Soddalik — samimiyat siyrati

O'zbekiston xalq shoiri, ustoz Anvar Obidjonni eslab…

Adabiyot, she'riyat inson ko'nglini maftun etishi tabiiy, albatta. Adabiyotga — she'riyatga oshufta qalblar shu ochunning sadoqatli do'stlaridir. Soddalikni, samimiy sadoqatni his etasiz. Ijodkor sizni, albatta, hayratlantiradi…

Bundan bir necha yillar oldin yosh ijodkorlarning Zomin seminarida ustoz Anvar Obidjon (Alloh rahmatiga olgan bo'lsin) bilan bo'lgan suhbat hayrati xotiramda muhrlanib qolgan.

Ustoz, asosan, bolalar she'riyatiga ixlosmand ijodkor yoshlar davrasida bo'lardi. Suhbatlar qilardi.

Ertalabdan to kechga qadar soy bo'yidagi so'rilarda o'tgan mashg'ulotlardan so'ng an'anaviy mushoira avj oldi. Anvar Obidjon she'r o'qiydi. Mikrofonni qo'liga olib ustoz she'r o'qib bermoqchi ekanligini aytib, ogohlantirdi. Chindan uzun she'r o'qidimi? Yo'q.

— “Hakka qo'shig'i”ni aytib berdi xolos.

 

Qornim ochsa bo'g'ilmayman,

Shaq-shaq-shaq.

U-bu narsa o'g'irlayman,

Shaq-shaq-shaq.

Nafsimni hech tiyolmayman,

Shaq-shaq-shaq.

Qo'lga tushsam, uyalmayman,

Shaq-shaq-shaq.

 

Yuzlarda tabassum. Shoirning o'zi ham jilmayib qo'yardi…

Shoir o'ychan yurardi. Sahar chog'i qoyatoshlarga, toshdan toshga urilib oqayotgan soy suviga, tevarakka nigoh bilan tikiladi. Xayollar surardilar. Zavqni tuygani sayin boshqalarni unutganday bo'lardi.

Anvar Obidjon — kamgap shoir edi. Adabiy uchrashuvlarda hadeb so'zga chiqavermasdi, chiqsa ham ko'p gapirmasdilar. Kuzatardi — tinchlanardi.

Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga kelganida shoirning she'rlarini tinglab, fikr-mulohazalarini eshitib ma'naviy ozuqa olar edik.

Ustozning boshidan do'ppi tushmasdi. Xatti-harakatida ham, so'zlari-yu nigohlarida ham soddalik, kamtarlik ufurib turardi.

O'shanda — o'sha uchrashuvda ijod maktabining direktori, shoir Muhammad Ismoil ustozni ta'riflar bilan minbarga taklif etganda ham, kamtar bo'lib yurtimizda ochilayotgan ijod maktablari borasida to'lqinlanib gapirdi. Halima Xudoyberdiyeva ijodi va shaxsi xususida alohida to'xtalardi. Abdulla Qodiriyga bag'ishlangan she'rini aytib bergandi.

— Kayfiyatlaringiz yaxshimi? — degandi Anvar Obidjon hol-ahvol so'raganday bo'lib menga. — Bolalar davrasida bo'lsam, yayrayman.

Bir vaqt ustoz meni daf'atan savolga tutib qoldi.

— O'g'lim, siz ijod maktabiga nechanchi sinfga qabul qilindingiz?

Ijod maktabida dars berishimni — o'qituvchi ekanligimni aytdim.

Shoir javobimdan hayratlanib:

— Ie, shunaqami? Juda yosh ko'rinar ekansiz, — dedi samimiyat bilan.

Har biri haqida alohida gapirmasa-da, umumiy eslaganlari yuzasidan mayin ovozda so'zlay ketdi. Shu orada qo'ng'iroqlashib turish uchun telefon raqamini so'radim. Ustoz deyarli telefon ishlatmas ekan. Telefoni uyida doimiy turar ekan, qachon xonadonida bo'lsa, o'shandagina foydalanarkan, xolos. Qolgan vaqtda deyarli telefondan foydalanmasligini aytdi. Hatto Farg'onaga — Oltiariqqa bir-ikki oyga ketsa, ustoz bilan hech kim gaplasha olmasligini aytib, o'zi ham kulib qo'ydi…

Shunday bo'lsa-da, raqamini yozib oldim…

Esdalik uchun suratga tushdik… Anjuman yakuniga yetganiga qaramay, hech kim tarqalishni istamasdi. Ijod maktabining o'quvchilari ham shoirning yonida suratga tushar, qo'llarida ko'tarib olgan ustozning “Saylanma”siga dastxat yozdirib olish bilan band edi.  — “Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi gullab-yashnasin, Vatanimizga salohiyatli kadrlarni yetishtirib beraversin. Yo'li oydin bo'lsin”, deb yozib ketgandi ustoz.

Kamsuqumlik, kamtarlik, samimiylik, sadoqat kishi qalbining bezagidir. Ustozdan ibrat olib, hayotda ana shunday fazilatlarni o'zimizda shakllantirib borishimiz lozim.

Anvar Obidjon asarlari haqida so'z aytmadik. Aslida shoirning “Ona yer”, “Masxaraboz bola”, “Olovjon va uning do'stlari”, “Bahromning hikoyalari”, “Ey, yorug' dunyo”, “Ketmagil”, “Bezgakshamol”, “Juda qiziq voqea”, “Dahshatli meshpolvon” kabi she'riy va nasriy kitoblari, “Qo'ng'iroqli yolg'onchi”, “Pahlavonning o'g'irlanishi”, “Ramazon va Gulmat hangomasi”, “Alisher ila Husayn yoki uch dono va o'g'li”, “To'tiqush” kabi qissa va dostonlari, pyesalarini xalqimiz sevib mutolaa qiladi.

Anvar Obidjon shoir va inson sifatida munosib umr kechirdi. Ana shunday katta adib yuqorida ta'kidlanganidek, o'ta kamtarin kishi edi. Oxiratlari obod bo'lsin!

Husniddin HAYIT,

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − one =