Sözlardan köprik qurayotgan odam
yoxud mohir tarjimon Mirzaali Akbarov haqida muxtasar söz
Haqiqiy inson tirikligida qator xayrli, savob işlarni qilib, faqatgina öz oilasi muşkullarinigina emas, özi yaşayotgan jamiyat aʼzolarining ham duosini olişni öylaydi va bajaradi. Aqlli insonlar şunday savob işlardan biriga qöl urib, xalqning uzoğini yaqinlaştiradigan, oğirini yengillaştiradigan, turli katta-kiçik suvlardan ötişni osonlaştiruvçi köpriklar soladi, ikki zamin, ikki xalqning bir-biriga yetişişini osonlaştiradi, birlaştiradi. Köpriklarning esa turi köp: biri yoğoçdan, biri temirdan, boşqasi temir-betondan… Sözdan, kalomdan yaralmiş köprik esa tarjimadir.
Aynan Mirzaali Akbarov ana şu tarjimalar yordamida turli uzoq-yaqin xalqlarni birlaştiruvçi köpriklarini quryapti, Özbekistonni rivojlangan davlatlar bölgan Olmoniya, Avstriya, Şveysariya adabiyotlari bilan birlaştiradigan, özbek adabiyotining jahon adabiyotiga uyğunlaşişiga kamarbasta böladigan tarjimalar qilayotgan ijodkorlardan biridir.
Mirzaali Akbarov haqida gapiriş ham oson, ham qiyin. Bir qaraşda u — bir xokisor inson. Bir qaraşda esa, ayniqsa, nemislardan çiqqan maşhur insonlar rolini öynaganda va ularning nutqiga taqlid qilib olmonça gapirganda iqtidorli aktyorga aylanib ketadigan şaxs.
Mirzaali Akbarov haqida gapiriş osonligi — u ham hamma qatori odam bolasi; köpçilik öqiganlar qatorida u ham oliy maʼlumotli. Jamiyat aʼzosi sifatida u ham oilali, özidan ham kamtar va muşfiq jufti haloli bor; otasining oğzidan çiqadigan sözi u yoqda tursin, qoş çimirişidan ota niyatini ilğab, u kutgan narsani muhayyo qiladigan qobil öğil-qizlari bor. Yaxşi-yomon kunida yonida turadigan sadoqatli döstlari, qarindoş-uruğlari bisyor odam.
Mirzaali Akbarov haqida gapiriş qiyinligi — u oddiy körinsa-da, ançagina murakkab odam, jiddiy fikrlaydigan, yetti öylab bir sözlaydigan suhbatdoş; bölajak kasbini ham töğri, ongli tanlagan mutaxassis; çumoliday mehnatkaş tarjimon. U turli kasblarni qilib kördi, dehqonçilik qildi, öqituvçilik ham. Jurnalist bölib, radioda işladi, biroq u qöngan asosiy hayotiy-kasbiy makon-manzili tarjimaçilik böldi. Şu hunari bilan u biz olmonşunos tarjimonlarning örtamiyonasi emas, balki oldingi safida turib, öz qalami kuçini heç qaçon söndirmaydigan mohir söz zargariga aylandi. Şu sabab talabalik yillarida institutga xöjakörsinga emas, çin dildan qatnagan, xorijiy tilni jiddiy tanlagan talaba edi. Iqtidorli tarjimon deyarli har ikki-uç oyda bittadan katta-kiçik tarjima asarlarini kitobxonlar hukmiga taqdim etmoqda. Mirzaalining bu ijodiy harakati va mahoratini ilğagan çet ellik tarjimon hamkasb va döstlari uni eʼtirof qilib, Avstriya, Şveysariya va Germaniya tarjimonlar uylariga çorlab, unga moddiy va maʼnaviy yordam berişmoqda. Aynan şu çet ellik homiy taşkilotlar yordamida yigirma yillab ijaralarda, tor bir xonali xonadonlarda yaşab ijod qilgan döstimiz bugun öz oilasi tirikçiligi-yu orzu-havaslarini havas qilsa böladigan darajada röyobga çiqarmoqda, mamlakatimizning adabiy jamoatçiligi eʼtirofi-yu eʼtiboriga muşarraf bölmoqda.
Mirzaalidagi kasbga fidoyilik va mehnatkaşlikning ildizi kasbni töğri tanlaganida, şu asosda bilimdon va omadli insonlarga hasad emas, havas bilan qaraşida deb bilaman. Asliyat tilini örganişidagi izçilligi va tarjima variantlari ustida betinim izlanişida deb öylayman. Şu omillarsiz olmon adabiyotidagi Yohann Volfgang Gyote, Vilgelm Raabe, Herman Hesse kabi maşhur adiblarning asarlarini maxsus örganib, tarjima uçun tanlab, ona tilimizga ögirişning özi bölmaydi. Aytaylik, Herman Hessedek Nobel mukofoti sovrindorining “Çöl börisi” romani 5 martalab qayta naşr qilinsa-da, kitob dökonlari peştaxtalarida qolmayotgani tasodifiy hol emas. Ğarbona fikrni özbekona tabiiy jaranglatiş mahoratining natijasi bu. U tarjima jarayonida asar boş qahramoni obraziga şönğib ketib, özi “Çöl börisi” laqabini ham orttirib oldi. Ha, biz hamkasblar uni Mirzaali deb emas, asosan, “Çöl börisi” deb yöqlaymiz. Uning köp fazilatlari, darhaqiqat, asar qahramoni Harriga öxşab ketadi! U yolğiz harakatni yoqtiradi, odamoviligi, qaysarligi, samimiyati bilan ham köpçilikka yoqadi.
Tarjimaga kelsak, ikki tomonlama jarayon. Jahon adabiyotini milliy adabiyotga, milliy adabiyotni jahon adabiyotiga aylantiradigan savobli va şarafli hamda, albatta, masʼuliyatli jarayon. Bu ikkala jarayondan hosil böladigan natija esa badiiy taʼsir hodisasidir. Masalan, öşa Herman Hessening “Çöl börisi” — insoniyat taraqqiyotini, şaxs va individ hayotini jamiyatning ilğor toifasiga mansub etuvçi, fikrlaşni örgatuvçi, tafakkurni östiruvçi asar bölgani sababli uning muallifi Nobel mukofotiga sazovor bölgan. Murakkab ruhiy jarayonlar girdobida örtanib, qiynalib, oxir-oqibat özi orzu qilgan komillikka eltuvçi töğri yölga tuşmoqçi bölgan qahramon Harri obrazining içki va taşqi keçinmalarini millati va tili boşqa kitobxonga yetkaziş oson emas. Özbek voqeligida ham Harri kabi şaxslar va hatto ijodkorlar minglab topiladi. Özi… odam bolasi hammaga yoqiş uçun harakat qilişi şartmi? Ijodda bu populizmga borib taqalmaydimi? Özini anglamoq va öz fikriyoti bilan ham jamiyatga xizmat qiliş mumkin-ku! Harri toifali kitobxon qöliga tuşgan tarjima unga najot va muammolar yeçimini beradi, albatta, agar u asardan töğri xulosa çiqarsa. (Binobarin, asarni öqib, undan mazmunnigina tuşunib, maʼnoni anglay olmaydigan kitobxonlar barça millatlarda köp. Masalan, Gyotening “Yoş Verterning iztiroblari” romanini öqigan yuzlab nemis yoşlari asardan notöğri xulosa çiqarib, Verter kabi öz joniga qasd qilganlari sababli bu roman tez orada dökonlardan yiğiştirib olingani va vaqtinça man qilingani — tarixiy haqiqat). Sabab — öşa kitobxonlarda fikrlaş neʼmati şakllanmagan, dunyoni töğri idrok etiş uçun fikrlaş qobiliyati, tafakkur neʼmati yetişmagan. Gyotening niyati ham asli muhabbat omadsizligidan töğri xulosa çiqarişni örgatmoqçi bölgan edi-ku! Aynan şu hodisa badiiy taʼsirga ham aloqador. Fikrati buyuk şoirlarimizdan misol: Alişer Navoiy Nizomiy Ganjaviydan taʼsirlanib, Abdurahmon Jomiyga şogird tuşib, uning taʼsirida insoniyatga betakror “Xamsa”sini qoldirdi, Gyotening “Faust”ini tarjima qilib, Erkin Vohidov “Ruhlar isyoni” asarini yaratdi, Abdulla Oripov esa Dantening “Ilohiy komediya”sini özbek tiliga ögirib, “Jannatga yöl” dostonini yozdi. Albatta, Mirzaali Akbarov tarjimalari ham hali öz adabiy-badiiy taʼsir mevalarini berişi aniq.
Mirzaali Akbarov tarjima uçun qanday asar tanlaşni yaxşi biladi. Bu sifat olmonşunos tarjimonlarga hassos tarjimon Yangliş Egamovadan ötganday… U amalga oşirgan yuzga yaqin tarjimalar içida olmon tilidan “Quvğindagi qirol” novellasi tarjimasi alohida ahamiyatga ega. Şu asar tarjimasi ança-munça yoş özbek yigit-qizlariga oilalarimiz keksalarining qarilikdagi ojizliklarini tuşuniş va katta mehr-oqibat hamda bağrikenglik bilan ularni asrab-avaylaşga undaydi, yoş kitobxonlarni umuminsoniy diniy iymon-eʼtiqodga va tarbiyaga, fahm-farosatga çorlaydi, albatta. Bu asar ana şunday pedagogik va axloqiy tarbiyaga çorlaydigan, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bölgan asar.
Tarjimonning yana bir ibratli tomoni — özi tarjima qilayotgan asarlar sözligi materialida faqatgina tayyor luğatlardangina foydalanib emas, özi boşqa luğatlarga öxşamaydigan yangiça talqinli “nemisça-özbekça luğat” yaratganini ham aytişimiz kerak.
Kezi kelganda şuni ham aytiş joizmikan: tarjimonlar öz tarjimasini naşrga berişdan oldin uni asliyat va tarjima tilini yaxşi biladigan, tajribali, şu sohani öqitib yurgan mutaxassislar körigidan ham bir ötkazib olişsa, nur ustiga nur bölardi. Yuqoridagi maqtovlar bilan birga tarjimon ukamizga bir luqma tanqidça ham aytmoqçimiz: beayb — Parvardigor. Hammamizda ham fazilatu yutuqlar bilan birga unça-munça nuqson va kamçiliklar uçraydi, albatta. Şaxsan özim tarjimalarimni Mirzaalining öziga, Şarifa Salimova, Gulruh Rahimova, Odil Safarov, Şavkat Karimov, Roviya Abdullayeva va boşqa ijodkorlarga körsatib, ularning xolisona tanqidiy fikr-mulohazalarini jon deb qabul qilaman. Alişer Navoiyning ğazallari va ul zotning “Munojot” asari olmonça tarjimasini, aka-uka Grimmlarning yuzlab olmon xalq ertaklarining özbekça ögirmasini şu mutaxassislarning körigidan ötkazganimdan xursandman. Biroq ayni zamonda köpçilik olmonça-özbekça va özbekça-olmonça tarjima naşrlarida sohaga aloqasi yöq şaxslar masʼul muharrir va taqrizçi sifatida qayd qilingani açinarli hol. Tarjima kitoblarini çop etgan hatto ayrim obröli naşriyotlardan borib öşa taqrizlarni sörasangiz, topib berişa olmaydi. Köpçilik “taqrizçi”lar tarjima sohasining nonini yemagan “mutaxassislar” bölib çiqadi. Kimni aldaymiz? Ziyoli şunaqa munofiqlik qilib tursa, ziyodan uzoqlardan nima kutamiz? Naşriyotlar şu masalaga jiddiy yondaşişlari zarur.
Ötgan yillarda tarjimon Mirzaali Akbarov olmon mumtoz adibi Vilgelm Raabe qalamiga mansub “Ştopfkuxen sarguzaştlari” asari tarjimasini çop ettiribdi (men olmon tilidan ona tilimizga va ayniqsa, özbek tilidan olmon tiliga tarjima bölgan asosiy naşrlarni kuzatib boraman va ularning dunyo közini körganidan quvonaman — X.R.). Asar sarlavhasi va uning tarjima sarlavhasidagi söz bir xil qolgan, yaʼni olmonça “STOPFKUCHEN” özbekça alifboda “Ştopfkuxen” bölib ötgan. Ayting-çi, özbeklar şu sözni qanday tuşunsin? Köpçilik, hatto tarjimonning özi ham bu sözning özbekça muqobilini tarjimada qöllamagan. Asar qahramoni bolalikdan şirin va mazali taomlarni yeyaverib, dömbillab semirib ketgan şaxs va uning laqabi “Ştopfkuxen” bölgan. Ammo özbek voqeligida ham böğirsoq, pirojka, gumma, mazali holvalar kabi turli pişiriqlarni yeb töymaydigan bolalar va yoşlar köp-ku! Badnafs kattalar ham bisyor… Tilimizda ularning Böğirsoq, Yebtöymas, Baqaloq, Meçkay, Tonnaboy kabi özbekona muqobil atamalari ham bor. Ana şu atamalardan biri özbekça sarlavhaga qöyilsa, asardagi boş qahramon obrazi kitobxon köz oldida yorqin gavdalangan bölardi. Yoki olmonça sözdan keyin qavs içida özbekça tarjimasi yoki izohi berilsa, asardan közlangan maqsad darrov ayon bölardi-qolardi. Bu – taklif, albatta.
Muxtasar sözim oxirida sizlarga Özbekiston davlat jahon tillari universiteti qoşida 2024 yilda yangi ijodiy bölim — “Tarjimaşunoslik va luğatşunoslik ilmiy-amaliy markazi” taşkil etilganini maʼlum qilişdan baxtiyorman. Şu markazda yangi tarjima jurnali sifatida “Özbek adabiyoti olmon tilida” nomli amaliy tarjima naşri taşkil etildi. Unda tizimli ravişda milliy adabiyotimiz asarlaridan parça va namunalarni quyidagi tört ruknda eʼlon qilib boriş közda tutilgan: özbek xalq oğzaki ijodi; özbek mumtoz adabiyoti; XX asr özbek adabiyoti; istiqlol davri özbek adabiyoti. Jurnal Olmoniyada çop etiladi va olmonzabon mamlakatlardagi özbek adabiyotiga qiziquvçilarga tarqatiladi. Şubhasiz, adabiyotimizga Mirzaali Akbarovday bilimli, mehnatkaş va fidoyi tarjimonlar kerak, albatta. Şu kunlarda qutluğ 70 yoşni qarşi olgan Mirzaalijon hamkasbimizga eng ezgu tilaklarni tilaymiz.
Xurram RAHIMOV,
Germaniyadagi Olmon-özbek ilmiy
jamiyati raisi,
ÖzDJTU Tarjimaşunoslik va luğatşunoslik ilmiy-amaliy markazi rahbari,
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi,
tarjimon.
