Konstitutsiyamiz — inson huquq va manfaatlari himoyachisi

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutida “Ichki ishlar organlari — inson huquq va manfaatlari himoyachisi” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.

Tadbirda institut rahbariyati, professor-o'qituvchilar, barcha tuman (shahar) ichki ishlar organlari boshliqlarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosarlari, shuningdek, shahar va tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining o'rinbosari lavozimlariga tayinlanish uchun tashkil etilgan o'quv yig'inlarida tahsil olayotgan tinglovchilar qatnashdi.

“Konstitutsiya — inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida o'tkazilgan ushbu davra suhbatida iste'fodagi general-mayor Tohir Mullajonov hamda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidjon Ro'ziyev so'zga chiqib, sohaga oid tajribalari bilan o'rtoqlashdi.

General-mayor T.Mullajonov o'zining ko'p yillik xizmat tajribasi asosida ichki ishlar organlari xodimlarining kasb etikasi, mas'uliyati va shaxsiy tartib-intizomi yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi. U inson huquqlarini ta'minlash — har bir xodimning kundalik faoliyatida ustuvor vazifa bo'lishi lozimligini ta'kidlab, xizmatda uchrashi mumkin bo'lgan murakkab vaziyatlarni qonuniy va halol yo'l bilan hal qilishning muhim jihatlari haqida fikr yuritdi.

Ichki ishlar vaziri maslahatchisi, podpolkovnik Xurshidjon Ro'ziyev davlatimiz tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini ta'minlash, inson huquq va erkinliklarini yuksak darajada himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati haqida so'z yuritdi. Shuningdek, sohada qonun ustuvorligini ta'minlash, fuqarolarning har bir murojaatini adolatli va xolis ko'rib chiqish, aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirishga qaratilgan vazifalarga alohida to'xtalib o'tdi.

Davra suhbati davomida tinglovchilar tomonidan ichki ishlar organlaridagi so'nggi islohotlar, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, fuqarolar bilan ishlashning yangicha mexanizmlari, ichki nazorat va qonuniylikni ta'minlashga oid bir qator savollar berildi. Barcha savollarga soha mutaxassislaridan hayotiy misollar bilan boyitilgan batafsil javoblar olindi.

Bu kabi uchrashuvlar tinglovchilarning huquqiy bilim va amaliy ko'nikmalarini mustahkamlash, mutaxassis sifatida o'z oldiga qo'yilgan vazifalar zalvori va mas'uliyatini to'la anglab olishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ichki ishlar vazirligi

Malaka oshirish instituti

matbuot xizmati.

Adolat nuri

Ayol — nozik xilqat. Ozgina mehrdan dunyolarga sig'may ketadi, birgina e'tiborsizlik esa ko'ngliga og'ir botadi. O'sha kuni Munira turmush o'rtog'i, podpolkovnik Husniddin Abdullayevga bir necha marotaba qo'ng'iroq qiladi. Javob bo'lavermagach, alami kelgan Munira “endi mening ham javobimni kutsinlar”, degan ma'noda uyali telefon apparatini o'chirib qo'yadi.

Mahkamada so'roq qilinayotgan Abdullayevdan uydagilarini xabardor qilish maqsadida yaqinlarining telefon raqamini so'rashganida, xayoliga faqat turmush o'rtog'i Muniraning raqami keladi, xolos. Ammo afsuski, u bilan bog'lanishning sira iloji bo'lmaydi…

Podpolkovnik Husniddin Abdullayev 1979 yili Andijon viloyati Asaka tumanida tug'ilgan. 2001 yili IIV Yong'indan saqlash oliy texnik maktabini tamomlagan. Mazkur ta'lim muassasasida turli lavozimlarda ishlab, 2007 yili Toshkent shahar Shayxontohur tumani IIB HOOB MTP profilaktika inspektori vazifasida faoliyatini davom ettirgan.

Hayot yo'li bir tekis emas ekan. O'shanda 2013 yil 11 sentyabr kuni edi. Husniddin Abdullayevning har doimgidek xizmat vazifasini bajarish jarayoni. Hujjatlarni tuman IIBga olib ketayotgan payti hududda yuradigan tanish yigitlardan biri shoshib kelib: “Aka, disk sotadigan do'kon ochmoqchi edim, maslahatingiz kerak”, deb gapga tutadi. Inspektor shoshib turgan bo'lsa-da, buning uchun kerakli hujjatlar rasmiylashtirish lozimligini, turli xildagi pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega disklar sotuvi mumkin emasligini tushuntirib, mashinasiga o'tiradi. Yigit ko'cha boshidagi do'kongacha uning mashinasida birga chiqib olishni iltimos qiladi. Manzilga yetgach, tushib ketarkan, inspektorga sovg'a berib yuborishganini aytib, qo'lidagi selofan paketga o'ralgan pullarni tutqazadi. “Bu nima qilganing? Ol buni!” deb paketni yigitga qarata irg'itadi. Yigit “Bu sizga”, deb turgan mahal sakkiz nafardan ziyod xizmat xodimlari mashinani o'rab olishadi va Abdullayevning qo'lini orqaga qayirib, Toshkent shahar prokuraturasiga olib ketishadi…

Munira ishidan hayallayotgan turmush o'rtog'idan avvaliga xavotir olmaydi, chunki xizmat vazifasi o'laroq, bunday holatlar bo'lib turardi. Shu bois ham uyali telefon apparatini yoqish, undan xabar kutish xayoliga ham kelmaydi. Keyinchalik vaziyatni bilganda esa o'zini o'zi ich-ichidan koyidi.

— Otamning ko'zida yoshni o'shanda ko'rganman, — deb eslaydi H.Abdullayev. — “Otajon, mehribonim, yig'lamang, mening aybim yo'q… Bir kuni adolat qaror topadi, ammo buning uchun vaqt kerak. Iltimos, menga ishoning!” deyolganman, xolos. Otam ko'zlaridagi yoshni ro'molchasi bilan artarkan: “Oilangdan, farzandlaringdan xavotir olma. Sog'lig'ingga qara”, dedi-da, chiqib ketdi.

Husniddin Abdullayevning oilada akasi, ukasi va birgina singlisi bor edi. Aka-ukalari ham ofitserlar, singlisining turmush o'rtog'i ham shu soha xodimi. Uning boshiga kelgan qora bulutlar aka-ukalarining emas, negadir kuyovining faoliyatiga soya solgandek bo'ladi. Hatto shuni deb uning oilasi darz ketish arafasiga yetadi. Hayot sinovlari barchani sinayotgandek bo'lardi…

Ariza va ko'rsatmalarga asoslangan jinoyat ishi hujjatlariga ko'ra, jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudining hukmi bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Jazo muddatining ma'lum bir qismini o'taganidan so'ng, ozodlikka chiqariladi.

— Ozodlikka chiqish — chinakam quvonch, cheksiz baxt bo'lsa-da, ammo ko'p yillardan buyon yelkamni bosib turgan og'ir yukdan xalos bo'lish dardi qiynardi. Negaki, baribir ko'pchilikning nazarida yuzim qora bo'lgan, munosabatlar ham shunga yarasha edi, — deydi Husniddin Abdullayev.

Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudining kassatsiya instansiyasida sud jarayoni qaytadan ko'rib chiqilib, sud hukmiga ko'ra, uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo'lmaganligi sababli to'liq reabilitatsiya qilinadi.

Shu asnoda adolat qaror topdi, yillar mobaynida yuzaga chiqmay kelgan haqiqat tantana qildi. 2023 yilning noyabr oyida Ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan xizmatga tiklangan Husniddin Abdullayev Chilonzor tumani bo'yicha IIOFMB 3-sonli ichki ishlar bo'limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmasi profilaktika katta inspektori lavozimida ish faoliyatini davom ettiradigan bo'ldi.

— Xizmat formamni yana kiyarkanman, rosti, ko'nglim allanechuk bo'lib, yig'lab olganimni ham yashirmayman, — deydi lavhamiz qahramoni. — Yangi O'zbekistonda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligi ta'minlanib, inson huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilinishiga ishonardim. Xudoga shukr, oilam, yaqinlarim, kasbdoshlarim, mahalla-ko'y oldida yuzim yorug' bo'ldi.

Podpolkovnik Husniddin Abdullayev bugungi kunda Chilonzor tumani IIOFMB 2-sonli IIB boshlig'i lavozimida ishlab kelmoqda. Unga ish joyiga yaqin bo'lgan hududdan barcha qulayliklarga ega bo'lgan xizmat uyi berilgan. Turmush o'rtog'i Munira shu hududdagi 179-sonli maktabda ingliz tilidan dars berib kelmoqda. Ular Gulhayo, Azizbek, Lazizbek ismli farzandlarini Vatan xizmatiga kamarbasta insonlar etib tarbiyalashmoqda.

Darhaqiqat, ayrim insonlar haqiqatni yashirishga, uning yo'lini burishga urinadi. Ba'zan u chalkashliklar ichida ko'zdan yo'qolgandek bo'ladi. Lekin haqiqatning umri uzun. U bir paytlar egilishi mumkin, ammo hech qachon sinmaydi, vaqt o'tgach, baribir o'z ovozini topib, yuzaga chiqadi. Xuddi lavhamiz qahramoni, podpolkovnik Husniddin Abdullayev qismati kabi. Uning qadamlari shubhalar soyasi ostida bosilgan bo'lsa-da, qalbidagi haqiqat uni yiqitmadi. Vaqt o'tdi, sinovlar o'tdi, ammo baribir haqiqat o'z yo'lini topdi, o'z so'zini aytdi va qahramonimiz taqdirida adolat nurini ko'rsatdi…

Adolat FAYZIYEVA,

IIV Birlashgan tahririyati

muxbiri.

Jasorat yurakda tug'iladi

2025 yil 16 may. Shu kuni o'z xizmat vazifasini bajarayotgan yo'l harakati xavfsizligi xizmati inspektori, safdor Avliyo Abbosov hujjatsiz transport boshqarayotgan fuqaroni aniqladi. Uning mashinasini jarima maydonchasiga olib borayotgan paytda inspektorning so'zlariga bo'ysunmasdan, undan qochishga uringan haydovchi “Damas” avtomobilini kuch bilan jarima maydonchasining darvozasiga urib, uni buzib yubordi. Xodim haydovchini to'xtatishga urindi. Lekin u to'xtash o'rniga Avliyoga yovuz niyatda yaqinlashdi.

U mashinasidagi oshxona pichog'ini olib, inspektorga tashlandi. Avliyo jarohatlangan bo'lsa-da, vazifasini ado etish va o'ziga qarshi yovuz hujumni to'xtatish uchun kurashni davom ettirdi. Ammo inspektor jiddiy jarohat olib, shifoxonaga yetkazildi. Qabih niyatdagi fuqaro darhol qo'lga olindi va huquq-tartibot organlariga topshirildi.

Avliyo Abbosovning bu voqeada ko'rsatgan jasorati hamma uchun o'rnak bo'ldi. O'z xizmatiga bo'lgan sadoqat, jonini xavf ostiga qo'yib bo'lsa ham jamiyat xavfsizligini ta'minlashga intilishi uning haqiqiy qahramonligini ko'rsatadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda inson qadri va mehnati har doim e'tirofga sazovor bo'lmoqda. Namangan viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo'linmalari saf bo'linmalari yo'l-patrul xizmati bataloni uchinchi safarbar guruhi yo'l-patrul xizmati inspektori Avliyo Abbosovning “Jasorat” medali bilan taqdirlanishi uning xizmatiga berilgan haqiqiy rag'bat bo'lib, o'z navbatida, qahramonimizni yanada yuqori maqsadlarga erishish uchun ilhomlantirmoqda. Uning har bir qarori, har bir qadamida chinakam fidoyilik va yuksak mas'uliyat bor.

Avliyo Abbosov 2006 yildan buyon ichki ishlar organlarida faoliyat yuritmoqda. Kosonsoy tumani IIB ta'minlash bo'linmasi militsionerligidan boshlab, bir qator mas'uliyatli lavozimlarda ishladi. Jumladan, patrul-post xizmati, jamoat tartibini saqlash va yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash sohalarida katta tajriba orttirdi.

U joriy yilda 1500 dan ortiq yo'l harakati qoidabuzarliklarini aniqladi va tegishli choralar ko'rdi.

Avliyo Abbosovga berilgan “Jasorat” medali uning jamiyatga xizmat qilishdagi yuqori mas'uliyatini qadrlashning yorqin ifodasidir. Bu mukofot uni yana yuksak maqsadlar sari intilishga undaydi. Bu esa jamiyat xavfsizligi va farovonligini mustahkamlashda muhim omil bo'ladi.

Jahongir TO'XTASINOV,

Namangan viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + 10 =