Qizlar orzusini asrang

Hayot sinovlardan iborat. Kimdir kambag'allikni, boshqasi sog'lig'i bilan bog'liq sinovlarni kulfat deb biladi. Dunyodagi eng og'ir kulfat – qiz bolaning orzulari sarobga aylanganiyu, baxti so'nib qolgan holatidir. Qiz baxtsiz bo'lsa, u faqat o'zi emas, butun oilasi baxtiyorligidan ajraladi.
Qizning qalbida orzular, ezgu niyatlar bo'ladi. U muhabbatni, e'tiborni kutib oppoq niyatlar qiladi.
Uni hamma yaxshi ko'rardi…
Mahallamizda K. ismli qiz bor edi. U bolaligidan juda ziyrak, orzulari ko'p, kelajakka katta ishonch bilan qaraydigan qiz edi. Hamma uni yaxshi ko'rar, maktabdagi faol o'quvchi sifatida tanir edi. Lekin oilasidagi muhit, ota-onasining janjallari, qizi taqdiriga e'tiborsizligi uni asta-sekin so'ndirdi. O'qishdan ko'ngli qoldi. Do'stlaridan uzoqlashdi. Hayotga befarq, orzularsiz, baxtsiz bir odamga aylandi. Ming afsuski, bugun uning ko'zlarida iztirob.
U baxtlimi?
Hujjatli filmda qishloqda yashayotgan bir qizning taqdiri tilga olingandi. Uning orzusi shunchaki o'qish, hayotda o'z o'rnini topish edi. Ammo ota-onasi uni yoshligidayoq turmushga uzatib yuborishdi. Erning doimiy zo'ravonligi, tinimsiz haqoratlari uni ich-ichidan yeb bitirdi. U “men baxtliman” deb ayta olmadi. Unga hayot –zulmat bo'ldi. Bunday misollar, afsuski, hayotda juda ko'p uchraydi.
Umidlar so'nmasin
Qiz bola – kelajakdagi ona. Baxtsiz qiz – iqbolsiz ona. Oila mehr nuridan mahrum xilqat. Qizlar beg'ubor bo'ladi. Qiz bolaning baxti – uning bilim olishida, fikrini erkin aytishida, sevib va sevilib yashashidadir.
Ayol kulsa, dunyo kular. Demak, u yig'lasa – dunyo tabassumlardan ayriladi. Eng katta fojia – yig'layotgan qizni ko'rib, hech kim bunga e'tibor bermayotganidir. Bu – umidlar ko'z yoshidir.
Oiladagi muammo ildizida ko'pincha bebaxt ayollar turadi. Baxtli jamiyat istasak, avvalo, har bir qiz qalbidagi bahoriy orzularni asrashimiz, unga mehr, muhabbat va imkoniyat berishimiz kerak. Har bir qiz, har bir ayol baxtli bo'lishga haqlidir!
Jasmina BAXTIYoROVA,
O'zbekiston Milliy universiteti
talabasi.