Buvimning ertaklari
Har bir qiz bola — kelajakdagi ona, tarbiyachi, jamiyat ustuni. Uning qanday ruhda, qanday muhabbatda voyaga yetgani butun hayoti davomida uning qarorlariga, fe'l-atvoriga va dunyoqarashiga ta'sir qiladi. Ayniqsa, qiz bolaning hayotida buvisining borligi — beqiyos maktab, tarbiya o'chog'i sanaladi.
Buvisi bilan ulg'aygan qiz mehr nimaligini erta anglaydi. Chunki buvi mehrni faqat beribgina qolmaydi, uni qanday asrash, qanday saqlash kerakligini ham o'rgatadi. Nonni ikki qo'l bilan sindirish, kattalarga salom berish, har bir so'zda mulohaza bilan gapirish — bular buvi ta'limining kundalik qismlaridir.
Buvi ertaklari, buvi duolari, buvi ko'ngli — qiz bolaning qalbida bir umrga iz qoldiradi. Buvi sabrni o'rgatadi, jim bo'lib tinglashni, ko'z bilan gapirishni, yurak bilan kechirishni o'rgatadi. Shuning uchun buvisi bilan ulg'aygan qizlarda sokinlik, mehribonlik, sabr-toqat ko'proq bo'ladi.
Buvisiz ulg'aygan qiz — zamonaviy, ammo… ba'zan yolg'iz.
Bugungi zamonaviy oilalarda ko'p hollarda buvilar, momolar biroz chetda qolayotgandek. Qiz bola onaning tarbiyasida ulg'ayadi, lekin buvisi bergan hayotiy donishmandlikdan, qadriyat saboqlaridan bebahra qoladi. Bu esa ba'zida ko'rinmas bo'lsa-da, qiz bolaning fe'l-atvorida, hayotga munosabatida seziladi.
Ehtimol, buvisiz ulg'aygan qiz ko'proq mustaqil, zamonaviy fikrli bo'lishi mumkin. U ko'proq axborot vositalari, maktab va internet orqali shakllanadi. Biroq bu yo'lda unga yetishmaydigan jihatlar bor — yurakdan chiqqan nasihatlar, muqaddas sabr va qadimiy xotiralar asosida qurilgan tushunchalar.
Buvi — o'tmish bilan bugunni bog'lovchi ko'prik.
Buvi — tarix, urf-odat, milliy qadriyatlar timsoli. Qiz bola buvisi orqali o'z ildizlarini his qiladi. O'zbekchilik, or-nomus, hayoli muomala, bosiqlik kabi xislatlar aynan buvijonisi orqali yurakka singadi. Buvisiz ulg'aygan qiz bu qadriyatlarni ataylab o'rganmasa, ular asta-sekin unutilib boradi.
Har bir qiz alohida olam. U buvisi bilan ulg'aydimi yoki yo'qmi, muhim jihat — unga mehr berish, qadriyatni o'rgatish, uni jamiyatga foydali shaxs sifatida voyaga yetkazishdir. Ammo buvining o'rni — ajralmas, o'rnini hech narsa bosa olmaydigan maskan. Har bir buvi xazinadir. Bu xazinani qiz bolaga erta ochish — eng go'zal tarbiya sabog'idir.
Maftuna ZULFIQOROVA,
O'zbekiston Milliy universiteti talabasi.
