Bosma kitoblar yana qancha yashaydi?

Audiokitoblarni eshitish – bosma kitoblarni o'qishdan ko'ra qulayroqmi? Kimdir transportda, yana kimdir sport bilan shug'ullanayotganda yoki uy ishlarini qilayotganda …quloqchin taqib olgancha sevimli asarlarini eshitadi. To'g'ri, hamma qulaylik tarafdori. Biroq shu o'rinda savol tug'iladi: audiokitoblar bosma kitoblarni bozordan siqib chiqaradimi?

Statistik ma'lumotlarga ko'ra, audiokitoblar bozori, ayniqsa, so'nggi besh yilda har yili 10-15 foizga o'sib bormoqda. Ma'lumotlarga qaraganda, 2023 yili AQShda audiokitob savdosi 1,8 milliard dollarni tashkil qilgan. Bu, ayniqsa, yoshlar orasida mashhur bo'lib, endilikda kattalar ham kunlik ishlari orasida kitob tinglashni odatga aylantirgan.

Lekin shunday bo'lsa-da, qog'ozda chop etilgan kitoblarga bo'lgan qiziqish hamon yuqori. Misol uchun, Yevropa va Osiyoning ba'zi mamlakatlarida bosma kitob savdosi hanuz o'sishda davom etmoqda. Kitob do'konlari va kutubxonalar o'zgarishsiz – gavjum. Nashriyotlar yangi bosma kitoblarni chiqarishni to'xtatgani yo'q. Varaqlarni hidlash, sahifalarni titkilash tuyg'usi ularni hali tark etganicha yo'q.

Umuman olganda, audiokitob va bosma kitoblarning har biri o'z afzalliklariga ega. Audiokitoblar harakatdagi odamlar uchun ideal va qulay bo'lsa, bosma kitoblar sokin o'qish va chuqur mulohaza qilish uchun mos. Tadqiqotlarga ko'ra, matnni ko'z bilan o'qish eshitishga qaraganda axborotni yaxshiroq yodda saqlashga yordam beradi. Shu bilan birga, audiokitoblar yo'lda vaqtni mazmunli o'tkazish uchun ajoyib variant.

Xo'sh, endi aytmoqchi bo'lgan gapimizga qaytsak: sekin-asta bosma kitoblar yo'qolib ketadimi? Bizningcha, yo'q. Ikkala format ham o'z auditoriyasini topadi va bir-birini to'ldiradi. Texnologiya, ilm-fan rivojlanishi bilan kitob o'qish shakli ham birmuncha o'zgarishi mumkin, lekin uning qiymati o'zgarmaydi. Bosma kitoblar yashayveradi. Audiokitoblarni eshitish va bosma kitoblarni o'qish orasidagi tanlov esa sizu bizning hayot tarzimiz va odatlarimizga bog'liq. Siz-chi, aziz mushtariy, bu borada siz qaysi tomondasiz?

Sevinch AHMADJONOVA,

O'zJOKU 2-kurs talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + five =