshing ulg'aygan sari hayotda erishganing ko'kalamlasa, erishmaganing xazon bargidek to'kiladi.

Tizginsiz xayollar bezovta qilaveradi. Xayollar — cheksizlik. Xazonrezgi kuz onamning qabri ustiga yana har yilgidek o'z barglarini tashlaydi. Kuzak yomg'irlari o'zining mayin va epkin shabadasi bilan onamning qabrini siypalaydi. Bular o'ksik qalbimga biroz taskin bersa-da, yuragimga malham bo'lolmaydi.

Ilgarilari kap-katta yigit bo'lib qolgan o'g'lim onasining tizzasiga boshini qo'ygancha xuddi yosh boladek erkalanishlaridan ensam qotardi. Hozir esa unga havasim keladi. Uning o'rnida bo'lib qolish uchun bor-budimni berishga tayyorman. Ba'zan ona sog'inchidan yurak-bag'rim to'lib ketadi. Shunday kezlarda: “Onangizning bag'riga otiling, ey yaxshi insonlar, bolajonlar!” deb hayqirgim keladi.

Eh, mening xayollarimni to'zg'itib, yuragimni tilka-pora qilgan xazonrezgi kuz! Yana kulbam sari keldingmi?! Yana eslatdingmi bolaligimni, onamni?! Yana dardlashaman sen bilan… Seni yaxshi ko'raman. Sen bilan ko'p bora dardlashgim, sirlashgim keladi. Ey, mening qalbimni tirnagan kuz epkinlari! Go'zal va obod yurtimga yana bir bor xush kelding!

Izzat AHMEDOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Muallif haqida:

Izzat AHMEDOV — 1959 yili Boysun tumanida tug'ilgan. 1987 yil Toshkent davlat universiteti filologiya fakultetini tugatgan. Matbuot sohasida ish faoliyatini 1984 yildan boshlagan. Bir qancha gazeta va jurnallarda mas'ul vazifalarda ishlagan. Hozirgi kunda “O'zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida yetakchi muharrir lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

O'tgan yillar mobaynida adibning “Buyuklar muhabbati”, “Ilohiy muhabbat”, “Dunyo malikalari”, “Monte Kristoning sirli xazinasi”, “Xarobadan chiqqan mashhurlar”, “Mashhurlar kulgisi”, “Ummon ostidagi dur”, “Telefon qilgan baliq”, “Tojmahaldagi muhabbat” singari bir qancha to'plamlari chop etilgan. Mashhur ingliz yozuvchisi Agata Kristining hikoyalarini tarjima qilib, “O'g'irlangan million dollar”, “Izquvar Puaro” nomi bilan chop etilgan. Shuningdek, mashhur gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening “Hislarimni qo'zg'ama” hikoyalar to'plami, “Qo'rqmang, onajon” romanini tarjima qilib, o'zbek kitobxonlariga taqdim qilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five + 20 =