Baxshi — xalq ruhi, milliylik ko'zgusi…

Shu kunlarda mamlakatimiz adabiy jamoatchiligi o'zbek xalq og'zaki ijodining mashhur namoyandasi Islom shoir Nazar o'g'li tavalludining 150 yilligini keng nishonlamoqda. Shu sana munosabati bilan Narpay tumanida atoqli xalq oqinining hayoti va ijodiga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi. Unda shoir-yozuvchilar, madaniyat va san'at namoyandalari, olimlar, yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Dastlab tadbir ishtirokchilari shoir dafn etilgan “Islom shoir” qabristoniga tashrif buyurib, uning maqbarasini ziyorat qildilar.

Shuningdek, mehmonlar “Navqiron Narpay” gazetasi tahririyati binosida tashkil etilgan muzeyda ham bo'lib, ulug' baxshini xotirladilar, u kuylagan dostonlari, xalqimizga qoldirgan buyuk merosi haqida so'z yuritdilar.

— Baxshichilik xalq amaliy san'atining yorqin namunasidir. Unda har bir xalqning o'tmishi, ruhi, mentaliteti, qadriyatlari, urf-odat va an'analari o'z ifodasini topgan, – dedi O'zbekiston xalq baxshisi Ochil O'ralov. — Shu bois ushbu noyob san'at mavjud bo'lgan barcha mamlakatlarda u nomoddiy madaniy meros sifatida muhofaza qilinadi va yuksak qadrlanadi.

Shundan so'ng tumandagi 13-sonli bolalar musiqa va san'at maktabida iste'dodli san'atkorlar, yosh ijrochilar ishtirokida “Islom shoirni eslab…” nomli adabiy-musiqiy kompozitsiya bo'lib o'tdi.

U turkmanlar orasida ham qadrlanar edi

Tadbirda, shuningdek, xalq oqini Islom shoir Nazar o'g'lining atoqli turkman baxshisi Otaniyoz bilan shaxsiy do'stligi va ijodiy hamkorligi har ikki xalq og'zaki ijodining rivojiga xizmat qilgani haqida ham alohida aytildi.

— Darhaqiqat, ana shunday do'stlik va ijodiy hamkorlik samarasi o'laroq, Islom shoir Nazar o'g'li turkmanlar, Otaniyoz shoir esa o'zbeklar orasida katta obro'-e'tiborga ega bo'ldi, – dedi Respublika xalq og'zaki ijodi markazi direktori Umid Norboyev. — Bu holatni atoqli turkman olimi-folklorshunosi S.Garriyev ham e'tirof etib, “Islom shoir Nazar o'g'lining “Nigor va Zamon” dostoni syujeti turkman baxshilari termalari asosida shakllangan”, deb ta'kidlaydi.

Bundan tashqari, Janubiy Xorazm folklor maktabining asoschisi, O'zbekiston xalq baxshisi Bola baxshi — Qurbonnazar Abdullayev, uning o'g'illari va shogirdlari — O'zbekiston xalq baxshilari Norbek va Yetmishboy Abdullayevlar o'zbek, turkman va qoraqalpoq tillarida xalq dostonlarini ijro etishlari yaxshi ma'lum.

Bir qator doston va xalq baxshilarining termalarini bevosita yozib olgan olim Muzayyana Alaviyaning ta'kidlashicha, bu asarlar tinglovchi qalbiga zavq bag'ishlab, insonni nafaqat ezgulikka, balki vatanparvarlikka ham undaydi.

Shoir xonadonida

“XIX asr oxiri — XX asr boshlari mamlakatimizda dostonchilikning gullagan davri bo'ldi, — deb yozgan edi O'zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov. — Islom shoir Nazar o'g'li ana shu dostonchilik maktabining yetuk vakillaridan biri bo'lib, uning ijodi xalq og'zaki ijodi rivojiga katta ijobiy ta'sir ko'rsatgan”.

Islom shoir Nazar o'g'li haqida gap ketganda, bundan bir necha yil avval shoirning o'g'lini uchratganimni beixtiyor eslayman.

Narpay tumani markazi Oqtoshda shoirning hozirgacha Samarqand viloyatida yagona hisoblangan “O'zbekiston xalq baxshisi” unvonini olgan Ziyodulla Islomovning xonadonida bo'lganimizda, shoirning o'g'li bizni juda iliq kutib olgandi.

Ziyodulla aka yoshi 70 da bo'lishiga qaramay, otasining do'mbirasini qo'liga olib, qariyb olti soat davomida “Alpomish”, “Zulfizar va Avazxon” nomli ikki dostonni yoddan aytib bergandi. Shu bilan birga u otasi haqidagi xotiralarni biz bilan o'rtoqlashdi va bu kaminada katta taassurot qoldirdi. O'shanda bizlar xalq eposi qahramonlari bilan birga kuldik, yig'ladik, zavqlandik.

Do'mbiraning jarangi baxshining go'zal ovozi bilan qo'shilib, biz uchun yangi olam, yangi dunyo ochdi, bundan qalbimiz katta zavq oldi. Suhbatdoshimizga ko'ra, bir paytlar bu xonada Hamid Olimjon, Muzayyana Alaviya, Hodi Zarif, Mahmud Zarifiy, G'ulom Karimov, Mansur Afzalov kabi taniqli shoir, yozuvchi va olimlar suhbatlashgan. Biz esa ularning so'zlarini eshitgandek, nafaslarini his qilgandek bo'ldik.

Ziyodulla aka zamonaviy kuylarning ham mohir ijrochisi bo'lib chiqdi. Bundan tashqari, bo'sh vaqtlarida turli yog'ochlardan do'mbira, rubob, dutor, tanbur kabi milliy cholg'u asboblarini yasash bilan ham shug'ullanar ekan.

“Otamning chirog'i yoniq…”

“Hozirgidek ajoyib zamon hech qachon bo'lmagan, — degandi u. — Qarang, hamma yerda obodonchilik, ko'rkam uylar, ko'rkam ta'lim maskanlari bor. Uzoq yillar unutilgan madaniy va milliy an'analar qadrlanayapti. Bizning Oqtoshda ham katta o'zgarishlar bo'lmoqda. Otamning qabri ustiga go'zal maqbara qurilmoqda. Kelajakda bu maskan ziyoratgohga aylanadi. Qariyb 50 yildan buyon u yashagan mana shu uyning chiroqlarini yoqib, otamning do'mbirasini chalib, dostonlarini kuylab kelaman. Oilamizda uch o'g'il, bir qiz bor edi. Endi men yolg'izman. Rahmatli turmush o'rtog'im bilan ikki o'g'il, bir qizni voyaga yetkazdik. Men hozir nafaqadaman. Ayniqsa, Birinchi Prezidentimizdan minnatdorman. Kamtarona mehnatim uchun 2004 yilda “O'zbekiston xalq baxshisi” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Oqsaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining shaxsan o'zi menga ushbu mukofotni topshirdi.

Ziyodulla akaning hozir o'nlab shogirdlari bor. Biroq suhbat chog'ida baxshining biroz e'tirozi va noroziligiga guvoh bo'ldik. Ma'lum bo'lishicha, yaqin orada hech kim ularni biror tadbirga, yig'ilishga, radio yoki televideniega taklif qilmagan.

Baxshi ijodiga yoshlar qiziqmaydi

Shu o'rinda o'tgan asr boshlarida qishloqlarda to'y-ma'rakalarni, asosan, baxshi shoirlar o'tkazganini eslash o'rinlidir. Ular davra ichida jonli kuylashardi. Chunki u paytlarda xonanda va raqqosalarni chaqirish urf emasdi. Endilikda texnika taraqqiyoti, zamonaviy ijrochilarning ko'payishi tufayli xalq og'zaki ijodi vakillari biroz chetga chiqib qolgandek go'yo.

Yana Oqtoshdagi tadbirga qaytamiz. Unda ta'kidlanishicha, kechagina sahnaga chiqqan “yulduz”ni yoshlar yaxshi bilishadi, lekin O'zbekiston xalq baxshilari ijodini bilishmaydi. Sababi, ular ijodi zamonaviy matbuotda kamdan-kam targ'ib qilinadi. Qolaversa, “Navro'z”, “Mustaqillik” kabi bayramlarda, sayillarda ham xalq og'zaki ijodi vakillariga har doim ham munosib e'tibor berilavermaydi. Ularga zamonaviy “yulduzlar”ga qaraganda kamroq joy ajratiladi. Bundan tashqari, baxshi shoirlarning viloyat va respublika tanlovlari muntazam ravishda tashkil etilmaydi.

Tadbirda so'zga chiqqanlarning ta'kidlashicha, bugun biz o'zbek milliy she'riyatimiz va dostonchiligimizning noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, ularni keng targ'ib etish, yosh avlod qalbida san'atning ushbu turiga hurmat va e'tibor tuyg'usini mustahkamlashimiz kerak.

U nafaqat baxshi, balki shoir ham edi

Eslatib o'tamiz, Islom shoir (asl ismi Islom Nazarov) 1874 yilning 17 iyulida Narpay tumanidagi gala Qassob qishlog'ida kambag'al dehqon oilasida tug'ilgan.

U dastlab Ernazar degan oqindan, so'ngra esa mashhur Ergash Jumanbulbul o'g'lidan ijod sirlarini o'rgangan.

Islom shoir inqilobdan oldingi asarlarida oddiy xalqning mashaqqatli hayoti haqida hikoya qilib va Nikolay hokimiyatini jiddiy tanqid qilgan. O'zbek ayollarining go'zalligini madh etuvchi “Orzigul” nomli dostoni yaxshi ma'lum.

Islom shoir ijrosidagi bizgacha yetib kelgan “Orzigul”, “Gulixiromon”, “Zulfizar va Avaz”, “Xirmondali”, “Kuntug'mish”, “Sohibqiron”, “Erali va Sherali”, “Tohir va Zuhra”, “Nigor va Zamon” kabi dostonlar yaxshi ma'lum. Ular o'zbek milliy folklori durdonalari bo'lib, haqli ravishda o'zbek adabiyotining oltin fondiga kiritilgan.

U nafaqat baxshi, balki shoir ham edi. Ayniqsa, 1917 yildan keyin Islom shoir mazlum xalqni tarannum etuvchi ko'zga ko'ringan o'zbek shoirlaridan biriga aylandi. U Ikkinchi jahon urushi yillarida yozilgan fashist bosqinchilariga qarshi kurash haqidagi, vatanparvarlik ruhidagi “Qahramonlar kitobi”, “Janglar kitobi”, “Leningrad himoyachilari”, “Biz tinchlik tarafdorimiz”, “Koreyadan qo'lingni tort!” kabi she'rlari bilan mashhur bo'ldi. Shoir 1953 yilda vafot etib, Oqtosh (Narpay)da dafn etilgan.

Yormamat RUSTAMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =