Maxtumquli Firog'iy – ezgulik kuychisi

Adabiyot til, millat tanlamaydi. Asli turkman farzandi bo'lgan, Buxoro va Xivada tahsil olgan Maxtumquli Firog'iy yaratgan satrlar bugun har bir o'zbek sevib tinglaydigan kuy-qo'shiqlarga aylanib, ko'ngillarda yashamoqda. Maxtumquli — pokiza tuyg'ular, muhabbat, tinchlik kuychisi. U o'zbek xalqining ham farzandi, sevimli shoiriga aylangan. Bu esa ikki xalqni birodarlik rishtalari mustahkamligiga munosib xizmat qiladi.
Yaqinda poytaxtimizda shoir va mutafakkir Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligi munosabati bilan tantanali adabiy-ma'rifiy xotira kechasi bo'lib o'tdi. Eng go'zal madaniyat maskanlaridan biri bo'lgan – Alisher Navoiy nomidagi davlat katta akademik teatrida bo'lib o'tgan kechada taniqli davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, madaniyat xodimlari, ziyolilar, shoir va yozuvchilar, jurnalistlar, san'atkorlar, ijodkor yoshlar, adabiyot ixlosmandlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Teatr binosiga kirish zalida shoir Maxtumquli hayoti va yozib qoldirgan adabiy merosiga bag'ishlangan ajoyib ko'rgazma tashkil etildi.
Tadbir davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024 yil 19 fevral kuni imzolangan “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash, shu bilan birga ikki qardosh xalq o'rtasidagi adabiy-madaniy, ma'naviy aloqalarni yanada mustahkamlash, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni yanada rivojlantirish maqsadida o'tkazildi. Anjuman avvalida O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov so'zga chiqib, buyuk shoir ijodi turkman va o'zbek xalqlari uchun ham birdek qadrli ekanligi, xalqlarimiz o'rtasidagi do'stona munosabatlar yuraklardagi ezgu tilaklar ro'yobi, tinchligimiz, farovonligimizga xizmat qilishi haqida so'zladi. Shundan so'ng O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Turkmanistonning O'zbekistondagi Favqulodda elchisi Shodurdi Meredov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli shoir Mirzo Kenjabek, Kinematografiya agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Shuhrat Rizayevlar Maxtumquli Firog'iyning O'zbekiston bilan chambarchas bog'liq bo'lgan hayot yo'li va ijodiy merosi to'g'risida so'z yuritdilar. Xususan, Maxtumquli she'riyatining xalqchil ahamiyati, dunyo tafakkuri xazinasiga munosib hissa bo'lib qo'shilganligi, ikki davlat o'rtasidagi mustahkam do'stlik rishtalari haqida o'z mulohazalarini bildirdilar. Yig'ilganlar e'tiboriga ikki xalqning do'stligi va hamkorligiga bag'ishlangan lavhalar taqdim etildi.
Xotira kechasida aytilganidek, joriy yilda Turksoy xalqaro tashkiloti 2024 yilni “Maxtumquli yili” deb e'lon qildi. Shu kunga qadar shoir ijodidan o'zbek tiliga turli tarjimalar amalga oshirilgan. Jumladan, shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek Maxtumqulining 170 ta diniy-tasavvufiy mazmundagi she'rlarini ilk bor ona tilimizga saylanma holida taqdim etdi.
Xotira kechasining badiiy qismida shoir she'rlaridan yaralgan qo'shiqlar elimizning taniqli san'atkorlari tomonidan ijro etildi. Talaba yoshlar Maxtumquli ijodidan namunalar o'qishdi. Maxtumquli hayotini aks ettiruvchi dramadan sahna ko'rinishi namoyish etildi.
Shuningdek, joriy yilning 11 oktyabr kuni Turkmanistonda Maxtumquli Firog'iy tavalludining 300 yilligiga bag'ishlangan “Zamon va sivilizatsiyaning o'zaro bog'liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusida xalqaro forum bo'lib o'tgan edi. Mazkur forum doirasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag'ishlangan medal bilan taqdirlandi. Mamlakatimiz rahbari Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga Maxtumqulining o'zbek tiliga tarjima qilingan asarlari to'plamini sovg'a qilgan edi.
Respublikamiz matbuotida Maxtumquli ijodiga bag'ishlangan ko'plab maqolalar chop etildi. “Jahon adabiyoti” jurnalida Turkmaniston xalq yozuvchisi Qilich Quliyevning “Maxtumquli” romani nashr etildi. Asar tarjimoni — O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Muzaffar Ahmad.
Ikki xalqning do'stligi Maxtumquli Firog'iy adabiy merosi sabab yanada mustahkamlanib bormoqda. Bu ayni adabiy jamoatchilik orasida keng yoyilgan “Adabiy do'stlik – abadiy do'stlik” shiorining amaldagi ifodasidir.
Shoir ijodini o'rganish va uni joylarda targ'ib qilish, adabiy kechalar tashkil etish respublikamizning barcha hududlarida davom etmoqda.
Gulnora ShERMATOVA