Havasga she'r yozmagan adib

(Iste'dodli shoir Olqor Daminni yod etib)

Ko'nglinga yoqadigan hikoyami, she'rmi  o'qiganda inson  umrining totli lahzalarini yashab o'tgandek his qiladi. Miyonqol vohasining katta shoiri, marhum Olqor Daminning  she'rlarini o'qirkanman, go'yo kimdir qo'limdan tutganday, unutilgan bolalik ertaklarim tomon yetaklaganday tuyuldi: “ovloq tog'lar kuychisi buloqlar”, “yashil ro'molli qirlar”, “bulut hidiga to'lgan qishloq”, “sodda quyosh”u “erka shamollar”, “boldan shirin xayol”, “she'r hidi kelgan tuproq…” Shoir yashagan  jaydari va nozanin hislar Oqyolli Oqtovning bo'ychan va  o'ychan qizi sifatida ayni damda menga ham tan: “jilg'alardan yotib suv ichishlar”, “yurakni hayotga estalikka berish”, “g'am qo'ynida jilmayib turmoq”, “buloqdan tiniq bo'lishga ahd”, “o'zini izlab she'r yozmoq…”

 

Men havasga she'r yozmadim,

Ko'rsatay deb o'zimni.

Men she'r yozdim, she'r yozurman,

Izlay-izlay o'zimni…

Tuproq kabi hokisor inson, o'zini o'zi izlab yashagan   shoir, afsuski, bugun oramizda yo'q. Uning o'limi ham o'zining rangida kelgan: sirli. Talaba ertagi imtihonga nechog'lik tayyorlansa, inson ham o'limga shu qadar o'zini hozirlamog'i aytiladi so'fiylik falsafasida. Hayot bo'lganida yana neqadar to'qmag'izli she'rlarini taqdim etardi bizga! Uning ko'zlarida birov bilib-birov bilmagan katta og'riq, hayotga oshiqlik va tavoze bor edi. Dunyodan senga ne kerak deb so'rashsa, faqatgina qog'oz va qalam so'ragan so'fiy shoirning “ko'ksiga ekilgan lolalar”, afsuski, bu gal yal-yal tovlanib, o'zi sevgan bahorga peshvoz chiqolmaydi. Bahorni, yalpizni, ang'izni, qizlarning zulfini siypalagan muattar shamollarning ko'ngil rubobini chala-chala kuylaydi shoir. She'rlarida u hammani bahorga o'xshatadi negadir: onasini, singillarini, qizini, samimiylikni… Samimiylik dunyoga oro beruvchi,  hammaga barobar bag'ir ochib chechak tutgan muhtasham bahordir, shoir nigohida. Shoir og'aning o'zi ham qish oyog'i, bahor boshi – 20 fevralda tug'ilgan ekan.

Ko'rimsiz ariqning bo'ylarin,

Yalpizning bo'ylari burkadi.

Shodlikka aylangan shamollar

Bu hidni ko'ziga surtadi.

Aminman, zamonlar kelarki,

Dunyoda qolmagay yomonlar.

Va shunda quyoshday, bahorday

Ajoyib bo'ladi odamlar.

Otasi haqidagi xotiralarni qizi Nigora Jo'rayeva shunday hikoya qiladi:

— Otamiz yetti farzandiga ham “siz” deb muloyim gapirardi. Onamizni ham xuddi shunday hurmatlar, siz tufayli emin-erkin yuribman, haykal qo'ysa arziydigan ayolimsiz, derdi. Onamiz Risolat aya tinib-tinchimas tadbirkor, budli-shudli, vazifasini ortig'i bilan ado etgan ayol edi. Mahallaning ko'rpasimi, yostig'imi, kiyim-boshimi, hammasini onam ishdan kelgach, yarim kechalari uxlamasdan tikib o'tirardi. Yozuvchi Oybekning hayotida rafiqasi Zarifa Saidnosirovaning hissasi qanchalik ulug'ligini o'qiganman. Dadamga ham onam doimo tirgak turgan, biz yetti farzandni qishloqda o'zi eplab-seplab voyaga yetkazgan. Dadam, deyarli Samarqandda, Toshkentda ishlab yurar, qishloqdagi uyimizga  bir – bir yarim oylarda kelardi. Bu haqda yozilgan she'ri ham bor.

O'z uyimga mehmon bo'ldim, seni deb,

Tubanlarga dushman bo'ldim, seni deb,

Oz bo'lsa-da sarson bo'ldim, seni deb,

Pastga qadri arzon bo'ldim, seni deb,

Onajonim, mushtiparim She'riyat!

 

Birov bilib, birov bilmay ranjitar,

Yaxshi odam elga mehrin ganj etar,

Sovuq so'zlar quyoshni ham junjitar,

Nega hamon odam dilni injitar,

Onajonim, buyuk dardim, She'riyat!

Bir safar, unda go'dak edik, dadam bizni ham Toshkentga ko'chirib ketdi. Uydan-uyga ko'chaverib sarson bo'lganmiz. Endi yangi joyga o'rinlashganimizda “bolasi ko'p ekan”, deya haydab solishardi. Forobiy ko'chasidagi ijara uyda ko'proq muddat yashaganmiz. Onam uyimizdan uzoqroq yerda chinni zavodiga ishga kirgandi. Shu miyonalarda dadam bir  ish bilan Ishtixonga keladi va u zamongi sovxoz direktori Fazliddin Pirnazarov bilan uchrashib qoladi. Rais dadamning ahvoliga ichi achishib darhol uch xonali uyning kalitini tutqazadi: “Mana bu “KAMAZ”ni ol-da, bolalarni sarson qilmasdan darhol ko'chingni ko'chirib kel”, deydi. Dadam bu siylovdan terisiga sig'masdan Toshkentga kelsa, onam darhol uning  qo'liga  bir konvert tutqazadi. Ochib o'qib qarasa, besh xonali uy olshiga order. Navbatga yozilib qo'ygan ekan-da. Qishloqda uch xonali, Toshkentda besh xonali uy, qay birini tanlasa ekan-a? Ammo raisga lafz qildi. Onamning qishloqqa qaytmaymiz, deya yig'lashiga, hay-haylashiga qaramay, ertasiga qishloqqa qarab yo'lga tushdik. Shu-shu, biz farzandlar qishloqda, dadamiz  shaharda, to u kishining vafotiga qadar bir-birimizdan uzoqda yashadik.

Dadam vafot etishiga yaqin, negadir qishloqqa tez-tez keladigan bo'lib qolgandi. Onamning aytishicha, bir kuni negadir juda kayfiyatsiz ko'ringan. Quchoq-quchoq qo'lyozmalarini hovliga chiqarib yoqib yuborgan. Onam qog'ozlarni olovdan olmoqchi bo'lsa, dadam izn bermagan. Qo'yaver, yonsin,  degan chuqur iztirob bilan.  So'nggi bir oy ichida onamdan “Meni kechir, seni ayay olmadim, ko'p urintirdim…”  deya qayta-qayta uzr so'ragan.

Dadamning kasalini na Toshkentda, na Samarqandda  aniqlay olishmadi. Bilganimiz – uning ishtahasi cho'rt kesildi, so'nggi bir oy ichida, ko'ksini ko'rsatib bizdan nuqul suv so'radi. Hayotga umidi bor bo'lgan inson qiyin-qattiq kunlarni pisand qilmasdan mardona yashayveradi, umidi kesilganlar cho'kib-xastalanib qoladi, deb eshitganman. Ammo dadamni to'satdan nima yiqitganini izlab topolmayman: umidsizlikmi, uyqusizlikmi, qismatdan kelgan da'vatmi yoki… Dadam, odatda ko'p uxlamasdi. She'r yozardi. Bir gal, ertalabki nonushtada Muhammad Shayboniyxonning g'azaliga yozgan muxammasini o'qidi. Nazarimda, Samarqandga ko'p she'r bag'ishlagan shoir ham mening dadam bo'lsa kerak. Bag'ishlovlari “Afsona shahrim” nomi bilan kitob bo'lib chiqqan.

Ne qilay, tutsa har zum xumori

Samarqandning,

Dil bog'im xazon aylab bahori

Samarqandning,

Jonimdan o'tib ketdi ozori

Samarqandning,

Ketmadi ko'ngildan hech diydori

Samarqandning,

Ko'zimdin uchar har dam gulzori

Samarqandning.

 

Dunyo ichra o'zi bir bebaho, ajib dunyo,

Jannat bir go'zal bo'lsa, yuzida xoli go'yo,

Ko'yida ko'zim yoshi oqdi-ku bo'lib daryo,

Har nechaki shahr o'lsa, dunyoda latif, ammo

Barchadin erur yaxshi me'mori

Samarqandning.

Keyingi yillarda  u klassik shoirlar g'azallariga muxammaslar bog'lashga kirishgandi. “Qirq muxammas” nomli kitobi ham nashrdan chiqqan.

U qutlug' yetmish yoshini o'zi o'qigan maktabda, she'r ixlosmandlari qurshovida  nishonlashni orzu qilgandi. Yana bir tilagi “Saodat” jurnalidagi maqolasini  o'qish edi. Onasini sog'inib, xotirlab yozgan maqolasini o'qiy olmadi esiz… Ba'zida ana shu armon yuki ostida qolaman, koshki yana bir yilgina yashasaydilar deyman dadam bechora… Koshki edi bugun ijod ahliga berilayotgan ishonchni, e'zozni ko'rsaydi, quvonsaydilar…

Nigoraxonni tinglab o'tirib  shoir og'amizni yanada tiyranroq tasavvur qildim. Davralarda, yig'inlarda ora-sira ko'rishib qolganda ham qandaydir  ma'sum ovozda, siniq tabassumda omonlashardi: “Muhabbatxon qizim, yaxshimisiz!”, derdi iltifot bilan. Boshqalar kabi charaqlab kulmasdi, ko'zingizga ham  muloyim og'ardi ko'zlari.

Kabutarning ko'zlarida soflik yashaydi,

Go'zallarning ko'zlarida shodlik yashaydi,

Shoirlarning ko'zlarida shodlik aralash

Birov bilib-birov bilmas og'riq yashaydi.

Bahorni sevib olqishlagan shoirning tavallud sanasi ham bahorga nafasdek yaqin edi. Uning o'zi ham bahorning xushbo'y shamollari hovlilarga kirganidek ohanglarga, yuraklarga kirardi. Oqtovlik shoirning so'zi ham  bahor kabi mangu yangrab qolaveradi.

 

…Mayli, kim qanaqa – o'ziga,

Hayot – haq, olar o'z keragin.

Ezgulik tilab yer yuziga

She'r yozib yuraylik, Yuragim…

 

Muhabbat TO'XTAShEVA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − 14 =