Siz qachon teatrga borgansiz?

Teatr – oyna, muqaddas dargoh. Uning tarbiyaga yo'g'rilgan saboqlari esa kishilarni odamiylikka chorlaydi. Ammo zamon zayli deymizmi yoki kino sanoatining o'ziga xos qulayligimi, teatr atamasi ozgina eskirgandek tuyilishi mumkin. Avvallari faqatgina zodagonlar kira olishi mumkin bo'lgan teatr zali hozirgi paytda tekinga spektakl qo'yilsa ham ko'pincha to'lmay qoladi. Bu esa odamni anchayin o'yga toldiradi…

Dunyoda teatrning o'ziga xos yaratilish tarixi mavjud. Ilk teatr o'tmishiga nazar soladigan bo'lsak, Yunoniston va Hindistonda “Mahobharat” va “Ramayana” dostonlari bilan bog'liq holda rivojlangan. Keyinchalik esa Yaqin Sharq va Rimga yoyilgan. Teatrdan ko'zlangan maqsad ilk asrlarda ham inson qalbida qandaydir iliq tuyg'u uyg'otish, fikrlash va xulosaga chorlashdan iborat bo'lgan.

Sharq mamlakatlarida teatr paydo bo'lgan vaqt jadidlar davri, ya'ni XIX-XX asr deb o'ylaydi ko'pchilik. Ammo ba'zi manbalarda keltirilishicha, teatr Sharqda Temuriylar davrida ham gullab yashnagan. O'sha davrda poytaxt deya e'tirof etilgan nufuzli shaharlarda teatr­lashgan tomoshalar uyushtirilgan.

To'g'ri, jadidlar davrida teatr qaysidir ma'noda o'z cho'qqisiga chiqqan.

Chunki Mahmudxo'ja Behbudiy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy kabi ziyolilar yemirilayotgan mamlakat va o'zligini yo'qotayotgan xalq ongini o'zgartirishning yagona yechimi teatr deya o'ylashgan. Sabab, u davrlarda kitob yoki gazeta orqali ma'rifat ulashish anchayin mushkul bo'lgan. Ularga ma'naviy ta'sir o'tkazish teatrlar orqali amalga oshirilgan.

O'sha paytda katta shov-shuvlar bilan teatr sahnasiga kirib kelgan “Padarkush” dramasini har bir adabiyot ixlosmandi bilsa kerak. Ma'no-mazmun jihatidan shu davr  holatini yaqqol ko'rsatib bergan va xalq shu zaylda ketsa, yakun dramadagi kabi ayanchli bo'lishiga ishora qilgan. Ammo bu spektaklning sahna yuzini ko'rishi ham osonlikcha bo'lmadi. Mamlakatdagi allaqachon miyasi zaharlanib ulgurgan ba'zi “ziyolilar” bu spektaklni mamnuniyat bilan kutib olmadi. Saidahmad Vasliy ism-sharifli kishi “Sadoyi Farg'ona” gazetasining 1914 yil 83-sonida chop etilgan “Shariati islomiya” sarlavhali maqolasida “teatr harom”, deb e'lon qiladi. “Oyina” jurnali endigina tug'ilayotgan teatr san'atiga nisbatan bunday xato va zararli munosabatni mutaassiblik namunasi sifatida baholab, unga keskin zarba beradi.

Behbudiyning sa'y-harakatlari bilan o'zbek madaniyatida yangi san'at — teatr dunyoga keldi. Behbudiy hamda uning safdoshlari matbuot orqali bu yangi san'atni keng targ'ib qilishga kirishdilar. Behbudiy teatrga bag'ishlangan bir qancha maqolalar yozib, bu san'atning ahamiyatini quyidagicha izohladi:

“Teyotr nimadur? Janobig'a teyotr ibratnamodir, teyotr va'zxonadur, teyotr ta'zir adabidir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko'zliklar ko'rub, kar quloqliksizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va'z va tanbeh etuvchi hamda zararli odat, urf-taomilni, qabih va zararini ayon ko'rsatuvchidir. Hech kimni rioya qilmasdan to'g'ri so'ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildirguvchidir” (Mahmudxo'ja Behbudiy, “Tanlangan asarlar”.)

Bu ta'rif Behbudiyning teatr san'atiga juda katta umid va yuksak tasavvur bilan munosabatda bo'lganidan dalolat beradi. Ushbu san'at orqali xalq va jamiyat hayotidagi illatlarga barham berishga, ular hayotini yaxshilash mumkinligiga ishonch bilan qaraydi. O'sha davrlarda “Padarkush” ta'sirida bir necha sahna asarlari yaratildi. Dramaturglar safi Nasrulla Qudratilla, Abdulla Qodiriy, Abdulla Badriy, Hoji Muin, Abdulla Avloniy, Hamza, Fitrat, Cho'lpon singari zabardast ijodkorlarga ko'paydi!

O'zimning ham ilk bor teatrga tushganim kechagidek esimda. “O'tkan kunlar…” Ha-ha, o'sha mashhur — “O'tkan kunlar”. Gavjumgina O'zbek milliy akademik drama teatri. Dugonalarim bilan yonma-yon o'rindiqlarga joylashdik. Pardalar ochildi va tomosha boshlandi. Birpasda o'sha muhit meni to'laligicha qamrab oldi. Avval boshda O'zbek oyimning g'alati-g'alati o'xshatishlariga kulgan bo'lsam, Kumushning zaharlanish jarayoni meni qattiq qayg'uga soldi. Kumush va Otabekning sevgi mevasining kelajakdagi onasiz hayotiga  achindim. Aybsiz-aybdor Zaynabginaning qismatiga ham rahmim keldi. Ishonyapsizmi, asar qahramonlari xuddi mening yaqinimdek jonim achishdi. Aslida, bu shunchaki sahnalashtirilgan asar edi. Lekin men xuddi shu voqealar mening atrofimda ro'y berayotgandek ba'zan qayg'urdim, ba'zan esa xayollar og'ushiga berildim. O'qishda ham bu asarni qahramonlarini o'ynagan aktyor va aktrisalarning yutuq va kamchilik­larini anchayin muhokama qildik. Shundan ta'sirlangan holda mening “Zaynabga xat” nomli kichik maqolam yozildi. Birgina teatr menga chin ma'noda olam-olam yangilik berdi. Qalbimga nafis san'at shu'larini olib keldi…

Darhaqiqat, kino yoki konsert tomoshalarini televidenie yoxud internet orqali tomosha qilish, zarur bo'lsa ulardan nusxa ko'chirib olish mumkin. Lekin teatr shu qadar betakror va ajoyib san'at turlaridan sanaladiki, tomoshabin rol ijro etayotgan aktyorlarning nigohi va nafasini, har bir so'zi-yu xatti-harakatini jonli tarzda ko'rib, his qilib turadi. Ko'z oldida sahna va shu yerda aktyorlar bilan birga yashaydi, yig'laydi, kuladi…

Prezidentimiz yurtimizda teatr ko'lamini oshirish maqsadida, davlat idoralari xodimlari va rahbarlarning teatrlarga tashrif buyurishi uchun oyning bir kunini “Teatr kuni” deb e'lon qilishni bejiz taklif etmadilar.  Xodimlarning teatrlarga borishini yo'lga qo'yish maqsadga muvofiqligini aytdilar.

Faqat… har bir teatr jamoasi tomoshabin bilan ishlash tizimini yaxshi yo'lga qo'ya olishi kerak. Teatrlardan ko'zlangan asosiy maqsad, yaratilayotgan spektakl jamoaviy badiiy ijod mahsuli orqali kishilik jamiyatini ezgulik va yaxshilikka ergashtira olishi, insonlarning ma'naviy, madaniy va ma'rifiy tafakkurini yuksaltirishi zarur.

Teatrning rivojlanishi va spektakllarni keng tomoshabinlar ommasiga taqdim etishda muvaffaqiyatli faoliyat yuritishi uchun esa birinchi navbatda, tomoshabinni jalb eta oladigan yangi spektakllar yaratish zarur. Bundan keyin ham xalqimizning yuragiga yetib boradigan, qalbini zabt etadigan, ezgu maqsadlarga chorlaydigan asarlarning yaratilishini kutib qolamiz!

Dildora DO'SMATOVA,

O'zJOKU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × one =