Ikki qutb

yoki repetitor maktabdan muhimmi?

Inson doimo foyda keladigan, natijali ishni qilishga intiladi. To'g'ri-da, befoyda ishdan ne naf? Sifat bo'lmagan joyda natija ham bo'lmaydi! Hayotda biror natijaga erisha olmasangiz, o'z o'rningizga ham, yaxshiroq lavozimga ham egalik qilolmaysiz. Xo'sh, buning uchun nima qilish kerak? Ulug' allomalar bu savolga: “Najot ilmda, ta'lim-tarbiyada”, deb javob berganlar.

Shubhasizki, ilmning ildizi maktabdadir. Ammo hozirgi kunda ko'pchilik yoshlar maktabda o'qish o'rniga qo'shimcha darslarni, xususiy o'quv markazlarini va yana… repetitorlarni tanlashmoqda. Qiziq, o'qiyman, chuqur bilim olaman degan yoshlar uchun maktabning o'zi kifoya emasmi?

Garchi, yaxshi maktablarimiz ko'p, yaxshi ustoz­lar ham. Ammo ahvol hamma joyda bir xil emas. Muammolar serob. Qaysidir maktabda darslar o'quvchilarni qoniqtirmasligi, qaysidir maktabda  sharoit yo'qligi, sinfda o'quvchilar sonining ko'pligi dars sifatiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani va albatta, ayrim joylarda malakali kadrlar yetishmasligi bor gap va buni hech kim inkor etolmaydi. Shunday bo'lsa-da, aybni faqat maktabga ag'darish adolatdanmi? Chunki bilimni o'qituvchi beradi, uni o'zlashtirish o'quvchining xohish-istagiga bog'liq. O'quv markazlari, repetitorlarni tanlab, maktabni tashlab qo'yishga ham shunday baho berish kerak. U yerlarda siz maktabda o'qib-o'rganishingiz shart bo'lgan darslar o'tiladi. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q”, deganlaridek, maktablardagi fidoyi ustozlarni mensimay, qanday dars berishi, nimani o'rgatishi goho noma'lum “ustoz”larga ergashish ba'zan kutilmagan natija berishi ham mumkin.

Repetitor, asosan, ko'p vazifa beradi, nima qilib bo'lsa-da, uni o'zlashtirishingiz kerak. Maktabda bir-ikki soatda o'tiladigan mavzuni o'rganish uchun repetitorga ikki-uch marta qatnashingiz, vaqt yo'qotishingiz va ancha-muncha pul sarflashingizga to'g'ri keladi. Bu ikki yo'lning qaysi biri to'g'ri?

Shu savolga javob topish, aniqrog'i, maktab hayotini yaqindan o'rganish   uchun Zangiota tumanidagi 9-umumiy o'rta ta'lim maktabiga bordim, bir necha o'qituvchi va o'quvchilar bilan suhbatlashdim. Meni qiziqtirayotgan masala bo'yicha hamma suhbatdoshlarimning o'z fikri bor.

Maktab psixologi Dilobar Ishoqxo'jayeva:

— Maktab darsliklari tubdan o'zgardi, o'quvchilar ma'lum ma'noda shoshib qolishdi ham, ba'zi mavzular  o'zlashtirilmay qolmoqda. Psixolog sifatida shuni aytolamanki, bolani o'qishga qiziqtirish, avvalo, oiladan bosh­lanadi.

Suhbatni maktab direktorining madaniy-ma'naviy ishlar bo'yicha o'rinbosari Shixnazar Qo'ziyev bilan davom ettirdim. Uning fikricha, sinflarda o'quvchi sonining ko'pligi dars sifatining pasayishiga sabab bo'lmoqda. “Taklif sifatida, dars vaqtini 45 daqiqadan 30 daqiqaga tushirish tarafdoriman”, dedi u. Bu taklifni boshqa maktablarda bo'lganimda, tajribali o'qituvchilardan ham eshitganman.

Maktabdan chiqib, “Bo'ston” va Ahmad Yassaviy nomli mahallalarida ham bo'ldim. Chunki shu mahallalarda yashaydigan bolalar men bo'lgan maktabda o'qishar ekan. Bo'ston MFY idorasida yoshlar bilan ishlash agentligi vakili Abdujalil Akmalov bilan suhbatlashdim. Yoshlar yetakchisi maktabda turli ma'naviy muhitda tarbiya olgan bolalarning bir sinfda o'qishini aytib: “Biz ularni ajratib o'qitmaymiz, hammalariga bir xil munosabatda bo'lamiz, ammo bunday holatda bir xil natijaga erishish faqat bizning maktabda emas, boshqa maktablarda ham qiyin. Uzoq yillar davomida maktabda uzluksiz dars berib,  katta pedagogik tajriba to'plagan ustozlargina bu muammoning yechimini topa oladilar. Bugun maktab hayoti tubdan isloh qilinayotgani bu borada yanada yaxshi natija berishi mumkin”, dedi. Men bilan muloqot qilgan boshqa suhbatdoshlarim ham shunday deyishdi.

Xo'sh, qachon maktablarimiz xususiy tayyorlov kurslari kabi bolalarga to'laqonli bilim bera oladi? Buning uchun nima qilmoq kerak? Axir bir paytlar, aytaylik, mustaqillikdan oldin o'rta maktablarda o'qigan ota-onalarimiz qo'shimcha repetitorlarga borishmasdan ham puxta bilim olishgan-ku!

Albatta, o'sha paytlarda ham 3ga va yoinki faqat 4-5ga o'qiydiganlar bo'lishgan.

Demak, hamma gap har bir bolaning o'zida, bilim olishga bo'lgan qiziqish va intilishida ekan. Qolaversa, yuqorida aytilganidek, birinchi maktab bu, avvalo – oila. Oilada o'qishga rag'bat yo'qmi, baribir bola o'qishga qiziqmaydi. Maktab va oila esa hozircha bizda ikki qutbligicha qolmoqda.

Malika MIRJALOLOVA,

O'zbekiston Milliy universiteti

talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 3 =