Ismimni o'ylasam…
Har doim o'ylardim — nega ismim bunday? Nima sababdan o'zimga o'xshash ism uchratmayman deb. Hattoki ismimni o'zimga begonadek his etardim. Lekin hech ham ismimning ma'no-mohiyatiga, nega aynan shu ismni menga qo'yishganiga qiziqib ko'rmagan ekanman.
“Hurriyat” gazetasiga amaliyot o'tash uchun borganimda, amaliyot ustozim ismim haqida go'zal ta'riflar aytmagunlaricha. Rostdan ham, ota-ona o'z farzandiga ism berish jarayonida ularning hayot yo'lini ham yuragidan his etgan holda ism berishar ekan.
Bu ismni menga onam berganlar. “Nega aynan shunday ism bergansiz?” desam, “nurli qiz bo'lgin” degandim, deb javob berar edilar.
O'ylab ko'ring, ismimda bir sokinlik bordek go'yo. Ba'zida bu menga juda ko'p bilinadi. “Bibi” — o'zbek ayollariga xos hurmat, poklik va nafosat timsoli bo'lsa, “nur” esa ichki yorug'lik, mehr-muhabbat edi. Onam bu ismni menga bejizga bermagan ekan-da. Balki o'sha paytdayoq qalbimdagi nurni payqagandirlar? Ha, men o'zim endi bilayotgan narsalarni onam o'sha vaqtdayoq yurakdan his qilgan bo'lsalar kerak. Bularni endi tushunib yetayapman.
Qur'oni karimda aytilgan “Nur” surasi 35-oyatda: “Alloh osmonlar va yerning nuridir”. Bu kalimani o'qiganimda yuragimga qandaydir ishonch va osoyishtalik kirdi. Allohning nuri bor joyda adashish yo'qdir.
Bunga yaqqol misol qilib Amir Temurning rafiqasi — Saroymulkxonim, ya'ni Bibixonimni olsak bo'ladi. Samarqandning ko'hna qismida, Amir Temur jome masjidining kunchiqar tomonida me'moriy obida qad rostlab turibdi. Bu obida gumbazi ostida Sohibqiron bobomizning suyukli xotini, u bilan issiq-sovuq kunlarni birga baham ko'rgan, zukko, tadbirkor, oqila Saroymulkxonim – Bibixonim abadiy uyquda yotibdi. Bibixonimning go'zalligi, aql-farosati, nozik didi, mehribon qalbi haqida xalq orasidagi afsonalarni eshitganimda entikib ketaman. Qani edi, men ham Bibixonimga o'xshasam!
Anglab yetdimki, ismimda tarix bor, ayollik sha'ni bor ekan, ismimga mos bo'lishga harakat qilaman.
Bibinur EShONQULOVA,
O'zMU talabasi.