Ma'rifatning faol elchilari bo'lish kerak!

O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi tashabbusi va O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashkilotchiligida “Radikallashuv omilida axborot manipulyatsiyasi va unga qarshi kurashish” mavzusida o'quv-seminar tashkil etildi.
Ushbu loyiha O'zbekiston Respublikasi Din ishlari bo'yicha qo'mita va O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining amaliy ko'magida o'tkazildi.
Seminarning ochilishida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov, O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, taniqli olim Muzaffar Komilov va boshqalar mamlakatimizda fuqarolarning vijdon erkinligini ta'minlash masalasiga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi.
Tadbirda qayd etilganidek, diniy radikal g'oyalar, ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning axborot xuruji aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga jiddiy tahdid solmoqda. Ushbu tahdidlarga qarshi samarali kurashda ommaviy axborot vositalarining o'rni beqiyos. Telekanallar, radiostansiyalar, internet saytlari, gazeta va jurnallarda minglab jurnalistlar faoliyat yuritmoqda.
Biroq radikalizm, ekstremizm va terrorizmga qarshi jurnalistik yo'nalishda ish olib borayotgan ijodkorlar soni sezilarli darajada kam. Buning ortida mavzuning murakkabligi, jurnalistlarning maxsus tayyorgarligi yetarli emasligi, xususan, radikalizm masalasining siyosiy, geosiyosiy, iqtisodiy, diniy va mafkuraviy jihatlaridan voqiflik darajasi pastligi kabi qator omillar yotadi.
— Diniy mavzu juda nozik sanaladi, — dedi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov. — Bu mavzuni yoritish esa jurnalistlarimizdan chuqur va mukammal bilim, sog'lom tafakkurni talab etadi. Shu sababli mazkur mavzuda qalam tebratayotgan jurnalistlar uchun seminar tashkil etish dolzarbdir. Aytish kerakki, bu kabi ma'rifiy-amaliy seminarlarni mamlakatimizning barcha hududlarida o'tkazish ko'zda tutilgan. Ma'lumki, bugungi kunda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o'tkazilayotgan anjumanlar jarayonida mazkur muammo yanada yaqqolroq ko'zga tashlanmoqda. O'quv-seminardan ko'zlangan asosiy maqsad esa jurnalistlarni axborot xuruji, dezinformatsiya va diniy radikalizm tahdidlariga qarshi ma'rifiy yondashuvlar asosida qayta tayyorlash, ularni bu murakkab jarayonlarni xolis va tahliliy yoritishga qodir mutaxassislarga aylantirishdan iborat.
Ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar ongiga ta'sir o'tkazishga qaratilgan ekstremistik guruhlar faoliyati jiddiy xavotir uyg'otmoqda. Axborot maydonidagi manipulyatsiyalar, soxta ma'lumotlar va targ'ibot-tashviqot vositasida ongni boshqarishga qaratilgan urinishlar faqat media sohasining muammosi emas, balki milliy xavfsizlikning ajralmas qismidir.
Shunday sharoitda jurnalistlar axborot tarqatuvchi emas, balki jamiyatda ma'naviy immunitet yaratuvchi, xavfsizlikni mustahkamlovchi ma'rifat elchilari sifatida faoliyat yuritishlari lozim.
O'quv-seminar yakunida har bir ishtirokchiga o'qilgan ma'ruzalar asosida maqola yoki tahliliy material tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi. Ularga sertifikatlar, kelgusida mavzuni atroflicha va samarali yoritishda qo'l keladigan kitoblar va qo'llanmalar to'plami taqdim etildi.
Nazokat USMONOVA