Vatanga muhabbat estafetasi
Har bir xalqning, davlatning xalq va davlat sifatidagi obro'-e'tiborini, jahon maydonidagi o'rnini belgilab beruvchi muhim mezonlar bor, albatta. Bu mezonlar sirasida bayroq o'ziga xos mazmun-mohiyatga, zalvorga ega. Unda xalqning ruhiy quvvatini, o'zligini namoyon etadigan ma'naviy bir qudrat bor. Bugun yurtimizning barcha go'shalarida, idora va tashkilotlar peshtoqida, uylarning tepasida hilpirab turgan bayroqlar nafaqat ko'zimizni quvnatadi, balki bizning o'zligimiz haqida bong urib turadi go'yo. Uning har bir hilpirashi Vatanni asrab-avaylash, uning tuprog'ini muqaddas deb bilish haqidagi xitob bo'lib tuyuladi menga.
Davlatimiz bayrog'i qabul qilingan kun munosabati bilan yurtimizda tashkil etilgan “Bir Vatan, bir el, bir bayroq” shiori ostidagi bayroq estafetasi chindan ham barchamizni shu hayotbaxsh g'oya atrofiga jam etdi: biz bir bayroq ostida bir Vatan, bir el bo'lib birlashdik! Biz katta kuch ekanimizni yanada tiyranroq his qildik!
Loyiha doirasida Xorazm viloyatida bo'lib o'tgan tadbirlar shukuhi hamon tark etgani yo'q. Tark etmaydi ham! Bayroqni qo'shni qoraqalpoq qardoshlarimizdan qabul qilib olish uchun viloyatimizning bir guruh nuroniylari, faollari, ijodkorlari, san'atkorlari, yoshlari shu yilning 9 noyabr kuni ertalab Yurtboshimizning tashabbuslari bilan barpo etilgan Amudaryo ko'prigi tomon oshiqdik. Avtobus va mashinalarning derazalaridan mag'rur hilpirab turgan yurtimiz bayrog'ini ko'rib, yo'lovchilar, piyodalar bir zum to'xtab qoldilar, ularning nigohlari beixtiyor bu sururli lahzalarga qadaldi. Yosh-u kattalar bu jarayonni qo'llaridagi telefonlarga rasm va videolarga olayotganini ko'rib, ularning o'zidan ham ko'proq quvondim. Ularning bu harakatida Vatanga bo'lgan muhabbat jo'sh urar edi! Bayrog'imizda ma'naviy qudrat bilan birga sehrli kuch ham bor. Bu qudrat, bu sehr kishini bir zumda o'zligiga qaytara olishiga ishondim!
Ko'prikka yaqinlashganimizda qoraqalpoq qardoshlarimiz davlatimiz bayrog'ini baland ko'tarib, ko'prikning narigi tomonidan biz tomonga qarab kelayotganini ko'rib, dillarimiz bir entikdi. Mana bayrog'imiz! Uni qabul qilish fursati endi bizda! Olg'a, Xorazm!
Xorazm viloyat hokimining o'rinbosari S.Salayev boshchiligidagi delegatsiyamiz bayrog'imiz huzuriga oshiqdi. Uni qoraqalpoq elidan qabul qilib olar ekanmiz, dillarimiz yana bir entikar edi. Bayroqni olib, yelkamizda shu ulkan vazifa bilan vohamizga qaytdik. Viloyatimizda ikki kun davomida o'tgan estafeta tadbirlari mafkuraviy kuch o'laroq eldoshlarimizni faxr-iftixor tuyg'ulari ila o'z atrofiga birlashtirdi. Gurlan, Yangibozor, Urganch, Xiva, Turkmanlar ovuli joylashgan Ulli hovli hududlari osha o'tgan bayrog'imizga boqib, g'urur-iftixor bilan hayotga qarash sharafini yurakdan his qildik. Shundan so'ng 11 noyabr kuni bayroqni bizdan Sarimoy chegarasida Buxoro viloyati qabul qilib oldi. Bu hol bayroqning shunchaki hududdan-hududga o'tishi emas edi. Aslo! Bu Vatanga bo'lgan mehru muhabbatning, yurtga bo'lgan sadoqatning, kelajakka bo'lgan ishonchning odamlardan-odamlarga, yuraklardan-yuraklarga o'tishi edi! Bayroqni qabul qilib, uni boshqa bir hududga topshirish, bayrog'imizni butun mamlakatimiz bo'ylab olib o'tish tantanasi zamirida ana shu ma'no mujassam, aslida. Ha, bu Vatanga muhabbat estafetasi bo'ldi! Biz bir-birimizga shu muhabbatni ulashdik. Muhabbatki, Vatan ishqi har kimni bemor aylasin. Muhabbatki, yurt ishqi har kimni bedor aylasin! Zotan, inson uchun Vatan bir, el bir, bayroq bittadir!
Bayroqning har tolasidan ko'hna Turon ko'ringay,
Turku Hazar, Saljuqiylar ham Qoraxon ko'ringay,
Xorazmshoh, Temuriyu shonli Usmon ko'ringay,
G'aznaviylar, G'arbiy, Sharqiy Xun xoqon ko'ringay,
Uyg'ur, Avar, Oltin O'rda, Eftal zamon ko'ringay,
Buyuk o'n to'rt turkiy elni quchgan davron ko'ringay.
Hilpiragan jonimdir u, unda iymon ko'ringay,
Havas bilan boqib turgan jumla jahon ko'ringay,
Tuprog'ini sevganlarning qalbi ummon ko'ringay,
Vatan degan har kimsaning boshi osmon ko'ringay,
Ulug' bayroq suvratida O'zbekiston ko'ringay!
Qo'ldan-qo'lga emas, asli dildan-dilga o'tgay u,
Sharaf bilan, g'urur bilan tildan-tilga o'tgay u,
Shonu shavkat ramzi bo'lib eldan-elga o'tgay u,
O'z bayrog'in ko'tarmoqqa yaragan el o'lmagay,
Ulug' yo'lga chiqqan karvon hech bayroqsiz bo'lmagay!
Qutlug' bayroq ostida biz bir xalq bo'lib turgaymiz,
Yurtning ori uchun bir saf, bir ahd bo'lib turgaymiz,
O'zbekiston degan buyuk davlat bo'lib turgaymiz: —
Vatan birdir, el ham birdir, bitta erur bayroq ham! —
Zamondoshim, bayrog'ingni o'pgil, ko'zlaringga surt,
Bayroq bilan yuksalgaydir millat, Vatan, ona yurt!
Sayyora SAMANDAR,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,
“Shuhrat” medali sohibasi.
