Amerikada hamma yaxshi yashaydimi?
Bugungi kunda ko'pchilik Amerikada tahsil olishni, ko'proq u yerga borib ishlash va yashashni orzu qiladi. Shu bois, kuz keldi deguncha, ko'cha ko'yda “Grin kart to'ldiramiz”, “AQShda yashashni istaysizmi” kabi reklama, bannerlarga ko'zimiz tushadi. Statistik ma'lumotlarga qaraganda O'zbekiston grin karta o'yini o'ynash bo'yicha dunyoda uchinchilikda, yutuq chiqqan mamlakatlar orasida esa TOP-5likda turadi. Lotoreyaga, asosan, oktabr-noyabr oylarida ariza topshirish boshlanadi hamda kelasi yil may oylarida esa natijalar e'lon qilinadi. Ma'lumotlarga qaraganda, joriy yilda 5,5 mingdan ko'proq hamyurtlarimizga yutuq chiqqan. Bu natija esa O'rta Osiyoda birinchilikda turibdi.
AQSh aholini ro'yxatdan o'tkazish byurosining so'nggi hisobotiga ko'ra, Qo'shma Shtatlarda 62 mingdan ziyod o'zbekistonliklar istiqomat qiladi. Asosan, ular, Nyu-York, San Antonio, Xyuston, Chikago shaharlarida yashashadi.
Xo'sh, nega ko'pchilik Amerikaga intiladi? Amerika haqiqatan ham “mo'jizakor mamlakat”mi? Grin kart bu — omad. Kimgadir omad kulsa, kimgadir esa yo'q. Ba'zilarni hatto “yutuq chiqmasligi” ham yo'ldan to'xtata olmaydi. “Mo''jizakor mamlakat”ning ohanrabosi shu daraja maftun qiladiki, qay yo'l bilan bo'lmasin, ketish payida bo'lishadi. Bu paytda ba'zi tujjorlar ularning soddaligidan ustamonlik bilan foydalanib, “sehrli diyor”ga borishning mutlaqo boshqa, ya'ni hech qanday loteriyasiz, hatto vizasiz, chegaralardan go'yoki “qonuniy” olib o'tashni va'da qilishadi. Albatta, mo'maygina pul evaziga.
Meksika — AQShga borish niyatida kelgan ko'plab muhojirlar uchun o'tish nuqtasiga aylangan. O'zbekistonliklar asosan Eron yoki Turkiyadagi Meksika konsulliklaridan turist vizasini olib Kaknun shahriga, Kaknundan esa poytaxt Mexikoga borishadi. Nega aynan poytaxt desangiz, u yerda Amerika bilan chegaradosh Tixuana shaharchasi bor. Aynan shu shaharcha “tranzit” yo'li hisoblanadi. Amerikaning sobiq prezidenti Donald Tramp tomonidan noqonuniy muhojirlar chegaradan o'tmasligi uchun Amerika va Meksika o'rtasida 700 km. uzunlikdagi temir to'sinlar qurildi. Ammo bu to'sinlar ham Amerika orzusiga to'siq bo'layotgani yo'q. Chegarani noqonuniy kesib o'tish orqali yiliga 650 nafar odam halok bo'lmoqda. Chunki muhojirlar Meksikada o'g'rilik, jinsiy zo'ravonlik, qotillik va giyohvand moddalar bilan qurbon bo'lishmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha o'zbekistonliklarning ham Meksika orqali AQShga o'tishga urinishlari videolari tarqalgandi. Unda bir o'zbek chegarani bosib o'tishdagi qiyinchiliklarni so'zlab bergandi.
“Ayolim bilan yashab turgan hovlimizni, mashinamizni sotdik. Eron orqali Meksikaga bordik. Meksikada kuzatuvchiga kishi boshiga 6 ming dollardan pul to'lab bir oy changalzorlar, botqoqliklardan, suvdan kemada o'tdik. U yerda nafaqat yurtdoshlarimiz, balki O'rta osiyoliklar ham bor edi. Hattoki emizikli bola bilan suvdan kechayotgan ayolni ko'rdim, — deya hikoya qiladi bir yigit.”
Bilamizki, Amerikaga borgan insonlar iqtisodiy ahvolini tezda tiklab olishi, mo'maygina daromad topishi bor gap. Biroq birinchi borgandagi sarsongarchiliklar, mashaqqatu qiyinchiliklar, o'zga yurtda begonalik hisi, ota-ona mehrini hech qanday pul bilan to'ldirib bo'lmaydi. Yurtdoshlarimizning aksariyati axborot texnologiyalari, o'qituvchilik, tadbirkorlik sohasi hamda kafe restoranlar yo'nalishida xizmat qilishadi va haydovchilik bilan shug'ullanishadi.
— Har yili “grin kart” to'ldirardim. Mana nihoyat, yetti yil deganda omadim keldi, — dedi informatsion texnologiyalar sohasida faoliyat yuratayotgan Saidbek Arslonov. – Ko'pchilik Amerikani pul manbai deb o'ylaydi. Shu fikr katta xato. O'zbekistonda birinchi veb sayt yaratganimda 200 dollar olganman. Amerikaga kelib yaratgan veb saytim uchun 80 dollar berishgan. Bu yerda raqobat kuchli. O'z ustimda kecha-yu kunduz ishlardim. Hattoki, uydagilar bilan gaplashishga imkon bo'lmas, telefon qilolmaganman. Sekin-astalik bilan bilimimni kuchaytirib, yaxshi loyihalar boshlab, kattaroq daromadga ega bo'ldim. Hozirgi kunda Amerikada zamonaviy texnologiyalar sohasi bo'yicha o'rtacha oylik yiliga yuz ming AQSh dollari. Soliqlar, kommunal to'lovlar, mashina xarajatlari bilan o'zimga qoladigani 20-25 ming dollarni tashkil qiladi. O'ylaymanki, hozirda O'zbekistonda ham shuncha pulni topsa bo'ladi. Asosiysi xohish va mehnat.
Amerikaga borganlarning 10 nafaridan 6 nafari logistika kompaniyalarida ishlashadi. Logistika sohasida ishlashning asosiy sabablaridan biri til bilish unchalik ham kerak emas faqatgina haydovchilik guvohnomasi yetarli.
— Biz yashayotgan Ohayo shtatida deyarli hamma yuk mashinalari haydaydi, — deya hikoya qiladi farg'onalik Nuriddin Dadaxonov. — 13 yoshimda oilamiz bilan Amerikaga ko'chib kelganmiz. Besh yildan beri yuk mashinasi haydayman. Ishi nihoyatda og'ir, vaqti kelsa oylab oiladan uzoqda yurishga, tunlari uxlamasdan mashina boshqarishga to'g'ri keladi. Yo'lga chiqqanimizdan xavf-xatardan xoli emasmiz. Korxona bilan shartnomada eng ko'pi bilan bir kunda 10-13 soat mashina boshqarish kelishilgan. Lekin tez eltib berish, boshqa buyurtma olish uchun 18-20 soat yo'l yurishga majbur bo'lamiz. Logistika sohasining yillik daromadiga keladigan bo'lsak, yiliga 130 ming dollardan 150 ming dollargacha. Bu raqamlar kim uchundir yuqori maosh ko'rinar, lekin kun bo'yi mashinada yurish, necha tunlar uxlamaslik o'rnini bosolmaydi. Yillar o'tgani sari sog'liqdagi muammolar o'zini ko'rsata boshlaydi.
Xolis aytish joiz, bugun yurtimizda qaysi soha bo'lmasin, astoydil intilgan odam borki, albatta, ko'zlagan maqsadiga erishmoqda. Uzoq va o'zga yurtlarga baribir ketishni o'ylayotgan, shunga intilayotgan yurtdoshlarimizga esa yana bir bor o'ylab ko'rish, o'sha g'ayrat, o'sha sa'y-harakatlarini ona yurtimizda sarflashini maslahat berardik.
O'tkir HOShIMOV,
jurnalist