Nomi abadiylashtirilgan shaxslarni yaxshi bilamizmi?

O'zbekistonning timsoli deganda yurtdoshlarimiz ko'z o'ngida Samarqanddagi Registon me'moriy majmuasi gavdalansa, ajabmas. Faraz qiling, siz Registon atrofida yashaysiz va hovlidan chiqqaningizda bir sayyoh sizga murojaat qilib, shu yerda yashashingizni bilganidan so'ng, shahar ko'rki bo'lgan bu muhtasham obidalar qachon va kim tomonidan bunyod etilganini so'raganda javob berolmasangiz, unda qanday taassurot qoldirasiz? Shu atrofda yashab turgan samarqandlikning har kuni ko'zi tushadigan dunyoga mashhur osori atiqa haqida ma'lumotga ega emasligi uni ajablantirishi aniq va afsonaviy shahar bilan birga biz uchun achinarli bo'lgan bu holat ham uning xotirasida muhrlanishi shubhasiz.

Nodavlat Turon fanlar akademiyasining Samarqand mintaqaviy bo'limidan telefon qilishib, bo'lim joylashgan binoda kutubxona tashkil etilgani va uning ochilishi marosimiga o'ntacha nuroniyni taklif etishimni iltimos qilishdi.

— Ular nevaralarini ham olib kelishi mumkinmi? — so'radim ko'nglimga kelgan bir fikrni amalga oshirish imkoniyati tug'ilganini o'ylab.

— Albatta!

Bu yerda ko'p bo'lganman. Shaharning “Namozgoh” mahallasi markazi yonida joylashgan ushbu tashkilot tomonidan o'tkazilgan turli sohada yuqori natijalarga erishgan insonlarni taqdirlash marosimlarida ishtirok etib, uning jamoatchilik asosida faoliyat yuritishi va olib borayotgan xayrli ishlaridan ozmi-ko'pmi xabardor edim. Shuning uchun qilingan iltimosga javoban mahalla raisidan belgilangan kunda o'nta nuroniyni maktab o'quvchisi bo'lgan nevaralari bilan taklif etishini so'radim.

Tadbir juda ko'tarinki ruhda o'tdi, bolajonlar she'rlar aytib, barchaga zavq ulashishdi. Menga so'z berishganda, nuroniylarni nega atay shu mahalladan tanlaganim va ulardan nevaralari bilan kelishlarini so'raganim sababini ham aytib berdim. Birinchidan, mintaqaviy bo'limning o'z hududida ekani mahalla uchun faxr — el-yurtda hurmat qozongan insonlar bu yerga tashrif buyurishadi. Ikkinchidan, minglab kitoblar bo'lgan kutubxonadan mahalla ahli foydalanishi mumkin. Keyin bo'limga tashrif buyurgan mahalladagilar ko'rganlarini yon-atrofga ma'lum qilishadi. Mahallada bo'lim borligi haqida ko'pchilik xabardor bo'ladi. Chetdan kimdir kelib, mahalladagi biror kishidan bo'limning qaerdaligini so'rasa, u yelka qismay, uning qaerdaligini ko'rsatadi. Shuni e'tiborga olib, mahalla raisidan mintaqaviy bo'lim o'zlari yashaydigan hududda ekanini har bir oila bilishi uchun tegishli ish olib borishini so'radim.

Demak, obidalar atrofidagi mahallalar aholisi hech bo'lmaganda sayyohlar so'rab qolsa, uyalib qolmaslik uchun o'z hududidagi qadamjolar haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo'lishi kerak bo'ladi. Bu ma'lumotlar albatta, faqat kimgadir aytib berish uchun emas, ajdodlar qoldirgan meros haqida bilish, undan faxrlanish, ularni ko'rish uchun minglab chaqirim naridan kelayotganlar o'z tashriflari bilan davlat g'aznasini boyitayotgani, tariximizga havasi kelib, olam-olam taassurot bilan yurtiga qaytishi, umuman, bizni g'ururlantirish, e'zozlash va ehtiyot qilish uchun ham kerak.

O'zbek adabiyoti namoyandalaridan birining nomi berilgan mahalla hududidagi maktabda o'tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi” ishtirokchilaridan buyuk yozuvchi qachon va qaerda tug'ilgani haqida so'radim. Uchrashuv qatnashchilarining baralla javob berishlarini kutgandim. Afsus, hech kimdan sado chiqmadi. Bu juda achinarli, uyatli holat ekanini aytdim va mahalla raisidan va maktab direktoridan yozuvchining surati va u haqida qisqacha ma'lumot yozilgan peshlavhani mahalla va maktabga kirish joylariga o'rnatishlarini iltimos qildim. Toki kim mahalla hududi, maktab hovlisiga qadam qo'ysa, ko'zi unga tushsin va el-yurtimiz faxrlanadigan zot haqida ma'lumotga ega bo'lsin. Hech vaqt o'tmay, mahalla raisi menga telefon qilib, uzr so'ragan holda, yozuvchining surati va u haqda ma'lumotlar tushirilgan peshlavha mahalla markazi binosining ko'rinadigan joyiga o'rnatilganini ma'lum qildi.

Xursand bo'ldim. Koshki, atoqli shaxslar nomi berilgan ko'chalarning boshlanishida ularning surati, amalga oshirgan ibratli ishlari haqida qisqacha ma'lumot aks etgan ko'rgazmali materiallar bo'lsa, ular tariximizni yaxshiroq o'rganishga xizmat qilgan bo'lardi.

Xurshid NURULLAYEV,

“Nuroniy” jamg'armasi Samarqand shahar bo'limi rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − 13 =