Nega televizor ko'rmay qo'ydik?

Yaxshi eslayman: uyimizda kattagina televizor bo'lardi. Dasturxon atrofida jam bo'lgan oilamiz a'zolari: dadam, oyim, opam va men sevimli teleko'rsatuv, teleseriallarimizni maza qilib tomosha qilardik. Tasavvurimda zangori ekran nafaqat axborot tashuvchi, balki insonlarni bir nuqtada birlashtiruvchi vosita sifatida gavdalanardi.

Bugun-chi?

Bugun zamon o'zgargan, shu bilan bir qatorda insonlarning xohish-istaklari ham. To'g'ri, oramizda televizor ko'radiganlar, tomosha qiladiganlar ham bor. Ammo tan olish kerakki, internet saytlarining kuzatuvchilaridek million-millionlab emas. Savol tug'iladi: nima uchun?!

Internet nafaqat televidenie, balki matbuot, radioning ham oyog'iga tushov, yo'lida g'ov bo'ldi. Sababi esa barchaga birdek ma'lum: ijtimoiy tarmoqlar, xususan, messenjerlar, video-xostinglar, rekreativ platformalar insonlarga ko'proq ma'qul tushyapti. Ular izlagan ma'lumot, ko'rishni xohlagan videolavha, eshitmoqchi bo'lgan audioyozuvlarini zum o'tmay “qo'llariga tutqazyapti”.

Achchiq haqiqat — tezkorlik bobida an'anaviy ommaviy axborot vositalari anchagina oqsayapti. Xususan, televidenieda ham yangiliklar dasturlari jadval asosida, kunning ma'lum bir qismida efirga uzatiladi. Istalgan vaqtda istalgan mavzudagi axborotni olishning imkoni yo'q.

Yaqinda “Reuters Institute Digital News Report” 46 ta mamlakatni qamrab olgan tadqiqot o'tkazdi. So'rovlar natijasida aholining 60 foizi eng so'nggi yangiliklar bilan internet vositasida tanishib chiqishi ma'lum bo'lgan. Umuman, axborot tarqatishga ixtisoslashgan onlayn nashrlarni muntazam ravishda kuzatib borish jahon miqyosida odat tusiga kirgan.

Avvallari OAV auditoriyasiga “retsipient”, ya'ni axborotni qabul qiluvchi, sirasini aytganda, iste'molchi sifatida qaralardi. Inson tirik ekanki, aytish, ayta olish istagi bilan yashaydi. Ma'lum bir voqea-hodisa, muammo yoxud masala yuzasidan o'z fikrlarini bayon etgisi keladi. Zamonaviy media kishilik jamiyati vakillarining “ayta olish” istagini bajo keltiryapti. Ehtiyojini keragidan ortig'icha qondiryapti. Oqibatda interaktivlik internetni boshqa ommaviy axborot vositalaridan ajratib, farqlab turuvchi asosiy xususiyatlar qatoridan joy olmoqda.

Zamondoshlarimiz o'zini qiziqtirgan, bilishni istagan, umuman, ehtiyoj sezgan mavzularidagi mediakontent bilan tanishgisi kelyapti. Televideniening mavzular ko'lami keng. Ammo ayrim holatlarda chegaralanish (ayniqsa, davlat televideniesi modelida) mavjud. Munozarali, so'nggi vaqtlarda ko'p muhokama qilinayotgan voqea-hodisalarga alohida to'xtalib o'tilmaydi. Tok-shoular tashkil etilmaydi hisob. Sodda qilib aytganda, temir qizig'ida bosilmaydi.

Televidenie, radio, matbuot, internet — barcha-barchasi mediamakonda o'ziga xos o'rniga ega. Lekin ana o'sha makonda “reyting”, “indeks” singari tushunchalar ham bor.

Nazarimda, telekanallar ko'rimliligini oshirish, ommabopligini ta'minlash uchun tahliliy janrlardagi materiallarga ko'proq murojaat qilishi kerak. Insonlarni yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar tahliliga bag'ishlangan audiovizual materiallar, davra suhbatlarini o'tkazish, namoyish etish orqali ham teletomoshabinlarni ekran qarshisiga qaytarish mumkin deb o'ylayman. Albatta, bu mening shaxsiy fikrlarim.

Ulug'bek ShAROBIDDINOV,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =