Zalvorli yillar

E'tibor qilayapsizmi, keyingi vaqtlarda biografik kitoblar yozish bir qadar urfga aylandi. To'g'ri, bu yo'nalishdagi asarlar, aslida, yangilik emas. Ammo o'zbek ijodkorlari, xususan, ziyoli qatlam tomonidan biografik kitoblar paydar-pay yozilmoqdaki, ular badiiy-estetik jihatdan va pishiq-puxtaligi bilan alohida ajralib turadi. Ushbu kitoblarning o'ziga xos tomoni esa kechagi kunlarni bor bo'yi bilan aks ettirishida, bo'lsa kerak.

 Biografik asarlar, asosan, keksa yoshdagi mualliflar tomonidan yoziladi. Bu tabiiy, albatta: ular ulug' yoshda shirin va achchiq xotiralarga beriladilar, yaxshi-yomon kunlarini eslaydilar. Yodnomalarini qog'ozga tushirishga, shaxsiy kundaliklaridan qaydlar keltirib, zamondoshlari va o'tgan kunlari haqida boshqalar bilan bo'lishishga harakat qiladilar.

Yaqinda “Yangi kitob” nashriyoti tomonidan nashr qilingan “Nezabыvaemoe” (vospominaniya, sobыtiya, faktы, lyudi) — “UNUTILMAS” (esdaliklar, voqealar, faktlar, odamlar) kitobi ham yuqoridagi fikrimizning dalilidir. Uning muallifi ziyoli inson Sobir Qurbonovdir.

Mazkur kitob nima uchun rus tilida chiqarildi, degan savol tug'ilishi mumkin. Gap shundaki, “Nezabыvaemoe” birmuncha vaqt avval o'zbek tilida “Hayotim zarvaraqlari” nomi bilan chop etilgan, muallif uni yanada kengaytirib chiqarishni maqsad qilgan edi. Zero, bu vaqt ichida O'zbekistonda va Sobir Qurbonov hayotida talay o'zgarishlar ro'y berdiki, buning hosilasi o'laroq, kitobni boyitib, rus tilida chop ettirishni lozim topdi.

O'quvchi mundarijaga ko'z yugurtirar ekan, kitobning nechog'li zalvorli, keng ko'lamli ekanligiga amin bo'ladi. Salkam 300 sahifada, qattiq muqovada, ofset qog'ozda bosilgan. Sakkiz bobdan iborat. Muallif unda o'zining avlodi, ota-bobosi, qavm-qarindoshlari haqida alohida so'z yuritgan. Bobosi Qurbon otani tilga olib, uni ko'rmagani, tug'ilishiga qadar bevaqt vafot etgani haqida taassuf bilan yozadi. Kitobdagi har bir bo'limda esa o'zi tug'ilib o'sgan Buxoroning o'ziga xos iboralarini sharhlab boradi.

Biz yuqorida Sobir Qurbonovni bejiz ziyoli inson deb aytib o'tmadik. O'z vaqtida otasi Sherali Qurbon ham ziyoli kishi bo'lgan. U mahalliy masjid qoshidagi maktabda o'qigan, o'smirlik yillarida Fayzulla Xo'jayevning “Yosh buxoroliklar” harakatida ishtirok etgan. Inqilobdan so'ng, 1920 yillarda ma'lumotli va siyosiy savodxon bo'lgani bois, turli mas'uliyatli vazifalarda faoliyat ko'rsatgan.

Hibsga olinishidan avval (1937 yilda) Sherali Qurbon nogiron bolalar uyining direktori bo'lib ishlagan. Qamalishiga sabab mushtlashib qolgan bolalarga nisbatan haddan ziyod qattiq chora ko'rgani bo'lgan. U tarbiyalanuvchi bolalarning shikoyat-arizasi tufayli ayblandi va to'rt yilga ozodlikdan mahrum etildi. Har holda, yaxshilikka bo'lgan ekan, Sherali Qurbon shu tariqa qatag'onlar ro'yxatiga tushmadi. 1941 yilda ozod etilgach, atigi bir yil yashadi va 1942 yilning yozida vafot etdi…

Kitob muallifi onasi Muhabbat Qurbonova haqida yanada hayajon bilan yozadi. 28 yoshida turmush o'rtog'idan ajralgan bu ayol boshqa turmush qurmagan. Qolgan umrini o'zining uch nafar farzandiga bag'ishlagan. U boshlang'ich ma'lumotga ega bo'lib, umumiy ovqatlanish oshxonasida ishladi. Ammo bu yumush bilan bolalarni boqish qiyin, qarindoshlar va o'ziga to'q tanishlar esa yo'q edi. Yosh ona uyda non pishirib, bozorda sota boshlaydi. Shu ishning ortidan farzandlarini katta qildi. 93 yosh umr ko'rdi. Ulug' yoshda vafot etgach, izzat-ikrom bilan Buxoroda dafn etildi.

Sobir Qurbonov maktabda astoydil o'qidi. Beshinchi sinfda u devoriy gazeta muharriri bo'ldi, o'zi kichikroq maqolalar yozardi. Turli xalqlar ertaklaridan so'ng katta-katta badiiy asarlarni o'qiy boshladi. Bir kitobni qo'liga oldimi, mutolaa qilib tugatmaguncha qo'ymasdi. Masalan, Aleksey Tolstoyning salkam 900 betlik “Pyotr I” kitobini bir kechada o'qib chiqqan, keyin esa kerosinni ko'p ishlatgani uchun onasidan rosa gap eshitgan.

Kitobda muallifning Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida saboq olishi maroq bilan hikoya qilinadi. Bu dargoh anchayin nufuzli bo'lib, Albaniya, Ruminiya, Polsha, Vengriya va boshqa davlatlardan ham yoshlar kelib o'qishardi. A'lo bahoda tahsil olgani va namunali talaba bo'lgani uchun Sobir Qurbonovni kursboshi qilib saylaydilar.

“Yashash — harakat qilish demak” — bu hikmat mashhur fransuz yozuvchisi Anatol Fransga tegishli. Kitobning har bir bo'limida shu kabi epigraflar keltiriladiki, bu uni mazmunan boy qiladi.

Moskva universitetini tamomlagan qahramonimiz Buxoro pedagogika institutida ish boshladi. Uni bu dargohga hali universitetni tugatmasdan turib taklif qilgan edilar. Kechagina universitetni tugatgan talaba bugun institutda talabalarga dars bera boshladi. Ammo yana saboq olib, bilim doirasini kengaytirishni aslo kanda qilmadi. Keyinchalik u O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan birga institutning ko'p adadli gazetasida faoliyat ko'rsatdi. Uning tajribasi oshdi, amaliyotda yanada toblandi. Aspiranturada o'qidi. Ilmiy anjumanlarda chiqish qildi.

Sobir Qurbonovga ulkan ishonch bildirildi. Unga katta-katta davlat lavozimlari ishonib topshirildi. Bungacha tarix fanlari nomzodi bo'lib ulgurgan edi. Xorazm viloyatidagi faoliyati tufayli uning shu vohada yashashiga to'g'ri keldi. Eng mas'uliyatli ishi Davlat matbuot qo'mitasi raisligi bo'ldi.

Kitob muallifi o'sha yillar haqida yozar ekan, ayrim yozuvchilar bilan kelib chiqqan ziddiyatlarni ham tilga olib o'tadi. Ular o'z kitoblari adadini oshirmagani uchun ham Sobir Qurbonov ustidan yuqoriga shikoyat qilgan edilar. Go'yoki u otasining kitobini chiqarayotgan emish! Bu shikoyat tuhmatdan iboratligi aniqlanib, haqiqat qaror topguncha qancha asabbuzarlik bo'lmagan, deysiz!

Nima bo'lganda ham, Sobir Qurbonov o'z ishiga mas'uliyat, jonkuyarlik bilan yondashib, halol mehnat qildi. U chinakam ijodkorlarni qo'llab-quvvatlab, kitoblarini chiqarishga astoydil hissa qo'shdi. Bu yo'ldagi qiyinchiliklardan qo'rqmadi. Hamisha oldinga intildi. Shu bois unga vaqtida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisligini ham topshirishdi. Matbuot qo'mitasi bilan birga uyushma rahbarligi.  Qahramonimiz har ikkala ishni ham uddaladi. Shundan so'ng u davlat teleradiosida siyosiy sharhlovchilik qildi. Keyingi faoliyati esa XDP markaziy shtabi va “Nuroniy” jamg'armasi bo'ldi. Ustoz qaerda, qaysi jabhada ishlamasin, o'zidan faqat iliq taassurotlar qoldirdi.

Bugun Sobir Qurbonov ulug' yoshda — to'qsondan oshdi. Lekin hamon xotirasi o'tkir. Kechagi kunlarni, zalvorli yillarni, zamondoshlarini hurmat ila tilga oladi. Uning “Nezabыvaemoe” kitobi esa o'ziga xos xronikasi, jozibasi va shirali tili bilan ajralib turadi.

Anvar NAMOZOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 20 =