Jadidlar jasorati

Mahmud TOIR,
O'zbekiston xalq shoiri
Qalb qatida ko'z ko'rgingiz kelsa agar,
Iymon, insof ham ilmni qudrat tuting.
Millat qadri qoningizda bo'lsa magar,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Jadidlarning jon tolasi millat, degan,
Jadidlarning dil nolasi millat, degan,
Jadidlarning har bolasi millat, degan,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Har daryoning poyonida ummon bo'lmas,
Vatan debon jonin tikish oson bo'lmas,
Balki shoir, ammo hech vaqt Cho'lpon bo'lmas,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Ko'zingizning ko'zgusida Vatan bormi,
Dilingizning tuyg'usida Vatan bormi?
Umringizning uyqusida Vatan bormi —
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Munavvarning munavvardir hikmatlari,
Asrlarga chiroq yoqar Ibratlari,
Hamza, Sidqiy, Avloniy ham Fitratlari,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Qodiriyga tahsinlarim sig'mas so'zga,
Behbudiydan meros qolgan ma'ni o'zga,
Elbek bo'lib yashamoqning sha'ni o'zga,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Hayot bizga halollikni o'rgatarmi,
Bilmagaysiz gul tutarmi, kul tutarmi?!
Har oqil ham jadidlardek yo'l tutarmi —
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Osmon bilan yer orasi qancha erur —
Jadidlarning armoni ham shuncha erur!
Erki uchun jon to'lagan xuncha erur…
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Qorni uchun qul bo'lganni suymaganlar,
Yot qo'llarda gul bo'lganni suymaganlar,
O'z jonining jabri uchun kuymaganlar,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Tilning bongi quloq uchun quyma so'zdir,
Dilning bongi yurak uchun o'yma-so'zdir.
El-yurt uchun mangu yonib qolgan izdir,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Tun jilmayar o'zi tutgan nahor bilan,
Fasllar ham yuz ochgaydir bahor bilan…
Xalq hurligin kutgan ular xumor bilan,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Mudroq dillar jadid bo'lib uyg'onsinlar,
Millat desa, jon, qonida to'lg'onsinlar,
Gar quvonsa, uyg'ongandan quvonsinlar,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.
Niyati xush, ko'ngli obod jadidlardir,
Zikri ozod, fikri ozod jadidlardir,
Yaxshilarni etsangiz yod, jadidlardir,
Jadidlarning jasoratin ibrat tuting.