Sobira Xoldorova haqida nimalarni bilamiz?
Alisher Navoiy ko'chasidan o'tib ketayotganimda ko'zim beixtiyor Sobira Xoldorova haykaliga tushdi. Bir lahza to'xtab, bu inson haqida o'ylanib qoldim. Sababi, Sobira Xoldorova hamyurtim hisoblanadi. Bu ulug' ayol men tug'ilib o'sgan Namangan viloyatining Chust tumanida dunyoga kelgan. Qalbimda faxr tuyg'usi paydo bo'ldi. Chunki o'zbek jurnalistikasi tarixida katta iz qoldirgan bunday jasur ayol aynan bizning Chustdan chiqqan.
Sobira Xoldorova o'zbek matbuoti tarixidagi ilk ayol jurnalistlardan biri sifatida taniladi. Hayot yo'li oson kechmagan. Bolaligidanoq turli qiyinchiliklarni boshidan kechirgan. Yoshligida otasidan ayrilgani, og'ir turmush sharoiti uni hayot sinovlariga erta duch keltirgan. Shunga qaramasdan, Sobira aya ilm olishga va o'z ustida ishlashga intilgan. Bu esa ularning kuchli iroda sohibasi bo'lganini ko'rsatadi.
O'sha davrda ayollarning o'qishi yoki matbuot sohasida ishlashi juda kam uchraydigan voqea edi. Lekin Sobira Xoldorova barcha qiyinchiliklarga qaramay, o'z orzusi yo'lida harakat qildi. U avval Qo'qonda tahsil oldi, keyin esa Toshkentda xotin-qizlar maorif institutida o'qidi. Aynan shu yillarda uning jurnalistikaga bo'lgan qiziqishi ortib bordi. Keyinchalik “Yangi yo'l” gazetasida ish boshladi va asta-sekin tajribali jurnalist sifatida tanildi.
Menimcha, Sobira Xoldorovaning eng katta xizmati — u o'zbek ayollariga namuna bo'la olganida. Chunki ma'rifatparvar ayol faqat maqola yozibgina qolmasdan, ayollarni ilmli bo'lishga, jamiyatda faol ishtirok etishga chaqirgan. Shu sababdan ham maqolalarida ma'rifat, savodxonlik va taraqqiyot g'oyalari asosiy o'rinni egallagan.
Sobira Xoldorova keyinchalik Moskvadagi Oliy jurnalistika institutida ham tahsil olgan. Bu esa bilim va dunyoqarashini yanada kengaytirgan. Vatanga qaytgach, bir nechta gazeta va jurnallarda faoliyat olib borgan. U nafaqat jurnalist, balki tarjimon va jamoat arbobi sifatida ham mashhur.
Afsuski, 1937 yildagi qatag'on yillari Sobira Xoldorova hayotiga ham og'ir zarba berdi. U nohaq ayblar bilan qamoqqa olindi. Oilasi katta azob-uqubatlarni boshdan kechirdi. Ammo shunday qiyin davrlarda ham matonat sohibasi irodasini yo'qotmadi. Keyinchalik oqlanib, yana matbuot sohasiga qaytdi.
Sobira Xoldorova haykali oldida turganimda bir narsani chuqur his qildim: insonning haqiqiy qadri uning mol-dunyosi yoki qancha umr ko'rgani bilan emas, balki xalq uchun qilgan xizmati bilan o'lchanar ekan. Sobira Xoldorova ham o'z hayotini xalqqa, matbuotga va ma'rifatga bag'ishlagan ayollardan biri bo'lgan.
Bugun biz — yosh jurnalistika talabalari uchun Sobira Xoldorovaning hayoti va faoliyati katta ibrat maktabidir.
Javohir JO'RABOYEV,
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar
universiteti 1-bosqich talabasi.
